Bizga Ronaldu xalaqit qilyapti
“Manchester Yunayted”ning etakchi o‘yinchilari jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu qishki transferlar oynasi ochilishi bilan boshqa klubga o‘tib ketishini kutyapti.
The Sun nashrining ma’lum qilishicha, jamoadagilar Ronalduning mavsumoldi yig‘inlarini o‘tkazib yuborganidan va buning oqibatida jamoaviy o‘yinni shakllantirish qiyin kechayotganidan norozi bo‘lmoqda.
Bir yil oldin Ronaldu Manchesterga qaytishga qaror qilganida barcha o‘yinchilar xursand bo‘lgan edi. Lekin ular hozir portugaliyalik yulduz mavsumoldi yig‘inida qatnashmaganidan norozi.
- Bosh murabbiy Erik ten Xag futbolchilar qanday usulda o‘ynashini tushuntirish uchun juda ko‘p kuch sarfladi. Ronaldu maydondagi futbolchilarga qo‘yilayotgan talablarga javob berolmayapti. Ayniqsa, tezkorlik masalasida. U gol sezish qobiliyatiga tayanib qilgan, lekin Erik ten Xag qo‘llayotgan uslubda bu ish bermayapti, - deb yozmoqda Angliyaning mashhur nashri.
Manbaning ta’kidlashicha, niderlandiyalik murabbiy asosiy hujumchi sifatida Markus Reshfordga ishonch bildirmoqchi.

Fikrlar