
Baxtiyor Ashurmatov: "Iste’foga chiqaman deb aytgandim..."
Lokomotiv” – “Qo‘qon-1912” (1:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugun yutmasak bo‘lmasdi. “Nasaf” bilan uchralgan mag‘lubiyatni juda og‘ir qabul qildim. O‘yindan keyin Ro‘ziqul aka Berdievni oldiga borib g‘alaba bilan tabriklamaganimni gapirganlar ham bo‘ldi. U vaziyat uchun uzr so‘rayman. O‘sha paytda juda qizishib turgandim. “Nasaf” to‘pni tepib yuborish kerak, degan fikrda edim. Ro‘ziqul akani juda hurmat qilaman. Shu bois nimadir gapirib yuborishdan qo‘rqdim. Ammo o‘yindan keyin gaplashib oldik. “Surxon” bilan o‘yin oldidan yigitlarga, bugun yutmasak iste’foga chiqaman, deb aytgandim. Qo‘qonlikman, bosh ko‘tarib yurib bo‘lmaydigan bo‘lib qolgandi. To‘g‘ri, tarkibimizda muammolar bor va bu muammolar bilan mag‘lubiyatga uchraganimizni gapirmagan bo‘lardim. Chunki biz tayanch yarim himoyachisiz o‘ynayapmiz. Oybek Rustamovda to‘rtta sariq kartochka bor. Dilshod Rahmatullaev qizil kartochka olgandi. Murod Xolmuhammedov bir yarim oydan beri jarohat bilan yuribdi. Shu bois muammolarimiz etarli edi. Ammo rahbariyatga minnatdorchilik bildiraman. “Surxon” bilan uchrashuvdan keyin iste’foga chiqaman desam, bu noto‘g‘ri yo‘l ekanini, vaziyatdan chiqib ketish mumkinligini aytib, menga ishonishlarini ta’kidlashdi. Bu esa menga qo‘shimcha katta kuch bag‘ishladi. Natijada hech nima haqida o‘ylamasdan keyingi o‘yinga tayyorlanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz, deb yigitlarga aytdim. “Surxon” bilan bosim ostida o‘ynagan bo‘lsak, bugun futbolchilarga erkinroq o‘ynashlarini, mehnat qilsak Xudo ham shunga yarasha taqdirlashini bildirdim. Uchrashuv og‘ir bo‘ldi. Yarim himoyamizda himoyaga asoslangan futbolchi yo‘q edi. Lekin o‘ylaymanki, Quvondiq Ro‘ziev bilan Javohir Sidiqov katta hajmdagi ishni bajarishdi. Oxirigacha kurashishdi. Murod Xolmuhammedovni qaytgani muxlislarni ham, bizni ham xursand qildi. Jamoamiz uchun katta ahamiyatga ega ekanini bugungi o‘yin ham ko‘rsatib berdi. Chunki “Surxon”ga qarshi uchta qulay standartlardan foydalana olmagandik. Murodning qaytishi jamoamizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.
Tan olish kerak, “Lokomotiv” mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Chunki ikkinchi bo‘limda ustunlik bilan o‘ynashdi. Korostichenko yaxshi jamoa tuzgan. O‘tgan yilga nisbatan o‘zgarish bo‘lgan. To‘g‘ri, bir xil darajada o‘yin ko‘rsatishmayapti. Ammo yaxshi taassurot qoldirishyapti. Bu o‘yin uchun “Lokomotiv” va o‘zimni futbolchilarimga jangovar uchrashuv uchun minnatdorchilik bildiraman. Bizga ishongan rahbarlarimiz va muxlislarimizga rahmat aytaman. Shu tempni saqlab qolsak, keyingi o‘yinlarda ham bemalol g‘alaba uchun o‘ynashimiz mumkin bo‘ladi.
- Oxirgi daqiqalargacha adrenalinga boy g‘alaba bo‘ldi. Birinchi goldan keyin jamoaga tajovuzkorlik etishmayotgandek edi...
