
Bahodir Jalolov Dubayda jang qiladi yoxud “Probellum” rasmiylari yurtdoshimiz haqida qanday fikrda?
Hamyurtimiz Tokio Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolovning professional boksda navbatdagi jangining sanasi ma’lum bo‘ldi. U 11 dekabrda Dubayda ringga ko‘tariladi.
Bu borada jang kechasining asosiy tashkilotchisi “Probellum” promouterlik kompaniyasining rasmiy saytida so‘z yuritildi.
Olimpiada o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov 11 dekabr kuni “Probellum” kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan boks oqshomida professional boksdagi navbatdagi jangini o‘tkazadi. Oqshom Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi " Coca-Cola Arena" da bo‘lib o‘tadi.
Professional boksda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan o‘zbekistonlik Bahodir Jalolov Tokio Olimpiadasidan keyin “DiBella Entertainment” hamda “Probellum” promouterlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan boks kechasida navbatdagi jangini o‘tkazadi.
27 yoshli Jalolovning obro‘si o‘sishda davom etmoqda va u endi ikkita chempionlik tituli yo‘lidagi jangni o‘z ichiga olgan, professional boks kechasida o‘z iste’dodini namoyish etadi.
2019 yilgi jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Jalolov koronavirus tufayli bir yilga kechiktirilgan Tokio Olimpiadasida amerikalik Richard Torresni ochkolar bo‘yicha ortda qoldirib, g‘alaba qozondi.
"Professional boksdagi faoliyatimga qaytganimdan juda xursandman, bu mening ustuvor vazifam bo‘ladi, chunki bu mening Olimpiadadan keyingi uzoq muddatli maqsadimning asosiy qismini o‘z ichiga oladi. Dubayda jang qilish – qo‘shimcha bonus va eng zo‘r bo‘lishim uchun mas’uliyat bor, chunki u erda allaqachon ko‘plab muxlislarim borligini va tadbirda ko‘plab o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislar ishtirok etishini bilaman.
Jalolovning menejeri Vadim Kornilov qo‘shimcha qildi: “Biz Bahodir Jalolov Dubaydagi yirik tadbirda ishtirok etayotganidan juda xursandmiz. Bu Jalolovning Olimpiadadagi muvaffaqiyatidan so‘ng birinchi professional jangi bo‘ladi va biz uning muxlislar yodida qoladigan natijasini intiqlik bilan kutamiz”.
Jalolovning promouteri Lou DiBella shunday dedi: “Olimpiada o‘yinlarining superog‘ir vazn toifasida amaldagi oltin medali sohibi Bahodir Jalolov eng yirik havaskor bokschisi bo‘lib kelgan. “Big Uzbek” 27 yoshda va professional natijasi 8-0 (8 KO). Gavdasiga nisbatan odam uchun g‘ayrioddiy kuch va chaqqonlik bilan professional yo‘nalishdagi bo‘lajak jahon chempioni 2022 yilda og‘ir vazn toifasidagi reytingda yuqoriga ko‘tarilishga tayyor. U 11 dekabr kuni Dubayda o‘z professional faoliyatini davom ettirayotganidan xursandman va minnatdorman”.
"Biz Bahodirni ajoyib kardga qo‘shganimizdan juda xursandmiz", - deya qo‘shimcha qildi kuni “Probellum” prezidenti Richard Shefer.
“Bahodir nafaqat Olimpiada oltin medali sovrindori, balki u shu kunga qadar professional faoliyatida mag‘lubiyatga uchramagan va biz uni " Coca-Cola Arena" dagi jangini tomosha qilishni intiqlik bilan kutamiz. Ushbu tadbirga tashrif buyurgan muxlislar, shubhasiz, yuqori sifatli jang harakatlaridan zavqlanishadi”.
Mazkur jang kechasida 50.8 kg vazn toifasi vakili Sanni Edvards o‘ziga tegishli bo‘lgan, IBF kamarini Jeyson Mamaga qarshi, 53.5 kg vaznda Jon Riel Kasimero esa WBO chempionlik kamarini Pol Batlerga qarshi jangda himoya qiladi.
Jang kechasi uchun tasdiqlangan boshqa yulduzlar orasida Donni Nites, Archi Sharp va Jono Kerroll, shuningdek, BAA vakillari Sulton Al Nuaimi va Fahad Al Blushi bor.
Fikrlar