"Boshida eronliklarning qiziqishini jiddiy deb o‘ylamagandim" - legionerga aylangan Azizbek Amonov 1,5 yillik shartnoma istagandi, "Istiqlol" esa...

  • 4 fevral, 2022, 20:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun hamyurtimiz Azizbek Amonov rasman Eronning “Istiqlol” klubi a’zosiga aylandi. O‘tgan mavsum “Lokomotiv” safida ancha yorqin o‘yin namoyish eta olgan futbolchimiz legionerga aylanish orqali faoliyatida oldinga yurish qildi.

Tecno

O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham o‘zini ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat berilayotganini bilasiz. Futbolchi tez orada Eronga jo‘nab ketadi. Safar oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Azizbek, sizni Eronning “Istiqlol” klubi a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz. Barchasi qanday yuz berdi?

- Miliy terma jamoamiz bilan Dubayda shug‘ullanayotgan paytimizda “Istiqlol”dan taklif bo‘ldi. Aslida ungacha ham bu haqida gap-so‘zlar bor edi. Keyin esa Dubayga kelgach, eronliklardan 100 foizli taklif tushdi. Meni shaxsan klub bosh murabbiyi xohlayotgan ekan. Boshida “Istiqlol”ning qiziqishini jiddiy deb o‘ylamagandim. Lekin murabbiy menga astoydil qiziqib qolgan ekan. Shundan so‘ng, taklifni ko‘rib chiqdim va oxir-oqibat kelishuvga erishdik.

aziz_1

- “Lokomotiv” jamoasi bilan yana bir yilga mo‘ljallangan shartnomangiz amalda mavjud edi. Qiziq, “Istiqlol” sizni sotib oldimi yoki ijaraga o‘tdingizmi?

- Mening ketishimga “Lokomotiv” ham rozi bo‘ldi. Ularning o‘rtasida nima bo‘lganini bilmayman. Ikkala klub o‘zaro kelishib olishdi. Qolgani menga qorong‘u.

- “Istiqlol” bilan qancha muddatga shartnoma tuzdingizmi?

- 2,5 yilga.

aziz2

- Odatda, shartnoma muddatlari bir yil yoki nari borsa bir yarim yilga tuzilishiga o‘rganib qolgandik. Ammo siz 2,5 yillik bitimga rozi bo‘ldingiz. Nima uchun?

- Eron klubi menga 2,5 yilga mo‘ljallangan shartnomani taklif qildi va ular shuncha muddatga kelishuv bo‘lishi talabini qo‘yishdi. To‘g‘risini aytaman, o‘zim 1,5 yillik shartnoma xohlagandim. Ammo “Istiqlol” 2,5 yilga shartnoma tuzilishini istadi. Shundan so‘ng muzokaralar olib bordik va yakunda men ularning taklifiga rozilik bildirdim.

- “Istiqlol” Eronning nomdor jamoalaridan biri. Faoliyatingizda endi yangi bosqich boshlanyapti. Shuni inobatga olsak, legioner sifatida to‘p surishga har tomonlama tayyorman deb ayta olasizmi?

- Yangi chaqiruvlarga tayyorman. O‘zimni legioner sifatida sinab ko‘rmoqchiman. Qani qanday bo‘larkin? Bu yog‘i Xudoga tavakkal. Inson baribir hech qachon 100 foiz tayyor bo‘la olmaydi. Bunday paytda Allohga tavakkal qilamiz. U erda qanday va nima bo‘ladi, bu menga qorong‘u. Ammo qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.

- “Lokomotiv” bilan xayrlashuv og‘ir kechmadimi?

- Jamoa bilan juda iliq xayrlashdik. Negaki, anchadan beri “Lokomotiv” safida to‘p surdim. Bu klub mening bir qismim bo‘lib qolgan. “Loko”da o‘ynadim, shu jamoa orqali ko‘tarildim.

aziz1_1

- Darvoqe, “Istiqlol”dan jiddiy taklif tushgach, bu jamoani kuzatishni boshladingizmi?

- Klubni surishtirdim. O‘yinlarini ko‘rdim. Eron chempionatida azaldan baquvvat futbolchilar to‘p surishadi. Ular oxirigacha kurashishadi. Ammo qachonki, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimdan so‘ng shu savolingizzga aniq javob aytishim mumkin. Televizorda ko‘rganim bilan hali buning farqini ayta olmayman.

- Yangi jamoangiz bosh murabbiyi bilan gaplashish imkoni bo‘ldimi?

- Murabbiy bilan bir marta gaplashdim. Seni “Istiqlol”da kutyapman, tezroq kelishingni xohlayman, yaqin orada ko‘rishamiz deb aytdi.

- Shu o‘rinda terma jamoamiz haqida ham so‘ramoqchi edim. Dubaydagi yig‘in ko‘ngildagidek o‘tdimi?

- Yig‘in yaxshi o‘tdi. Hamma futbolchilar bor kuchi bilan mehnat qilishdi. Bu yig‘in orqali yigitlar yaxshi sport formasiga kirib olishdi. Ko‘pchiligi chempionatga tayyor bo‘la oldilar. BAAdagi mashg‘ulotlarda bir necha kun futbolchilar birga bo‘ldik va bir-birimizni yaxshi tushunib oldik.

aziz3

- Terma jamoa bilan Dubayda shug‘ullanayotgan chog‘ingizda “Istiqlol”dan tushgan taklif xayolingizni chalg‘itib qo‘ymadimi?

- Taklif bilan asosan agentim shug‘ullandi. U erda mashg‘ulotlar o‘tkazayotganimizda ba’zi-ba’zida agentim menga ayrim ma’lumotlarni aytib turdi. Klub bilan muzokaralar qanday kechgani mening ishim emas. U paytda asosiy e’tiborimni terma jamoaga qaratgandim.

- Yangi klubga qanday maqsad uchun ketyapsiz?

- Yangi jamoamda yaxshi o‘ynab, o‘zimdan ijobiy fikr qoldirmoqchiman. Maqsadim shuki, o‘zbek futboli to‘g‘risida iliq taassurot qoldirish. O‘z vaqtida Server Jeparov ham u erda o‘ynagan va o‘zidan yaxshi nom qoldirishga erishgan.

- Endi Eron chempionatida sizdan ham ko‘proq jismoniy kuch talab qilinadi...

- Ha, buni bilaman. Ular ham odam, biz ham odam. Harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Aziz Yuldashev
04/02/2022 21:13
Адаш сенга омад ука, Эронда реклама қил ўзбек футболчиларини.
Baxil Alihuja
05/02/2022 10:33
Узбекистонда пахтаой жамоасидан кучли булса хам, хакамлар каршилиги хисобига чемпион булолмайдиган клубда уйнагандан кура, хориж клубида уйнагани яхши! термага хам осиёда хар йили шармандаси чикадиган пахтаой клуби аъзолари чакирилади. Локомотив клуби рахбарларига рахмат! Уйинчиларни куллаб-кувватланг, улар халкаро тажриба орттирса, футболимиз ривож топади. пахтаой рахбарияти булса, бошка клублардан тортиб олинган "юлдуз"ларига мбаппе ва холланд нархини сурайди.
Baxil Alihuja
05/02/2022 10:15
Эрон клублари бизникидан анча олдинда! Эронда шаффофлик биздан куп!