Birodar Abduraimov: Qani endi, terma jamoamizni Syomin boshqarganidami...
Xabaringiz bo‘lsa, yaqinda rossiyalik taniqli mutaxassis Yuriy Syomin sports.uz sayti uchun eksklyuziv intervyu bergandi. Unda o‘zbek futboliga doir bir qancha savollarga javob bergan mutaxassis Birodar Abduraimovga ham alohida to‘xtalib o‘tgandi.
Ilgari sobiq Ittifoq davrida unga qarshi raqib sifatida o‘ynagani va keyinchalik do‘stlashib ketgani xususida gapirgandi. O‘z navbatida Birodar Abduraimov o‘sha intervyudan keyin Yuriy Pavlovich haqida fikr bildirib, u bilan bog‘liq xotiralarni esladi.
- Yuriy Syomin avval, Moskvaning “Spartak” klubida o‘ynagandi, - deya gap boshladi Abduraimov. - U erda bir-ikki yilcha to‘p surganidan keyin, “Dinamo”ga o‘tib ketgandi. Ushbu klubda ko‘p yillar davomida faoliyat olib bordi. Boshqalardan past darajada o‘ynamagan. Futbolchilik faoliyatini tugatgach, uning murabbiylikdagi ishlari ancha samarali kechdi. Ilgari “Lokomotiv” Rossiyada o‘rtamiyona jamoa edi. Yuriy Pavlovich ushbu klubga kelgach, “Lokomotiv”ni oyoqqa turg‘azdi. Qator sovrinlarni olib berdi. Kievning “Dinamo”sida ham ishladi.
Endi u bilan bir-birimizni yaqinroq tanishimizga kelsak, Moskvada o‘ynab yurganimda o‘zim bilan birga tanishim Olimjon To‘xtaoxunovni olib ketgandim. O‘shanda u Syomin bilan dala-hovlisida qo‘shni bo‘lgan ekan. Shu bois rossiyalik murabbiy bilan bir-birimizni ko‘rganimizda salom-alik qilardik, uchrashganimizda, albatta, xursand bo‘lardik. Menga yoqmagan jihatiga kelsak, Syominni “Lokomotiv”dan bo‘shatishga harakat qilishdi. Vaholanki, murabbiy o‘z klubida natija ko‘rsatayotgandi. Bir uchrashuvda Syominni hurmat qiladigan, uning iste’fosiga qarshi chiqqan holda “Lokomotiv” muxlislari o‘yin boshlangach, 10 daqiqa o‘tib stadiondan chiqib ketishdi. Shundan keyin yarim mavsum o‘tmasdan mana endi o‘sha klub rahbarlari ham ketishdi. Yuriy Syomin katta hurmatga ega murabbiy. Shunday ekan, uning hurmatini joyiga qo‘yib kuzatish kerak. Baribir u yana murabbiylik ishini davom ettiradi. Hali kuch-quvvati, bilimi bor. Qaytanga, undan ko‘p narsalarni o‘rganish kerak. Mana, hozir “Lokomotiv” qaerda yuribdi? O‘z vaqtida undan kuchli murabbiy yo‘q edi. Rossiya terma jamoasida ham ishlaganini bilamiz. U erda Syominni muxlislari juda ko‘p. Haligacha qo‘shnisi Olimjon To‘xtaoxunov orqali Yuriy Pavlovichga salomimni aytib turaman. Qani endi, Syomin milliy terma jamoamizni boshqarganidami, natija ko‘rsatib berardi.
Birodar Abduraimov Syomin haqidagi munosabatini bildirib bo‘lgach, vaziyatdan foydalangan holda undan “Paxtakor”dagi o‘zgarishlar, Arveladzening ketishi va klubning keyingi rejalari xususidagi fikrlari bilan ham qiziqib ko‘rdik.
- Shota Arveladze “Paxtakor”da shuncha yil ishladi. U yanada o‘sishni xohladi. Unga boshqa qiziqarli takliflar bo‘lsa, qabul qiladi, albatta. Vaqti kelib, jamoani o‘zimizning mahalliy murabbiylar boshqaradi, deb o‘ylayman. Agar bu borada mendan maslahat so‘rashsa, o‘z fikrimni aytishim mumkin. “Paxtakor”ni kim boshqarmasin faqat muvaffaqiyat tilayman. Bilaman, klub doimgidek o‘z joyini topadi. Eng asosiysi, biz Osiyo Chempionlar ligasida o‘zimizni ko‘rsatishimiz kerak. O‘zimizni chempionatda nimanidir yutsangiz keyinchalik esdan chiqib ketadi. Osiyo maydonlarida ham “Paxtakor”ning muvaffaqiyat qozonish fursati etgan. Shunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish zarur, - dedi Birodar Abduraimov.
Fikrlar