Asror Aliqulov: Shartnomam yil oxirigacha, Superliga klubidan taklif bor

  • 8 dekabr, 2020, 17:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mash’al” klubi O‘zbekiston kubogi 1/8 final doirasida “Sho‘rtan”ni 3:1 hisobida mag‘lub etib chorak finalga yo‘l oldi. Bellashuvdan so‘ng, g‘uzorliklar ustozi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Bugungi o‘yin to‘g‘risida nima deya olasiz?

- “Mash’al” Superliga jamoasi ekanligi va hech qanday bosim bo‘lmasligi, ammo sekin o‘ynasak va fikrlasak qiyin bo‘lishini futbolchilarimizga uqtirgandik. Superliga bilan pro-ligada farq juda sezilarli. Lekin yigitlarimizning maydondagi harakatlaridan qoniqish hosil qilsak bo‘ladi. Xatolarimiz ko‘p bo‘lsa-da, kurashuvchanlik jihatdan jamoamiz o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi.

- Gol urgan futbolchingizni almashtirib yubordingiz. U charchab qoldimi yoki o‘yinidan qoniqmadingizmi?

- U bizda asosiy tarkib o‘yinchisi. Yil davomida to‘p surib keldi. Mavsum oxiriga kelganda toliqish sezilib qoldi. Himoyada sustkashlik bo‘lganida uni yordam berishiga kuchi ham etmay qoldi. Hujumga o‘tish jarayonida ham ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi.

- “Sho‘rtan” birinchi bo‘lib gol urdi va keyin uchta to‘p o‘tkazib yubordi. Bu ligalar o‘rtasidagi saviya bilan bog‘liqmi?

- Birinchi navbatda saviya bilan bog‘liq. Chunki Superliga futbolchilarining fikrlashi va jismoniy holati yaxshiroq. “Mash’al”ning bir qator futbolchilari yaqqol ajralib turishdi. “Mash’al”ning saviyasi balandligi ularning yutug‘i bo‘ldi.

- “Sho‘rtan” endi qishki tanaffusga chiqadi. Jamoa qachondan yig‘iladi?

- Buni oldindan aytish qiyin. Hal qilinadigan ishlar bor. Qachon to‘planadi, qaysi tomonga o‘zgarish bo‘ladi, ko‘p narsa shunga bog‘liq.

- Klubda qolasizmi?

- Shartnomam yil oxirigacha. Avvalo, boshqalar singari ta’tilga chiqib, biroz dam olmoqchiman.

- Boshqa klublardan takliflar bo‘ldimi?

- Takliflar bor.

- Aynan qaysi jamoadan? Superligadanmi?

- Ha, Superliga klubidan bor. Lekin avval biroz hordiq chiqaramiz. Chunki yil biz uchun juda og‘ir keldi. Boshida hammasi o‘z qo‘limizda edi. Kuchli to‘rtlikda esa juda yomon o‘yinlar ko‘rsatdik. Futbolchilarni biriktirish tomonlama ham qiyin bo‘ldi. Oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmaganimiz qaysidir tomonlama jamoaning birlashmagani bilan ham bog‘liq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!