Bektemir Meliqo‘ziev va Sergey Kovalyov jangida kimning imkoniyati yuqori? Boks mutaxassislari javob berdi

  • 17 dekabr, 2020, 15:26
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
TIGGO 2 PRO

Bugungi kunda O‘zbekiston professional boks olamidagi eng shov-shuvli voqea bu - Rio Olimpiadasi sovrindori Bektemir Meliqo‘zievning rossiyalik sobiq jahon chempioni Sergey Kovalyov bilan jang qilishi ekanligi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. 30 yanvar kuni Moskvada “Lujniki” arenasida ushbu to‘qnashuv sodir bo‘ladi. Ma’lumki, Sergey o‘z vaqtida WBA Super, IBF, WBO yo‘nalishlari chempioni bo‘lgan. Shuningdek, “Pound for pound”  reytingida ikkinchi o‘rinda ham qayd etilgan. Xullas, haqiqiy yulduz va ulkan tajriba egasi sanaladi. Bektemir Meliqo‘zievni esa yangi kelajak yulduzi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Bir so‘z bilan aytganda ajoyib jang bo‘ladi.

Biz ushbu to‘qnashuv haqida ularning imkoniyatlari borasida o‘zbekistonlik boks mutaxassislarining fikri bilan qiziqdik.

Zufar Sulaymonov – murabbiy

- Mazkur jang juda qiziq o‘tishi aniq. Chunki ulkan tajriba va ishtiyoq to‘qnashuvi bo‘ladi. Albatta, Kovalyov tajribali, o‘z vaqtining yulduzi, qisqa qilib aytganda juda jiddiy raqib. Biroq baribir yosh o‘z so‘zini aytadi. Bektemir esa yosh va tug‘ma iste’dod! Undagi kuchli zarba va ringni his qilishi qo‘l keladi. O‘ylaymanki, ushbu to‘qnashuvda Meliqo‘ziev g‘alaba qozonadi.

Zufar aka2

Azamat Murodov – jurnalist

- Jangga to‘xtalishdan oldin bir fikr aytmoqchi edim. 4 yil oldin (menimcha uncha katta muddat emas) Sergey Kovalyov yilning, balki o‘n yillikning eng kutilgan jangida Andre Uordga qarshi ringga ko‘tarilgandi. “Afina-2004” Olimpiya o‘yinlarida O‘tkirbek Haydarovni hakamlarning yaqqol yon bosishi evaziga “yutib”, o‘zbeklar qalbida alam qoldirib ketgan Uordga qarshi jangda Kovalyovga ikki hissa muxlislik qilganim esimda. Kovalyov ana shunday katta janglarda ishtirok etgan katta bokschi. Bir yilgina oldin ham, u bugungi zamonaviy boksning qiroli bo‘lib turgan “Kanelo”ga qarshi ringga chiqqan.

U minglab bokschi bolalarining kumiri bo‘lgan. U haqiqiy global darajadagi yulduz!  

Bektemir Meliqo‘ziev o‘zining professional boksdagi endigina 7-jangida mana shunday saviyadagi bokschiga qarshi ringga chiqayapti. Bunaqa yuqori darajadagi raqibga qarshi oxirgi marta Ruslan Chagaev ringga chiqqandi. Klichkoga qarshi, albatta. Ahmadalievning chempionlik kamarlariga chuqur hurmat saqlagan holda aytish mumkin, bu O‘zbekiston uchun professional boksning so‘nggi 10 yillikdagi eng muhim voqeyligi. Bektemir profboksda tajribasi yuqori bo‘lmasa-da, aynan mana shunday janglarga munosib bokschi. Arziydi. Mana shunday katta tavakkallarga borish, yangi chaqiruvlar izlash unga xosdir. O‘zbekistonda ikkita eng zo‘r bokschini ajratsak, uning bittasi so‘zsiz Bek “bezori”, balki eng zo‘ridir. Shuning uchun, aynan Bek bizni mana shunday katta janglarga yana qaytarayotgani mantiqli bo‘lsa kerak.

