
"Bu bosh murabbiylikdan ham ko‘ra mas’uliyatliroq vazifa" - "Lokomotiv"ning yangi menejeri nimalar qilmoqchi?
“Lokomotiv” klubi Rufat Akramxo‘jaevni menejer sifatida ish boshlaganini e’lon qildi. U klub uchun mutlaqo begona emas. Bungacha “Lokomotiv” futbol maktabi direktori sifatida ishlab kelayotgandi.
Qolaversa, u jamoaning boshqa bo‘g‘inlarida, asosiy jamoa, o‘rinbosarlar va yana boshqa toifadagi tarkiblarida murabbiylik qilgan. Menejerlik lavozimiga tayinlangach, ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- “Lokomotiv” klubi menejeri sifatida ish boshlaganingizni eshitdik. Hammasi qanday sodir bo‘ldi?
- Ijobiy taassurotdaman. Menimcha, buni bosh murabbiylikdan ham ko‘ra mas’uliyatliroq vazifa deb hisoblayman. Bu erda faqat asosiy jamoa emas, balki o‘z toifasida boshqa jamoalar ham bor. Hammasini jipslab, relsga tushirib, yaxshi natijalarga erishtirish niyatim bor. Rahbariyat shunday taklif bilan chiqqandi va bu 2-3 oy oldin bo‘lgandi. Maslahatlashdik, nimalar yuklanadi, qanday yo‘nalishda ketamiz? Men o‘z fikrlarimni bildirganman. Aniq va ravshan vazifa qo‘yildi. Shak-shubhasiz birinchi maqsad – “Lokomotiv”ni Superligaga qaytarish. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratish darkor. Ayollar jamoasini ham yaxshi natijalar ko‘rsatishini ta’minlash, futzal, futbol maktablari kabi yo‘nalishlarda ham rivojlanishga erishish, o‘zimizdan iqtidorli yoshlarni ko‘paytirish kabi vazifalarimiz bor.
- Jamoada asosiy ishni nimadan boshladingiz?
- Har bir yo‘nalishdagi ishni o‘rganish muhim. Klubning selektsiya ishlarida ham ishtirok etyapmiz. Ayollar jamoasida biroz o‘zgarish bo‘ladi. Futzalimizni ham kuchaytirishga harakat qilamiz. Akademiyamiz va bolalar futboli maktabiga yanada jiddiyroq e’tibor qaratamiz. Maydonlarimiz bitib qolyapti. Futbol maktablariga topshirish arafasidamiz.
- Klubni boshqa viloyatga, ayniqsa Xorazmga ko‘chirish mumkinligi borasida ma’lumotlar bor. Ayni paytda bu holat bo‘yicha bizga qanday aniq gap ayta olasiz?
- Bu narsa o‘zidan-o‘zi bo‘lmagan. Matbuotda ham yoritildi. Lekin barchasi joy-joyida qoldi. Shuncha yil ichida “Lokomotiv”ni qo‘lga kiritgan yutuqlari bor. Kim nima desa ham muxlislariga ega bo‘lib boryapti. Hamma narsa birdaniga bo‘lmaydi. Klub 20 yoshga to‘ldi. Shu vaqt davomida jamoaning o‘z infrastrukturasi, muxlislari, qadriyatlari va an’analariga ega bo‘lyapti.
- “Loko”ning 2022 yilgi muvaffaqiyatsiz natijasi evaziga jamoaning faoliyatida ortga chekinish bo‘ldi. Bunga nimalar sabab?
- Savol men uchun noo‘rin. Albatta, “Lokomotiv”ning tushib ketgani achinarli bo‘ldi. Klubning maqsadi o‘z o‘rniga qaytish va oldingi mavqeini tiklash muhim vazifalardan biri, bu aniq va ravshan. Endi barchasi tarix. Rahbariyat xulosa chiqardi va oldinga intilishda davom etamiz. Omadsizlik haqida u yoki bu narsalar sabab desam noto‘g‘ri bo‘ladi.
- Jamoada selektsiya ishlari faol tarzda olib borilyapti. Yana yangi nomlarni ko‘ramizmi?
- 20 yanvarda Turkiyaga yig‘in uchun ketyapmiz. U erdan 3 fevralda qaytamiz. Bir qator nazorat uchrashuvlari bo‘ladi. O‘zim ham bosh murabbiy bo‘lganman, bu ishni tushunaman. Murabbiylar o‘z jamoasiga yana kimnidir olgisi keladi. Fikrimcha, tarkib 80 foizga shakllanyapti. Agar yaxshiroq variant chiqib qolsa, qaysidir pozitsiyaga qo‘shishimiz ehtimoli bor.
- Yana legioner olinadimi?
- Buni ko‘ramiz. Turkiyaga borib kelinganda ma’lum bo‘ladi. Bosh murabbiy ham talab qo‘yadi, ya’ni, mana bu pozitsiyani kuchaytirishimiz kerak yoki hammasi joyida deyishi mumkin. Hozirda murabbiylarni 80-90 foizga ko‘ngli to‘lyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar