
Bugun legionerimiz “Santyago Bernabeu”da “Real”ga qarshi to‘p tepadi!
Evropada Chempionlar ligasi guruh bosqichining ikkinchi turiga start berilmoqda. O‘zbekistonlik futbol muxlislari butun jahondagi ishqibozlar singari futbol olami grandlari o‘yinlaridan bahra olish qatorida Moldovaning “Sherif” jamoasi ishtirokidagi bahsga ham e’tibor qaratdi.
Chunki Moldova chempioni tarkibida Jasurbek Yaxshiboev “D” guruhining eng kuchli jamoasi “Real”ga qarshi Madridda o‘yin o‘tkazadi.
O‘z tarixida ilk marotaba “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turniri guruh bosqichida ishtirok etayotgan tiraspolliklar kutilmaganda birinchi turda Donetskning “Shaxtyor” jamoasini 2:0 hisobida engib, o‘z kvartetida peshqadamga aylandi.
Karlo Anchelotti boshchiligidagi “Real” ham ilk uchrashuvda Italiyada “Inter”ni kichik hisobda mag‘lub etib, to‘plar nisbatiga ko‘ra, ikkinchi pog‘onadan joy olgan.
Demak, Bugun mashhur “Santyago Bernabeu”da ikki peshqadam o‘zaro to‘qnash keladi.
Biz uchun ahamiyatlisi, Chempionlar ligasi doirasida o‘zbek yigiti “Real” va “Inter” jamoalariga qarshi maydonga tushishidir. Har holda dunyoning eng nufzli musobaqasida Evropa grandlariga qarshi to‘p surish osiyolik futbolchilar orasida hammaga ham nasib qilavermaydi. Jasur Yaxshiboev esa, Polshaning “Legiya” jamoasidan aynan Chempionlar ligasi guruh bahslari oldidan “Sherif”ni kuchaytirish uchun ijaraga olingan.
Jasurning o‘ziga ham Madrid va Milan kabi futbol markazlarida qudratli jamoalarga qarshi o‘ynash o‘zgacha ishtiyoq bag‘ishlasa kerak. Chunki u Evropaning kuchli ligalarida o‘ynash borasidagi o‘z orzusiga yanada yaqinlashmoqda. Turnirda ijobiy taassurot qoldirish orqali qit’adagi kuchli jamoalar, yaxshi futbolchi qidirib yurgan skautlar, katta salohiyatga ega ijrochilarga ehtiyoj sezayotgan murabbiylar e’tiborini qozonish mumkin.
Sports.uz portali “Real” va “ Sherif” uchrashuvi oldidan muxlislar e’tiboriga har ikki jamoaga tegishli qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qiladi.
- “Real” Evrokuboklar doirasida hech qachon Moldova jamoalariga qarshi o‘ynamagan. Moldovaliklar ham o‘z tarixida ilk bor Ispaniya vakili bilan to‘qnash keladi.
- Madridliklar Chempionlar ligasning oxirgi 20 ta uy uchrashuvidan atigi uchtasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olgan.
- “Sherif” madridliklarning Evrokuboklardagi 108-raqibi sifatida tarixda qoladi.
- “Qirollik klubi” Chempionlar ligasida o‘z maydonidagi oxirigi 12 ta uchrashuvdan atigi beshtasida zafar quchgan.
- Moldova Chempionlar ligasining asosiy setkasida ishtirok etgan UEFAning 34-a’zosi hisoblanadi.
- “Sherif” Chempionlar ligasi guruh bahslariga qo‘shilgan 146-jamoa va joriy mavsumdagi yagona debyutant.
- “Sherif” Evrokuboklarning asosiy musobaqasida qatnashgan Moldovaning yagona jamoasidir. Ular bir necha bor Evropa ligasining guruh bosqichida ishtirok etgan.
- Joriy mavsumda Yaxshiboev jamoasi Chempionlar ligasi saralashi va guruh bahslarida birorta uchrashuvda yutqazmadi – 7 ta g‘alaba va ikkita durang.
- “Real” ichki chempionatda 25 ta uchrashuvdan beri engilmayapti. Madridliklar 18 ta g‘alaba qa ettita durang qayd etgan.
- O‘zbekistonlik muxlislar uchun ahamiyatli bir fakt. Mashhur hujumchimiz Maksim Shatskix 2006-2007 yilgi mavsumda Chempionlar ligasining guruh bahslarida “Qirollik klubi” darvozasini ikki marta ishg‘ol qilgan. Uning gollariga Ronaldo ikki bor javob qaytara olgan va o‘yin 2:2 hisobida yakunlangan.
Demak, bugun Jasur Yaxshiboevdan bu an’anani davom ettirgan holda, “Real” darvozasiga yo‘l topishini tilab qolamiz. Har holda hujumchining vazifasi gol urish va futbolda gol o‘tkazmaydigan jamoa ham bo‘lmaydi.
“Real” – Sherif” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan tungi 00:00 da boshlanadi.
Fikrlar