Husanov qani? AQShning nufuzli sayti Oʻzbekiston yulduzlarini sanab, Abduqodirni inobatga olmadi

  • 23.05.2026 08:37
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

2026 yildagi jahon chempionati yaqinlashgani sari har to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga oid materiallar, maqolalar, tahlillar, prevyular ko‘payib bormoqda.

Xususan, AQShdagi manbalar ham mundialga keladigan terma jamoalar, murabbiylar, futbolchilar haqida turli ma’lumotlarni tarqatmoqda.

Amerikaning nufuzli va yuz yillik tarixga ega manbalaridan Times Union nashrlari bu galgi jahon chempionati debutantlari – Kabo-Verde, Kyurasao, Iordaniya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari haqida maqola chop etdi.

Sports.uz portali mazkur nashr jurnalisti Kira Santikolaning O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida bergan ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi:

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilgari jahon chempionatiga chiqa olmagan eng kuchli jamoalardan biri sifatida keng tanilgan. Mamlakat 1991 yilda mustaqillikka erishganidan keyin jamoa ketma-ket yetti marta saralash bosqichida omad­sizlikka uchradi – ko‘p hollarda juda kichik farq bilan yo‘llanmani boy berdi.

Qudratli jamoa doim qandaydir to‘siqqa duch kelardi. Ammo endi hammasi boshqacha bo‘ldi.

Yo‘llanma qanday olindi?

34 yillik omad­siz urinishlardan keyin “Oq bo‘rilar” nihoyat maqsadga erishdi va Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) saralashining uchinchi bosqichida o‘z guruhida ikkinchi o‘rindan joy olib, tarixdagi ilk jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbeklar 10 ta o‘yinda oltita g‘alaba, uchta durang qayd etib, faqat bir marotaba mag‘lubiyatga uchradi, safarda Qatarga qarshi bahsda 2:3 hisobida yutqazdi.

Qiziqarli fakt

O‘zbekiston FIFA jahon chempionatiga chiqqan Markaziy Osiyodagi ilk mamlakatga aylandi.

Yulduz futbolchilar

Eldor Shomurodov – jamoa sardori va terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib, 90 o‘yinda 44 ta gol urgan. Abbosbek Fayzullaev esa chaqqon va ijodkor pleymeyker bo‘lib, 2023 yil OFKning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekistonning barcha hujum harakatlarida asosiy kuch hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, shu o‘rinda Times Union ijodkorlari “Manchester Siti”  o‘yinchisi Abduqodir Husanovni nazardan qochirgan. 22 yoshli  markaziy himoyachi bugungi kunda yulduzlik darajasi va mashhurlik bobida Eldordan ham, Abbosbekdan ham o‘zib ketgan. 

Istiqlol

Jahon reytingida 50-o‘rinda turgan va mundialning “K” guruhidan joy olgan O‘zbekistonning haqiqiy kuchi raqiblar uchun noma’lum. Bu terma jamoa guruhdan chiqish uchun real imkoniyatlarga ega. O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi ilk mundialini Meksikadagi afsonaviy “Atsteka” stadionida Kolumbiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Keyin esa ularni Krishtianu Ronalduning boshchiligidagi Portugaliya va pley-offdan chiqqan Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalariga qarshi o‘yinlar kutib turibdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!