
Bahrom Haydarov: "O‘zim Bubanyaning xizmatidan voz kechdim, chunki..."
Superliganing 22-turida elitada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Turon” hamda “Surxon” jamoalari Yaypanda o‘zaro bellashishdi.
Ushbu o‘yinda g‘alaba ikkala jamoaga ham juda zarur edi. O‘yin o‘z nomiga yarasha o‘ta murosasiz tarzda kechdi. Mana shunday qarama-qarshilikda g‘alaba hech kimga nasib qilmadi.
Jamoalar mehnatlariga yarasha faqat durang bilan kifoyalandilar. Lekin safarda o‘ynagan “Surxon” uchun bu yomon natija emas.
Uchrashuvdan keyin termizliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov Sports.uz muxbiriga bellashuv borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- “Surxon”ning “Turon”ga qarshi o‘yini ikkala jamoa uchun juda muhim edi. Mana shunday o‘ta murosasiz bahsda qayd etilgan durangdan qoniqdingizmi?
- Albatta, bugun uch ochko olganimizda zo‘r bo‘lardi. Ammo bir ochko ham hozirgi holatda yomon emas. Oxiriga borganda bir ochko ham ko‘p narsani hal qilishi mumkin-da. Shuning uchun nolimasligimiz kerak. Bugungi qiyin uchrashuvda bir ochko olganimizni yaxshi natija, deb hisoblayman. Maydonda juda og‘ir o‘yin bo‘ldi. “Turon” klubi uchun ham har bir uchrashuv oxirgi o‘yindek o‘tyapti. Boisi, ularda hali ham nazariy jihatdan Superligada qolish uchun imkoniyati bor. Tabiiyki, bizga qarshi bellashuvda raqib jamoa ham yutuq uchun maydonga tushgandi. Agar tarkibi kuchsiz ham bo‘lsa ham mayli edi. Ammo “Turon” kuchsiz jamoa emas. Shu boisdan yaxshi natija bo‘ldi deb o‘ylayman.
- Demak, bosh murabbiy sifatida bugungi o‘yindagi durangdan rozisiz?!
- Ha. Futbolchilarimiz o‘z kuchiga ishonib boryapti. Birinchi davraga nisbatan ikkinchi davrada ko‘proq ochkolarni yig‘ib boryapmiz. Bugungi bellashuvda hisob tenglashgach, durangni ushlab qolish uchun o‘ynamadik. Shunchaki, futbol o‘ynadik. Yo ular, yo biz yutishimiz kerak edi. Jamoamizning ruhiyati yaxshi. Bu chindan ham futbolchilarning o‘z kuchiga ishonchi oshganini bildiradi.
- U holda durangni “Surxon” uchun g‘alabaga tenglashtirsa bo‘ladimi?
- G‘alabaga tenglashtirsa bo‘lmaydi-yu, teng o‘yin bo‘ldi. Maydonda ikkita teng jamoa kuch sinashdi. Natijada ochko ham bo‘linib ketdi. Bugun uch ochko olsak bo‘lardi, ular ham oxirida gol urib g‘alabani ilib ketishlari mumkin edi. Kim vaziyatlardan foydalansa, uch ochkoga ega chiqardi. Ikkala jamoa ham bittadan gol ura oldi xolos. Durang adolatli bo‘ldi.
- Ko‘pchilik “Surxon” darvozaboni Rustam Nortojievning o‘yini haqida iliq gaplarni aytishyapti. Bugungi uchrashuvda shaxsan siz uchun eng yaxshi futbolchi kim bo‘ldi?
- Masalan, Murod Bobojonovni ham ko‘rishsin. Ekspretlar bo‘lsa, yarim himoyachilarimizni ham ko‘zdan kechirishsin yoki himoyachilarimizni. Jamoamizdagi hamma eng yaxshi futbolchiga munosib. Shular qatori Rustam Nortojiev ham o‘z vazifasini a’lo darajada bajardi. 3 yoki 4 ga emas, 5 baho. Butun jamoa yaxshi o‘ynadi. Hammasiga 5 baho, jamoamiz eng yaxshisi bo‘ldi.
- “Turon” Superligani tark etish uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Bu jamoa haqida nima deya olasiz?
- Turnir jadvaliga qarasak va ochkolarni hisoblasak, asosiy da’vogarlardan biri “Turon”. Lekin tarkib va o‘yin bo‘yicha yaxshi, bugun ham shunday bo‘ldi. Imkoniyatlarni yaratishdi, faqat foydalana olmadilar. O‘tgan turda “Qizilqum”ga qarshi o‘yinini ko‘rib chiqqandik. O‘shanda ham imkoniyatlardan foydalana olmagandilar. Kim kuchliroq bo‘lsa, ochkolar olib turnir jadvalida yuqori pog‘onalarda yurishibdi.”Turon”ni 5-o‘rindagi jamoadan kamchilik joyi yo‘q. Qandaydir omad etishmayapti. Oldinda yana to‘rtta tur bor. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. O‘zimiz ham hali vazifamizni bajarganimiz yo‘q, osilib turibmiz.
- Bugungi durangdan keyin “Surxon” Superligada qolish vazifasini necha foizga bajardi, deb o‘ylaysiz?
- Hammada imkoniyat bor. Barchasi jamoalarning o‘ziga bog‘liq. To‘g‘ri, uchta o‘yinimiz o‘z uyimizda bo‘ladi. Qolaversa, yana bitta zaxira o‘yinimiz ham bor. Lekin biz hali bu o‘yinlarni o‘ynashimiz va yutishimiz kerak. Qolgan klublarga ham omad tilayman. Ammo o‘ylaymanki, biz ulardan o‘tib ketishimiz kerak. Agar “Turon” bilan uchrashuvda uch ochko olganimizda 10-o‘ringa chiqib olardik.
- Serbiyalik futbolchi Vladimir Bubanyaning klubdan ketgani “Surxon” uchun katta yo‘qotishmi?
- Ikkinchi davradani jamoani boshqarishga kirishgan bo‘lsam, o‘zim Bubanyannig xizmatidan voz kechdim. Jasur Yoqubov, Xusniddin G‘ofurov kabi mahalliy o‘yinchilarimiz markaziy himoyada Bubanyaga qaraganda yaxshiroq o‘ynashyapti. Bu keyingi uchrashuvlarda ham sezilyapti. Darvozamiz daxlsizligini saqlab qolayotgan o‘yinlarimiz bo‘lyapti. Yaxshi himoyalanyapmiz. O‘ylaymanki, to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Uning ketishi katta yo‘qotish bo‘lgani yo‘q.
Fikrlar