“Barsa”ga keraksiz Koutino qaerda o‘ynashi mumkin? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Katta pullar evaziga “Barselona”ga o‘tgan Filippe Koutino kataloniyaliklar safida o‘z o‘rnini topa olmayapti. Dunyoning eng qimmat uchinchi futbolchisi “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinda jamoasining dastlabki golini kiritdi va 2018-yil oktyabrdagi “El Klassiko”dan keyin La Ligadagi dastlabki golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘shandan beri atigi to‘rtta gol urdi. Shundan uchtasi Qirol Kubogiga, bittasi Chempionlar Ligasiga to‘g‘ri keladi.
O‘z tarkibida bunday iqtidorli futbolchining shuncha payt o‘tib gol urishi yomon holat albatta. Noyabr boshida jarohat olguniga qadar uning sport formasi ham maqtagulik emasdi.
Uning “sariq suv osti kemasi”ga qarshi o‘ynagan dastlabki 30 daqiqasi ancha yodda qoldi. Hatto gol urishga ham erishdi. Bunday o‘yin ko‘rsatayotgan futbolchiga to‘lanayotgan pul mantiqsizdek. Naq 105 million funt, bu hali turli bonuslar bilan 142 million funtgacha oshishi mumkin. Qisqa vaqt ichida u eng qimmat omadsiz transfer egasiga aylanishga ulgurdi. “Ko‘k-anorranglilar” bunday futbolchi bilan yozda xayrlashsa kerak. Agarda shunday bo‘lsa, uning navbatdagi manzili qaer bo‘ladi?
Orzu: “PSJ”
Uning eng yaqin do‘sti Neymar allaqachon “PSJ” ramziga aylanib ulgurdi. Shu tufayli uning Parij klubiga o‘tishi ancha jozibador bo‘lishi mumkin. Boz ustiga Neymardan tashqari bir qator braziliyaliklar – Tyago Silva, Markinos va Dani Alveshlarning ham borligi Parijdagi hayot tarziga ko‘nikishdagi qiyinchilik ancha kamayadi. Shuningdek, parijliklar har yili Chempionlar Ligasining kamida nimchorak finalida o‘ynashmoqda.
Orzu: “Yuventus”
“Keksa sinora”ning A Seriyadagi hukmronligi hali beri tugamaydigandek. Qolversa, ular tarixiy buyuk jamoalardan biri hisoblanadi. “Byankonerilar” uchun o‘ynash albatta har qanday futbolchi uchun orzu. Tarkibida Kin va Dibala kabi iqtidorlarga ega “Yuve” va A Seriyaning futbol havosi Koutinoga ancha mos tushadi.
Haqiqat: “Manchester Yunayted”
Koutino dunyo saviyasidagi iste’dodli futbolchi, shu bois “MYu” uni o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgani bor gap. Ed Vudvord biror superyulduzni olib kelishga majbur. Garchi braziliyalik futbolchining Kataloniyadagi ishlari unchalik qovushmayotgan bo‘lsada, uning transferini amalga oshirishni istaydiganlar topilishi tayin. “Qizil iblislar”da esa pul bor. Muhimi shu, qolganini mutasaddi rahbarlar kelishib olsa bas.
Haqiqat: “Chelsi”
Kelayotgan yozda Eden Azar “Real Madrid”ga o‘tadigan bo‘lsa, “ko‘klar” hujumning chap qanotida birorta yulduz futbolchiga ehtiyoj sezadi. Ancha ijodkor yarim himoyachi bunday rolga juda mos tushadi. Raqib himoyasini buzib kirishda qisqa paslarni mohirona uzata oladigan futbolchiga ehtiyoj ortib boradi.
Djoker: “Real Madrid”
Buning amalga oshishi juda qiyin masala, ammo bordi-yu “Real” bunga urinib ko‘rsachi? Buning uchun madridliklar azaliy raqiblarining g‘aznasini ancha to‘ldirib berishlari kerak bo‘ladi. Ammo Zinedin Zidanning jamoaga qaytishi va o‘yin uslubi Koutinoni yana jahonning eng kuchli futbolchisiga aylanishida yordam beradi.
Djoker: “Liverpul”
Ketgan joyingga umuman qaytma deyishadi, ammo har doim hammi? “Liverpul” Koutino ketgach, uning o‘rnini birortasi bilan to‘ldira olmadi. Ammo “qizillar”ning u ketgach o‘yin uslubini o‘zgartirgani tufayli sobiq jamoasiga qaytishi ehtimoli kam. Biroq chempionlik poygasida kurashayotgan Klopp jamoasiga Koutinoning yordami etmayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Balkim, uni yana sobiq jamoasida ko‘rarmiz?
Fikrlar