Bo‘lajak jang haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, oson bo‘lmasligi aniq. Aytganimdek, Kovalyov yoshi o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, bir yilgina oldin o‘z vaznida jahon chempioni bo‘lgan. Faqatgina “Kanelo”ga bu unvonni boy bergan. Shu ma’noda, Bektemirga juda qiyin bo‘ladi. Albatta bir yildan ortiqroq muddat jang o‘tkazmagan Kovalyovning yuqori sport formasida bo‘lishini kutish qiyin. Bundan esa, Meliqo‘ziev foydalanishi kerak. Alloh nasib etsa, u buni uddalaydi. Jangdan oldin bashorat qilmoqchi emasman. Tezroq shu kun kelishini va mazza qilib super jang tomosha qilishni istayman.

azamat

Mars Qo‘chqorov – murabbiy

- To‘g‘risini aytsam, menga azaldan Kovalyovning jang olib borish manerasi, taktikasi hech yoqmagan. Qolaversa, uning yoshi ham anchagina katta. Meliqo‘ziev yosh va eng asosiysi uning maqsadi pul ishlash emas, aksincha, natija ko‘rsatishdir. Bektemirda o‘ziga xos texnika va zarbalar bor. U Kovalyovni qiynab tashlaydi. Chunki Sergey bunday toifadagi bokschilarga duch kelmagan. Menimcha, jang oxiriga etib bormaydi. Sababi, Kovalyov zarba ham ko‘tara olmay qolgan. Muddatidan avval Bektemir g‘alaba qozonadi. Rossiyalik bokschi janglarga u qadar jiddiy tayyorgarlik ham ko‘rmay qo‘yganga o‘xshaydi. Meliqo‘ziev juda yaxshi hozirlik ko‘rmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Meliqo‘ziev yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, muddatidan avval g‘alaba qozonadi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim!

Mars aka

Mahmud Xo‘jaev – murabbiy

- Bektemir juda kuchli va ajoyib bokschi. Uning zarbalari kuchli, oyoqda ham juda yaxshi harakat qila oladi. Shuningdek, havaskor boksda ham ulkan tajribasi bor. Kovalyov ham havaskor yo‘nalishda Rossiya chempioni va yanglishmasam harbiylar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lganligini bilaman. Shunday bo‘lsa-da, baribir Meliqo‘zievning maktabi kuchli, deb bilaman. Kovalyov zo‘r bokschi. Bunga shubha yo‘q! Lekin so‘nggi vaqtda uning maqsadi pul ishlash bo‘lib qolgan. Chunki yoshi shuni taqozo qilmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Meliqo‘ziev uni muddatidan avval mag‘lub etadi.

max aka

O‘tkirbek Haydarov – murabbiy

- Bektemirning imkoniyati yuqori... Kovalyovning faoliyati hozirda orqaga ketgan. Bektemirda juda kuchli zarba bor va his qilish qobiliyati ham yuqori. Uncha-munchaga zarba o‘tkazmaydi va zarbani ham ko‘tara oladi. O‘ylaymanki, Bektemir g‘alaba qozona oladi.

utkir aka

To‘lqin Qilichev – murabbiy

- Jangning qaerda o‘tkazilishini ahamiyati yo‘q. U “Lujniki”da bo‘ladimi yoki AQShda... Shaxsan men Bekka ishonaman! U juda iqtidorli bokschi va yutqazishni xush ko‘rmaydi. Allohning inoyati bilan albatta, Bektemir g‘alaba qozonadi.

Tulyin aka

Jahongir Qurbonov – murabbiy

- Juda qiziq jang bo‘ladi. Kovalyovga Bektemirni juda noqulay raqib, deb bilaman. Kovalyov tajriba jihatidan ustun. Lekin Bektemirda jismoniy imkoniyat yuqori darajada. Bektemir yaqin masofaga tez kirib boradi va bu masofada juda yaxshi harakat qiladi. Kovalyovning jang olib borish uslubi esa ko‘proq havaskor yo‘nalishga hos ya’ni, uzoq masofadan “jeb” zarbalarda ko‘proq ishlaydi. Bektemirga bu uslub juda qulay, deb ayta olaman. Albatta, kim g‘alaba qozonadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Axir bu boks! Bu sport turida har qanday holat yuzaga kelishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Bekkka ishonchim yuqori. Foizlar hisobida 70/30 Bekning hisobiga.

jaxa kurbonov

Jalol Ahmedov – jurnalist

- Bektemir Meliqo‘zievga promouterlarning ishonchi katta. Professional faoliyatini boshlaganiga 1 yil bo‘lgan bokschi uchun Kovalyovdek raqibga qarshi jang berilishi kamdam- kam uchraydi. Bektemir zarbasi ancha kuchli bo‘lib, oyoq harakatlarini ham uyg‘unlashtira oladi. Kovalyov masofadan “jeb”larda ancha ustun. Ko‘p janglarida aynan ushbu “jeb” zarbalari unga muvafaqqiyat keltirgan. Bektemir bo‘y jihatdan biroz pastroq asosan, tana zarbalari unga ko‘proq kerak bo‘ladi va Bektemir bu ishni ajoyib uddalaganini oldingi janglarda ko‘rdik. Taxminimcha bu jangda Bektemir jangni muddatidan oldin yakunlashga harakat qiladi va buni uddalay oladi, deb o‘ylayman.

jalol_2

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!