- To‘g‘ri. Afsuski, biz yo‘q joydan gol o‘tkazib yubordik. Futbolchilarimga darvozamizga yaqin joyda ishonchli o‘ynash va to‘pni uzoqlashtirish kerakligi haqida aytaman. O‘zimizni xatoimiz evaziga gol o‘tkazdik. Bu gol “Lokomotiv”ga katta ustunlik berib qo‘ydi. Biz qarshi hujumlardan foydalanish imkoniyatiga ega edik. Biroq Bilol Toshmirzaev jarohat olib o‘yinni davom ettira olmadi. Jamshid Hasanovni esa yarim himoyaga surdik. Katta hajmdagi ishni bajarganligi sababli u ham qarshi hujumlarga o‘tishda qiynaldi. Natijada qarshi hujumlardan mahrum bo‘lib qoldik. Yarim himoyachilarimiz charchab qoldi. Jamshid Hasanovni o‘ng qanot himoyamizda muammolar bo‘lib turganligi bois shu pozitsiyaga qo‘ydik va bo‘shliqni yaxshi to‘ldirdi. Bizga ham g‘alaba zarur edi. Ikkita hujumchi bilan qoldik. Keyin qiyin vaziyatga tushib qolganimiz bois Xolmuhammedovni maydonga tushirib, markazni kuchaytirishga harakat qildik. Murodni tushirib katta tavakkal qildik. Bir oy davomida sog‘ligini tiklash bilan band bo‘ldi. Bugun jarohat olishi mumkin edi, ammo jamoaga tayyorligini bildirdi.
Bilasizmi, Murodni maydonda bo‘lishi barchaga ishonch bag‘ishlab turadi. Unga hech qanday bosim ham ta’sir qilmaydi. Natijada qiyin vaziyatda Xolmuhammedov orqali chiqib keta olamiz. O‘yin oxiriga kelib to‘p nazorati ham biz tomonga o‘tdi.
- “Lokomotiv” chempion bo‘lgan paytlarda ham “Qo‘qon-1912”ni yutolmasdi, bu noqulay raqib. Noqulay raqib degan tushunchaga qanday qaraysiz?
- To‘g‘ri aytasiz, o‘tgan yilgi mavsumda ham “Lokomotiv” bilan yomon o‘ynamagandik. Lekin o‘tgan mavsumda bizda ham, “Loko”da ham tarkib butunlay boshqa edi. Noqulay yoki qulay degan tushunchaga unchalik e’tibor qilmayman. O‘yin oxirida omadimiz kelgani yigitlarning oxirigacha kurashgani bilan bog‘liq.
- Bugun anchadan beri o‘yin amaliyotisiz qolayotgan darvozabon Islom Abdullaevni maydonga tushirdingiz. O‘yinidan qoniqdingizmi?
Muzaffar Abdullaev yomon o‘yin ko‘rsatmayotgandi. Ammo oxirgi paytlarda mag‘lubiyatga uchrab turganligimiz sababli Islom Abdullaevga imkoniyat berishga qaror qildik. Bitta gol o‘tkazib yubordi, ammo Xurshid Muxtorovni zarbani chiroyli tarzda amalga oshirganiga qoyil qolish kerak. Qolgan vaziyatlarda Abdullaev yaxshi o‘yin namoyish qildi. Faqat birinchi bo‘limda to‘pni oyog‘i bilan tepishda darvozamizdan u qadar uzoqlashtira olmadi. Natijada tezlik bilan “Lokomotiv”ning hujumlari uyushtirilishiga sabab bo‘ldi. Faqat shu holat bo‘yicha e’tiroz bor. Har bir darvozabonimizga ishonch bildirsak bo‘ladi. Bugungi o‘yin uchun murabbiylarning qarori o‘zini oqladi, deyish mumkin.
Fikrlar