
Bilasizmi, pro-liga to‘purariga Superliga etakchilaridan biri ilgariroq jiddiy qiziqish bildirgan
“Neftchi” klubi pro-ligada har tomonlama tengsiz jamoa ekanligini isbotladi va birinchi bo‘lib barvaqt Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi. Shunga yarasha jamoa tarkibi ham mahoratli ijrochilardan tashkil topdi.
Ayniqsa, klubning serbiyalik hujumchisi Marko Obradovich haqida iliq fikrlar yangrayapti. U mavsum davomida hozirgacha raqiblar darvozasiga 12 ta gol urdi va musobaqa to‘purar bo‘lib turibdi. Aslida gollari ko‘proq edi, ammo “Oqtepa”ning musobaqadan chiqib ketishi evaziga ushbu jamoa bilan bog‘liq barcha natijalar ham o‘z kuchini yo‘qotdi.
Obradovich “Neftchi”ga mavsum boshida qo‘shilgan bo‘lib, shartnomasi yil oxirigacha mo‘ljallagan. Ushbu legioner haqida shuni aytishimiz mumkinki, u yurtimizga ilgariroq ham kelishi mumkin edi.
Gap shundaki, Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, Qarshining “Nasaf” klubi o‘z vaqtida Marko Obradovichning xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirgan. Biroq hujumchi o‘shanda Qozog‘istonga ketishni afzal ko‘rgandi. Lekin taqdir taqozosi bilan bu yilgi mavsumni O‘zbekistonda o‘tkazdi. Joriy birinchilikdan keyin unga yana aniq takliflar bo‘lsa ajab emas.
Fikrlar