
«Barselona» va «Real»ning «dushmani» oyoqqa turdi
Ayni damga kelib, «martaschilar» sayyoramizning eng barqaror klubiga aylandi. Diego Simeone bugungi kunda klubning har jabhada oldinga qadam tashlashi uchun sharoit yaratib bermoqda. Bugun ushbu klubga doir ijobiy omillar haqida so‘z boradi.
1.01 milliard evro
So‘nggi 10 yil ichida klub transferlardan shuncha sof daromad qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Ispaniyadagi mutlaq rekord summa. To‘g‘ri, «Barselona»da bu ko‘rsatkich 800 million evrodan ortiq, biroq buning 4/1 qismini Neymarning transferi tashkil qiladi. «Real»dagi 881 millionning 100 millioni Ronalduning Turinga ko‘chib ketishi bilan bog‘liq. Boz ustiga, so‘nggi yillarda jamoa transfer siyosatini o‘zgartirdi. «Barselona» va «Real» tarkibni kuchaytirish uchun 100 millionlik futbolchilarni sotib olayotgan bir paytda, «Atletiko» yiliga 300 million evro daromad ko‘rdi. Jamoa o‘z etakchilarini qo‘yib yuborgan bo‘lsa-da, tarkibning suyagini saqlab qolmoqda. Shu bois, klub pandemiyada qolganlardan ancha kamroq zarar ko‘rdi.
32 million evro
Bu Diego Simeonening maoshi. Shartnoma 2022 yilga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, murabbiy dunyoning eng katta maosh oluvchi mutaxassisi sanaladi. 2011 yildan beri jamoa bilan ish olib borayotgan Diego agar shartnomani uzaytirmoqchi bo‘lsa, maoshini keskin kamaytirilishiga rozi bo‘lishi lozim. Hozirgi kunda, Simeonening soliqlardan tashqari oylik maoshi 1,5 million evrodan baland.
87,5 foiz
Seyvlar sababli Yan Oblak «Atletiko»ni chempionlik sari etaklab kelmoqda. Bu mavsumda kiper darvozasi sari yo‘llangan 48 ta zarbaning atigi 7 tasini qo‘yib yubordi, xolos. Ularning ikkitasi avtogol bo‘lsa, yana bittasi penaltidan urilgan. Bundan ko‘rnib turibdiki, joriy mavsumda La Liga bahslarida Oblak o‘yin jarayonidan atigi 4 ta gol o‘tkazib yuborgan, xolos. Shunchaki fantastik natija! Hatto, PSJ posboni - Keylor Navasning ham statistikasi bundan ancha pastroq.
36 ta imkoniyat
Karrasko va Tripper jamoaning chinakam pleymeykeriga aylanib bormoqda. Bu yigitlardan biri FIFA tomonidan qattiq jazolangan bo‘lsa, ikkinchisi yaqinda Xitoydan qaytib keldi. Shunga qaramay, Simeone hujumlarni aynan ular orqali tashkil qilishda davom etmoqda. Boz ustiga, argentinalik mutaxassis sekin-asta Joao Felishni asosiy tarkibga joylashtirmoqda. Portugaliyalik iqtidor ham o‘tgan mavsumdagidan ancha ishonchli ko‘rinmoqda.
23 ta futbolchi. Simeone sekin-asta yangi nomlar uchun yangi pozitsiyalar kashf etishga kirishdi. Hozirda, faqat Oblak o‘z pozitsiyasida 90 daqiqa to‘p surmoqda. Qolgan barcha futbolchilar boshqa pozitsiyalarda sinab ko‘rildi. Suaresni hujum ortida, Felishni markaziy hujumda, Karasskoni qanot himoyasida, Lemarni tayanch zonasida, Lorenteni markazdagi deyarli barcha qismida to‘p surganiga guvoh bo‘ldik. Umuman olganda, argentinalik murabbiy o‘z futbolchilarini universal bo‘lishini istamoqda. Bu esa, ayrim o‘yinlarda maydonning o‘zida yangi sxemaga o‘tish va vaziyatdan kelib chiqib, maydonda qaror qabul qilishda qo‘l kelishi aniq.
14 ta turda 11 ta gol - kiritgan Luis Suares «Barselona»dagi Messidan to‘purarlar poygasida o‘zib ketdi. U kuchli beshlikdagi barcha hujumchilar orasida 7-o‘rinda bormoqda. Aynan Suares «Atletiko»ning maydondagi asosiy motivatoriga aylanib bormoqda. Undagi g‘alabaga chanqoqlik, uzoq kutilgan chempionlikka olib borishi mumkin. Shu bois, Simeone aynan uning atrofida hujum uyushtirishga tirishmoqda.
6 ta gol va 4 ta assist - Markos Lorente ham sekin-astalik bilan futbolni zabt etishni boshladi. «Real»dan 30 million evro evaziga sotib olingan Markos 25 yoshgacha «Real»ning keraksiz futbolchisi edi. Endi esa, «Atletiko»da o‘zini topdi. Hatto terma jamoadan ham chaqiruv oldi. Undagi progress sababli, Simeone maydon markazida erkinroq harakat qiluvchi futbolchilarni maydonga tushirmoqda. Markos istalgan pallada tayanch zonasida paydo bo‘lishi, kerakli pallada hujumkor yarim himoyachiga aylanishi mumkin.
Har bir o‘yinda o‘rtacha 0,38 ta gol - o‘tkazib yuborayotgan «Atletiko» kuchli beshlikning eng yaxshi natijasini qayd etmoqda. «Matraschilar» himoyada bexato to‘p surish orqali, sekin-asta chempionlik uchun dadil qadamlar tashlashni boshlab yubordi. Evropada faqat Shotlandiya chempionati etakchisi «Glazgo»da bu ko‘rsatkich Madrid klubinikidan yaxshiroq.
E’tiborlisi shundaki, so‘nggi yillarda bir necha bor «Atletiko»ning tarkibi o‘zgarib ketdi. Falkao, Gabi, Godin, Miranda, Xuanfran, Kurtua, Luis Felipe, Diego, Turani bor paytda ham madridliklar agressiv futbol namoyish etar edi. Ularning o‘rnini boshqa futbolchilar egallaganda ham klub o‘z falsafasidan voz kechgani yo‘q. Tan olish lozim, bu uslubdagi futbol klubga Ispaniyadagi asosiy grandlarga qarshi kurashda qo‘l kelmoqda.
«Barselona» va «Real» tushib qolgan vaziyatdan unumli foydalanish va chempionlikni ilib ketish uchun Simeone qo‘lidan kelgan barcha ishni amalga oshirmoqda. «Real» va «Barsa» singari grandlari bor chempionatda g‘alaba qozonish oson emas, biroq bundan avval Diego bu ikki bor uddalagan. Avvaliga futbolchi sifatda, keyin murabbiy sifatida. Hozir unda 3 bor La Liganing oltin medallariga ega chiqish imkoniyati mavjud. Qahramonimiz hozir 51 yoshda. Uning naqd 15 yil umri «Atletiko» jamoasi uchun bag‘ishlandi. Bu yillarning samarasi o‘laroq, chempionlik tantana qilinsa, adolatdan bo‘ladi. Aynan uning kelishi Madrid klubi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Unga qadar, klub La Ligani 7-9 o‘rinda ham yakunlar, bunga hech kim hayron bo‘lmas edi. Hozir esa, «Atletiko»ning ochko yo‘qotishi, tur sensatsiyasiga aylanadi. Jamoadagi progress kishi ko‘zini quvnatmoqda.
Fikrlar