Bugun ilk bor TsSKA - "Andijon" to‘qnashuvi. O‘yin oldidan ma’lumotlar

  • 1 fevral, 2024, 01:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Antaliyada qishki o‘quv-mashg‘ulotini olib borayotgan “Andijon” oldindan rejalashtirilganidek, 1 fevral kuni Moskvaning TsSKA klubiga qarshi nazorat bahsida maydonga tushadi. Bu tarixiy o‘yin. Chunki ilgari mazkur jamoalar to‘qnash kelishmagan. “Andijon” matbuot xizmati esa o‘z rejasiga binoan bo‘lajak uchrashuv oldidan nomdor raqib haqida ma’lumot taqdim etadi.

TsSKA – bu Rossiyaning eng taniqli va etakchi jamoalaridan biri. Barcha muxlislar “armiyachilar”ning qanday salohiyatga ega ekanini yaxshi biladilar. Ayni paytda Rossiya chempionatida birinchi davradan keyin TsSKA turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi. Ular hozirda chempionatning ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko‘rishyapti.

tsska

Avvaliga BAAning Abu-Dabi shahrida yig‘in o‘tkazishdi. U erda Omanning “Soxar” va Moskvaning “Torpedo”siga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishdi. Avvaliga “Soxar” 4:1, keyin esa “Torpedo” 3:2 hisoblarida mag‘lub etildi. 30 yanvar kuni TsSKA Antaliyaga etib keldi. Bu erda ham bir qator o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkaziladi va ularning dastlabki bellashuvi “Andijon”ga qarshi bo‘lib o‘tadi.

TsSKAga 57 yoshli tajribali mutaxassis Vladimir Fedotov bosh murabbiylik qilmoqda. Vladimir Valentinovich murabbiylik faoliyati mobaynida “Ural”, “Metallurg-Kuzbass”, “Sinara”, “Orenburg”, “Ararat” (Moskva), “Sochi” singari klublarda ishlagan. 2022 yildan esa TsSKA ustozi sifatida mehnat qilib kelyapti.

tststs

TsSKA Rossiyaning sovrindor klubi. Jumladan, 13 marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. Yana 13 bor kumush hamda 9 marotaba bronza egasi hisoblanadi. Rossiya Kubogi finalida 20 bor o‘ynagan va shundan 13 tasida muvaffaqiyat qozongan. Rossiya Superkubogida esa 13 marta g‘olib chiqqan. 2004/05 yilgi mavsumda esa TsSKA UEFA Kubogini yutgan. O‘shanda finalda Portugaliyaning “Sporting” jamoasi 3:1 hisobida taslim qilingan.

TsSKA o‘zining uy o‘yinlarini muhtasham “VEB Arena”da o‘tkazadi. 2016 yili foydalanishga topshirilgan stadion o‘z bag‘riga 30114 tomoshabinni sig‘diradi.

Bilasiz, TsSKAda hamyurtimiz Abbos Fayzullaev to‘p suryapti va u allaqachon nafaqat o‘z klubi, balki Rossiya chempionatining syurpriz hamda yoqimtoy o‘yinchisiga aylanib ulgurgan. Hozirda Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan Qatardagi Osiyo Kubogida ishtirok etayotgani sababli tabiiyki klubining yig‘inlarida ishtirok etmayapti.

TsSKAning hozirgi yulduzlaridan biri bu Igor Akinfeev. Taniqli va tajribali darvozabon faoliyatini asosan TsSKAga bag‘ishlagan va bu erda 2003 yildan beri darvozani qo‘riqlab keladi. Bundan tashqari, Ivan Oblyakov, Maksim Muxin, Fyodor Chalov, Anton Zabolotniy, Kirill Nababkin va yana boshqa etakchi o‘yinchilarga ega.

andijon koreya_1

Xabaringiz bor, “Burgutlar” dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini 27 yanvar kuni Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi va unda hisob ochilmadi – 0:0. “Andijon” – TsSKA o‘rtasidagi uchrashuv esa bugun mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da “Regnum” arenasida boshlanadi. Toshkent vaqtiga esa 18:00 ga to‘g‘ri keladi. Mazkur bahs “Andijon” matbuot xizmati tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi. 

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!