
"Bizga har taraflama foydali bo‘ldi va yana pul ham berishyapti" - Jamshid Saidov Rossiyadagi turnir va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida
“Qizilqum” jamoasi Ekaterinburgdagi xalqaro turnirda ishtirok etib qaytdi. Finalda mezbon – “Ural” jamoasiga qarshi maydonga tushdi yagona gol evaziga navoiyliklar mag‘lub bo‘ldilar. Hozirda “Qizilqum” a’zolari qaytishgan va biroz xordiq chiqarishyapti. Shundan foydalanib, Sports.uz jurnalisti jamoa bosh murabbiyi Jamshid Saidov bilan suhbatlashdi.
- “Ural” klubi tomonidan uyushtirilgan xalqaro turnir uchun taklifni qabul qilishingizga asosiy sabab nima bo‘ldi va umuman qanday taassurotlar paydo bo‘ldi?
- Bu turnir bo‘yicha bizga may oyida taklif bo‘ldi. Biz bu taklifni darhol qabul qildik. “Ural” klubiga, viloyat gubernatoriga, barcha tashkilotchilarga rahmat aytmoqchimiz. Ular barcha sharoitlarni yaratib berishdi. Samolyot tekin, eb-ichish tekin, qo‘yingki, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilindi. Hammasi yuqori darajada bo‘ldi. “Ekaterinburg arena”ga kirganimizda yigitlarga bu erda jahon chempionatida Frantsiya o‘ynaganini eslatdim. Asosiy legionerlarimizga dam olishlari uchun uylariga ruxsat bergandik. Bu turnirda ko‘proq yoshlarga imkoniyat berdik. Ular ishonchni oqladilar. To‘rtta jamoa qatnashdi. Serbiya, Tojikiston, Rossiya va bizni jamoa. O‘yinlar yarim final va finaldan iborat bo‘ldi. Birinchi o‘yinda serblarni 3:0 hisobida yutdik. Finalda bizga biroz tajriba etishmadi. Uchrashuvni dastlabki 15-20 daqiqasida futbolchilar hayajonlanishdi. “Ural” tomonidan katta pressing bo‘ldi. Yaxshi legionerlari bor ekan. Bu klubga yana premer-ligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan. Lekin yomon o‘ynamadik.
- “Qizilqum”ga finalga chiqqani uchun tashkilotchilar tomonidan 30 ming dollar berildi, shundaymi?
- Ha, 1-o‘ringa 50 ming dollar, 2-o‘ringa 30 va 3-o‘ringa 20 ming dollar mukofot pullari ajratilgan. Bizga har taraflama foyda bo‘ldi. Xalqaro tajriba, yig‘in o‘tkazdik va yana pul berishyapti.
- U erda jamoa uchun yangi legionerlarni ko‘zdan kechirganingiz haqida eshitdik...
- Ha, legionerlar bilan gaplashdik. 16 iyuldan Toshkentda boshlaydigan yig‘inimizga 1-2 tasi kelishi mumkin. Hozir muzokaralar davom etyapti. Biz asosan osiyolik legionerlarni izlayapmiz.
- Finalda “Qizilqum” tarkibida Asror G‘ofurovning o‘ynaginini ko‘rdik. U jamoangizga o‘tdimi?
- G‘ofurov bizga qo‘shildi. Oxirgi paytlarda Bangladesh chempionatida to‘p surdi. Men uni yaxshi bilardim. Menga aynan tayanch zonasiga Asror kerak edi. Xudo xohlasa, uni olamiz.
- “Qizilqum”ni yozgi yig‘in tayyorgarligi qanday kechadi?
- 16 iyuldan Toshkent shahrida shug‘ullanishni boshlaymiz. 20-kuni “Andijon”, 23 iyul kuni “Aral” hamda 26-canada “Lokomotiv”ga qarshi maydonga tushamiz. Balki ularni orasiga yana bitta o‘yin qo‘shishimiz mumkin. 27 iyulga qadar Toshkentda yig‘in o‘tkazamiz.
- Legionerlar qachon etib kelishadi?
- 16 va 17 iyul kunlari qo‘shiladilar.
- “Qizilqum”ni Fayziev va Jo‘rabekov tark etishdi. Ulardan tashqari yana kimlar ketdi?
- Hozircha ikkalasi. Qolganlari hali aniq emas. Yangi mahalliy futbolchilar bilan gaplashyapmiz. Yaqin orada hal bo‘ladi.
- Birinchi davradan keyingi xulosalaringiz qanday va qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish zarur deb hisoblaysiz?
- O‘ylaymanki, birinchi davradagi ishtirokimiz yomon emas. 50x50 deyish mumkin. Boshida yaxshi boshlandi. Keyin omadsiz uchrashuvlar, duranglar qayd etildi. Keyin oxirida OKMKni yutdik va o‘yinchilarimizni ruhiyati ko‘tarildi. Bizga katta maqsad qo‘yilmagan. Jamoamiz infratuzilmasida samarali ishlar olib borilyapti. Birinchi davrani asosan safarda o‘tkazdik. Navoiyda shug‘ullanamiz va uy o‘yinini o‘tkazish uchun Qarshiga boramiz. Bu futbolchilarga ruhiy tomondan ta’sir qildi. Lekin aytganimdek, yomon emas. 10 talikka kirish uchun ikkinchi davrada tarkibni 4-5 nafar futbolchilar bilan kuchaytiramiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar