
Belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 19-21 iyul kunlari Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 270 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etishdi.
Musobaqada o‘g‘il bolalar erkin va klassik yo‘nalishlarda o‘n uchta vazn toifalarida, qizlar esa erkin yo‘nalishda sakkizta vazn toifasiga g‘oliblik uchun kuch sinashishdi.
Reglamentga ko‘ra, g‘oliblar Nukus shahrida o‘tishi rejalashtirilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi belgilangan ushbu musobaqa murosasiz va shiddatli kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Ikki kunlik bellashuvlarda o‘z vazn toifalarida Abdulatif Nuridlinov (Navoiy), Diyorbek Narziev (Buxoro), Murodullaxon Habibullaev (Namangan), Sherzod Elboev (Toshkent v.), Nastarin O‘ktamova (Qashqadaryo), Gulsanam Rahmatillaeva (Namangan) singari kurashchilar barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilishdi.
Fikrlar