
"Barselona" transformatsiyasi! Xuddi o‘sha futbolchilar bilan umuman boshqa jamoa
O‘tgan mavsumlardagi “Barselona”ning muvaffaqiyatsizligiga doim kam resurslar muammosi sabab qilib ko‘rsatilardi. Xavi matbuot anjumanlarida buni qayta-qayta aytar, Laporta ham qisman klubdagi moliyaviy inqirozni tushunib, unga haddan ziyod katta yuklamalar qo‘ymasdi. Misol uchun, “Barselona” Xavi boshqaruvida hatto ikki mavsum Evropa ligasida o‘ynadi. Chempionlar ligasida guruhdan chiqqan o‘tgan mavsumda esa uzog‘i chorak finalgacha bordi. Bir marotaba La Ligani yutdi, ikki marotaba esa “Real” Ispaniya chempioni bo‘ldi. “Barselona”dek klubga asosiy raqobatchisi oldida bu qadar zaiflik yaqin yillarda kuzatilmagan holat edi. Hattoki, “Real” ketma-ket uch marotaba EChLni yutgan mavsumlarda ham “Barselona” La Ligada va “el-klasiko”larda o‘z imidjini saqlab qolgan holda, ishtirok etardi. Rahbariyat Messidan keyingi davr va moliyaviy inqiroz fonida bu natijalarni qabul qilishga majbur edi.
Xavining o‘zi ketishni istagani va Laporta bilan ham bo‘lgan kichik kelishmovchiliklar sabab Xavi proekti to‘xtadi. Jamoani intizomni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi, “Bavariya” bilan katta sovrinlarni yutgan (trebl qilgan) Xans-Diter Flik qabul qilib oldi. Unga murabbiy sifatida baho berish biroz qiyin edi. Sababi, unda ushbu sferada o‘ta katta tajriba yo‘q edi. Ya’ni u “Bavariya” bilan hammasini yutgan, biroq Germaniya terma jamoasida biroz muvaffaqiyatsiz faoliyat olib borgan. Aytadigan bo‘lsak, u Anchelotti, Gvardiola, Tuxel yoki Luis Enrike kabi ko‘p yillik tajribaga ega “premium klass” murabbiylar sirasiga kirmas, ammo shunga juda yaqin tip edi. Biroq ushbu mavsumdan keyin katta ehtimol u aniq “premium klass” sinfiga kiritiladi. Agar hozirdanoq kirgan bo‘lmasa...
Mavsum avvalida u “Barselona”ni qabul qilib olgan paytda vaziyat biroz chigal edi. Klubning moliyaviy holati sabab katta transferlar qilishning imkoniyati yo‘q edi va faqatgina Dani Olmo va Pau Viktor transferi amalga oshdi. Shuningdek, klubni kutilmaganda Ilkay Gyundogan tark etdi. Pedri, de Yong, Arauxo va Kristensen kabi etakchilar jarohati bois mavsum avvalini o‘tkazib yuborayotgandi. Flikning o‘zi La Liga startidan avval bor resurslardan maksimal foydalanishini va jamoada ancha sifatli ijrochilar borligini ta’kidlagandi. Muhimi, uning o‘zi umidsizlikka tushmayotgandi. Klub mavsum startini yaxshi o‘tkazdi. La Ligada ketma-ket g‘alabalar, ammo EChLda 1-turdayoq “Monako”ga mag‘lub bo‘lgandi. Ilk “el-klasiko” 4:0’dan so‘ng “Real” bilan La Ligadagi farq ham ancha kattalashdi. Bu orada klub EChLda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgandi.
Aslida, Flik qo‘l ostidagi “qo‘rqinchli “Barselona” atamasini ma’lum 10 kunlikdan so‘ng ishlata boshladik. “Sevilya” 5:1, “Bavariya” 4:1 va “Real” 4:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan ketma-ket uchrashuvlardan so‘ng ko‘pchilikda nemis mutaxassisi qo‘l ostidagi “Barselona” haqida asosiy tasavvurlar shakllangandi. Biroq orada omadsizliklar ham kuzatildi. Noyabr va dekabr oylarida klub La Ligada ketma-ket ochkolar yo‘qotdi. Buning evaziga La Ligada “Real” va hatto “Atletiko” ularni quvib o‘tishni uddaladi. 2025 yil avvalida “Real” bilan La Ligada 7 ochkolik farq ham yuzaga keldi. Flikning ofsayd chig‘izini ushlash uslubi mazkur davrda hatto tanqid ham qilinayotgandi.
Aytish kerakki, “Barselona” 2024-2025 mavsumdagi jamiki muvaffaqiyatsizliklarini o‘sha noyabr va dekabr oyida jamlagan ekan. 2025 yilda klub ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Ispaniya chempionatida “Xetafe” va “Betis”ga qarshi uchrashuvlarda durang, qolgan barcha bellashuvlarda esa 3 ochko qo‘lga kiritildi. Ispaniya kubogida “Betis” va “Valensiya” ustidan yirik hisobdagi g‘alabalar. Yarim finalda esa asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lgan “Atletiko” mahv etildi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan finalda esa “Real” mag‘lubiyatga uchratildi. “Barselona” 2025 yilni bu qadar ko‘tarinki o‘tkazishi uchun yana bir turtki sifatida yil avvalida qo‘lga kiritilgan Ispaniya Superkubogi g‘olibligini ham aytsak bo‘ladi. Balki ilk sovrin va asosiy raqobatchi ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alaba (5:2) “Barselona”ning kayfiyatini haddan ziyod ko‘tarib yuborgan bo‘lsa, ajab emas.
Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, “Barselona” joriy mavsumda harakter nuqtai-nazaridan ham katta o‘sishga erishdi. Ha, biz bilgan Xavining “Barselona”si murakkab vaziyatlardan chiqishga qiynalardi. Flik qo‘l ostida yirik hisobdagi g‘alabalardan tashqari iroda namoyish etilgan holatlar ham ko‘plab topiladi. “Benfika”ga qarshi Evropa Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi bahs (4:2’dan 5:4), La Liga doirasida “Atletiko” (2:0’dan, 4:2) va “Selta”ga qarshi (3:1’dan 4:3) o‘yinlarda futbolchilarda oxirigacha kurashish xarakteri shakllanganiga isbot. Ayniqsa, “Selta” va “Atletiko”ga qarshi bellashuvlar La Ligada mavsum yakuniga yaqin sodir bo‘lgani va “Real” ularni quvib kelayotgani nuqtai-nazaridan olib qarasak, o‘ta ahamiyatli kambeklar bo‘ldi.
Hozirga qadar “Barselona” Flik qo‘l ostida ikkita sovrinni yutib bo‘ldi. Biroq eng ko‘p kutilayotganlariga hali erishilgani yo‘q. Oldinda La Liga va UEFA Chempionlar ligasi bahslari bor. Aslida, bu ikkisida ham (ayniqsa La Liga) shohsupaga yo‘l juda yaqin. “Barselona” so‘nggi bor 2015 yilda trebl qilgan. Shundan so‘ng jamoa biror marotaba bunga yaqin ham kelmadi. 10 yil o‘tdi va klub bunga juda yaqin. O‘yin uslubi, sport forma, kurashuvchanlik va futbolchilarda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch tomonlama olib qarasak, chindan ham shunday.
KARIM Xudayqulov
Fikrlar