
Bu mutlaqo mantiqsizlik yoxud "Chelsi" Tomas Tuxelni nega iste’foga chiqardi?
Nemis murabbiylariga Chempionlar Ligasining yangi mavsumining starti omadsiz bo‘ldi. Domeniko Tedesko "Shaxtyor"dan uchralgan daxshatli mag‘lubiyatdan so‘ng "Leyptsig" boshqaruvidan chetlatildi. Ammo kunning eng sensatsiyasi esa Tomas Tuxelning "Chelsi" bosh murabbiylik lavozimidan ozod qilingani bo‘ldi. Boisi, Tomasning “aristokratlar” boshqaruvidan ketishi ko‘pchilik uchun kutilmagan edi.
“Chelsi” rahbariyati murabbiyning iste’fosini qanday izohladi?
Klub quydagicha bayonot berdi:
“Chelsi” rahbariyati barcha muxlislar hamda klubda faoliyat olib borayotganlar nomidan Tomas va uning yordamchilariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Tuxel Chempionlar ligasi, Evropa superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘alabalar bilan haqli ravishda klub tarixidan o‘z nomini qoldira oldi.
Yangi rahbarlarining “Chelsi” boshqaruviga kelganiga 100 kun bo‘ldi va ular jamoaning o‘yinida o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilishda davom etmoqda. Yangi xo‘jayinlar murabbiyni almashtirish vaqti keldi deb o‘ylashadi. Shu bois, Tuxelni ishdan bo‘shatishga qaror qildi.
“Chelsi”dagi yordamchi murabbiylar shtabi jamoani bo‘lajak o‘yinlarga tayyorlash va mashg‘ulotlarini o‘z zimmasiga oladi. Klub yangi bosh murabbiyni tayinlash yo‘lida harakatni boshlab yuborgan.
Yangi murabbiy tayinlanmaguncha boshqa izoh berilmaydi”.
Tuxelni ishdan bo‘shatish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi
Keling, bu borada biroz to‘xtalamiz va nega rahbariyatning qarori mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi bo‘yicha fikr yuritamiz.
Birinchidan, Tuxel "Chelsi"da mavsumni yomon boshlamadi. Ha, Chempionlar ligasi 1-turida omadsizlik yuz berdi. Ha, Premer ligada ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. Ammo EChLda faqat bitta uchrashuv bo‘lib o‘tdi va hammasi hali oldinda edi. APLda esa “Chelsi” 10 ochko bilan 6-pog‘onani band etib turibdi. Bu ham iste’foga sabab bo‘la olmaydi.
Ikkinchidan, Tuxel jamoani yangi mavsumga tayyorlab bo‘lgandi. Yangi murabbiy esa tezlashtirilgan rejimda va juda ham zich taqvim bilan ish boshlaydi. Bu esa jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Uchinchidan, klub rahbariyati mavsumdan oldin Tuxelning transferlariga katta miqdorda sarmoya kiritdi. "Chelsi" Tomasning xohishi bilan Ueeli Fofana, Mark Kukurelya, Raxim Sterling, Kalidu Kulibali, Karni Chukvuemeka va Per-Emerik Obameyang uchun 281 million evro sarfladi.
To‘rtinchidan, 20 avgust kuni Tuxel "Chelsi" bilan yangi shartnoma borasida muzokara olib borayotgani haqida gapirdi. Uch haftadan kamroq vaqt ichida esa murabbiy ishdan olindi.
Beshinchidan, "Chelsi" xo‘jayini Todd Boeli klub Tuxelga oxirigacha ishonishini aytgan edi: "Biz Tomas bilan ishlashdan mamnunmiz. U jamoaning o‘yinida qanday o‘zgarishlar qilayotganini yaxshi bilamiz. O‘ylaymanki, "Chelsi" Tomas bilan katta musobaqalarda g‘alaba qozonadi".
Biroq ikki oy o‘tgach, "Chelsi" Tuxelni iste’foga chiqardi.
Nima sababdan "Chelsi" Tuxelni ishdan oldi?
Hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Rahbariyatda ishlaydiganlarning hech biri bu holat borasida batafsil to‘xtalmagan. Insayderlar ham bu borada aniq ma’lumotga ega emasligini bildirishdi. Biroq klubga yaqin bo‘lgan ba’zi manbalar qaror bo‘yicha o‘z taxminlarini bildirishdi. Jumladan, jurnalist Mett Louning fikrlarini misol qilib keltira olamiz: sababi, u bir necha bor klub bilan bog‘liq ma’lumotlarni birinchi bo‘lib OAVga ma’lum qilgan (masalan, Raxim Sterlingning "Chelsi"ga o‘tishi haqida). Mana uning ma’lumotlari:
Premer liganing olti turi va Chempionlar ligasidagi birinchi o‘yindan keyingi natijalar vaziyatga ta’sir qilmagan: klub avvaldan murabbiyni almashtirishni reja qilib kelayotgan edi. Todd Boeli "Dinamo" bilan o‘yin oldidan qaror qabul qildi. Zagrebdagi mag‘lubiyat esa buni tezlashib ketishiga sabab bo‘ldi.
- O‘yinchilarning Tuxelga nisbatan ishonchsizligi ortdi: u tez-tez tarkibda rotatsiya ishlarini amalga oshirdi, shuningdek, aniq bir o‘yin sxemasi bo‘yicha harakat qilmagan. Futbolchilarda nega aniq optimal tarkib tanlab olinmagani, qolaversa, o‘yin paytida taktik sxemada ko‘p bora o‘zgarish bo‘lishi borasida savollar ko‘p edi.
- Boeli Tuxel bilan uzoq muddatli loyihani qurishga tayyor edi, lekin yaqinda bo‘lgan bir qator kelishmovchiliklar tufayli u fikrini o‘zgartirdi. Todd hafta boshidan beri “Chelsi” bosh murabbiyligi uchun yangi nomzodlarni ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilindi.
- Mojarolar sabablaridan biri Tuxelning transfer oynasidan so‘ng Boeli unga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaganidan noroziligidir. Biroq yangi rahbarning qarorini ham tushunsa bo‘ladi, boisi, barcha transferlar Tuxelning istagi bilan amalga oshirilgan.
- Qolaversa, Tomasning Ronaldu bilan shartnoma imzolashdan bosh tortgani Boeliga unchalik yoqmadi.
Keyinchalik nima bo‘ladi?
Tomas Tuxel o‘ziga yangi ish qidirayotgani aniq. “Daily Mail” nashri xabariga ko‘ra, "Chelsi" unga 13 million funt jarima to‘laydi. Tomasning murabbiylar shtabi esa 2 million evro oladi
"Chelsi" yangi bosh murabbiy qidirmoqda. Ingliz ommaviy axborot vositalari quyidagi nomzodlarni ma’lum qildi:
“Brayton” ustozi Grem Potter. Manbada aytilishicha, bu “Chelsi” uchun eng yaxshi nomzod bo‘lib, rahbariyati allaqachon u bilan bog‘langan;
Yana kimdir Zinedin Zidan haqida yozadi. Kimdir esa Mauritsio Pochettino nomzodini ilgari surgan. Ammo ko‘plab taniqli nashrlar bu ma’lumotni tasdiqlamadi.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi
Fikrlar