
"Barselona" italiyalik yarim himoyachini kuzatmoqda
"Barselona" klub bir necha oydan buyon Sandro Tonalini kuzatishda davom etmoqda.
"Mundo Deportivo" nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, "ko‘k-anorranglilar" "Nyukasl" safida o‘ynayotgan italiyalik yarim himoyachi Tonalini kuzatib bormoqda. Klub texnik xodimi Andrea Manchini futbolchini batafsil o‘rganmoqda va hozirgacha olingan hisobotlar juda ijobiy.
Sandro 70 million evroga APL klubiga o‘tgan va 10 oy davomida futbol o‘ynamasdan keyin asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Bir necha kundan buyon esa uning A Seriyaga qaytishi haqida mish-mishlar bo‘lsa-da, futbolchining agenti Angliyada qolishini tasdiqladi.
Kataloniyaliklar futbolchini avval ham sotib olishga harakat qilgan. 2020 yilda "Barsa" 65 million evro va ikkita yosh futbolchi taklif qilgan, ammo kelishuv amalga oshmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 24 yoshli xavbek joriy mavsum 35 ta bellashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 45 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar