
Bilasizmi, “Qizilqum” faqatgina bir marta “Olmaliq”ni safarda mag‘lub etgan xolos
Oliy liganing 7-turida “Qizilqum” safarda “Olmaliq” bilan kuch sinashadi. Ushbu bahs oldidan “Qizilqum” matbuot xizmati uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bu jamoalar milliy chempionatlarimiz tarixida hozirgacha o‘n sakkiz marotaba o‘zaro kuch sinashgan. Shulardan sakkiztasida navoiyliklarning qo‘li biland kelgan bo‘lsa, yana sakkizta bahs “Olmaliq” foydasiga yakunlangan. Qolgan ikki uchrashuvda esa durang qayd qilingan.
To‘plar nisbati bo‘yicha hozircha olmaliqliklar oldinda — 28:31.
O‘tgan yili navoiyliklar o‘z tarixida ilk marta safarda “Olmaliq”ni mag‘lub etishga erishgan. Yana bir qiziqarli jihat: o‘tgan yili Toshkent viloyati jamoasi sharafini himoya qilgan darvozabon Umid Xonimqulov ayni paytda “Qizilqum” a’zosi hisoblanadi.
Ayni paytda o‘tkazilgan oltita turdan so‘ng har ikkala jamoa o‘z hisobiga 7 tadan ochkoni rasmiylashtirgan. “Qizilqum” ayni paytda turnir jadvalining 9-pog‘onasida, “Olmaliq” 10-pog‘onada bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur bahsdagi g‘alaba tomonlarning turnir jadvalidagi holatini anchagina yaxshilashiga zamin yaratadi. Shu sabab uchrashuv keskin kurashlar ostida o‘tishi tabiiy.
Eslatib o‘tamiz, “Olmaliq”- “Qizilqum” uchrashuvi bugun, 22 aprel kuni OKMK stadiondi soat 18:00 da boshlanadi.
Fikrlar