
Bugun Mersisaydning yangi xo‘jayini aniqlanadi (prevyu)
Bugun maydonda to‘qnash keladigan ushbu jamoalar bir shahar sharafini himoya qiladi. Ularning azaliy raqobati bor. Buni yillar davomida turli futbolchi va murabbiylar his etib, maydonda haqiqiy jang qilib kelgan. Biri qizil bayroq ko‘tarib, janggohga otilsa, boshqasi o‘zining ko‘k tug‘ini yuqori ko‘tarishga harakat qiladi. Aslida, bu klublarning qarorgohini bir bog‘ ajratib turadi, xolos. Birining uyida to‘y bo‘lgan kuni boshqasi ham bundan xabardor bo‘lib turadi. Anglaganingizdek, bugun "Mersisayd derbisi" va "Enfild"da katta uchrashuv o‘tkaziladi!
"Everton"
Mezbonlar mavsum avvalida bir necha yaxshi transferlarni amalga oshirib, APLda shovqin ko‘tarishni maqsad qilgandi. Amalda bu reja o‘zini oqlayotganligini hech kim inkor eta olmaydi. Anchelotti shogirdlari 23 o‘yin o‘tkazgan holda, 7-pog‘onani egallab turibdi. Qizig‘i, ular bugungi raqib "Liverpul"dan bitta kam uchrashuvda maydonga tushgan va o‘sha bahsda 3 ochko qo‘lga kiritilsa, "irischilar" o‘z qo‘shnilari bilan tenglashib olishi mumkin. O‘zining to‘purarlik qobiliyatini namoyish etayotgan Kalvert-Lyuin, o‘yinni yaxshi boshqara oladigan Xames, Din, Risharlisonning qanotdagi faol o‘yini kabi ustunliklarga ega Anchelotti katta jamoalarga yaxshigina muammo tug‘dirishga qodir. Birinchi davradagi ushbu jamoalarning to‘qnashuvida ham Klopp armiyasi Anchelotti shogirdlarini mag‘lub eta olmagandi. Keskin kurashlar ostida kechgan bahs 2:2 hisobida yakunlangan. Shundan ham bilish qiyin emaski, bugun "Everton" osonlikcha ochko ulashib qo‘ymaydi.
Taxminiy tarkib: Pikford, Koulmen, Xolgeyt, Kin, Din, Dukure, Allan, Xames, Sigurdsson, Risharlison, Kalvert-Lyuin.
Karlo Anchelotti: "Biz Allanga bir kunlik mashg‘ulot yuklashni ma’qul ko‘rdik. U bugun jamoa bilan birga shug‘ullandi va umid qilamanki, derbiga qadar safga qaytadi. Kalvert-Lyuin ertaga maydonga tushadi. Himoyada ba’zi muammolar yo‘q emas. Mina "Liverpul"ga qarshi o‘ynamaydi. Shunga qaramay, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz".
"Liverpul"
Klopp shogirdlarida mutlaqo boshqa holat. Ular bir maromda yaxshi o‘yin namoyish etayotgan bir paytda jarohatlar tufayli qiyin kunlarni boshdan o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Hozirga kelib, asosiy tarkib uchun nomzod futbolchilardan 7 tasi klub shifoxonasini "to‘ldirib" yotibdi. Eng qizig‘i, "Liverpul" himoya qo‘rg‘onining asosiy ustuni Virjil van Deyk ham aynan birinchi davradagi "Gudison Park"da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jiddiy jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi. Ular o‘rniga jamoaga olib kelingan yangi nomlar esa ishonchni oqlay olganicha yo‘q. Aksincha, "Lester"ga boy berilgan uchrashuvda Ozan Kabakning xatosi mersisaydliklar darvozasi ishg‘ol etilishiga sabab bo‘ldi. Bu ham etmaganidek, Premer-liganing eng ishonchli o‘yin namoyish etadigan darvozabonlaridan biri Alisson ham tez-tez "qovun tushiryapti". "Manchester Siti" hamda "Lester"ga qarshi o‘yinlardagi ishonchsiz harakatlar gapimizga yaqqol misol bo‘la oladi. Shunga qaramay, "qizillar" uchun jon kuydiradigan futbol ishqibozlari uchun ham quvonarli holat yo‘q emas: Muhammad Salah turdan turga o‘z o‘yinini kuchaytirib bormoqda. Misrlik futbolchi jamoasining so‘nggi 7 uchrashuvida shuncha golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. "Liverpul"da kichik inqiroz davri ketayotganligini hisobga olsak, Salah haqiqiy etakchiga aylanib ulgurdi. U birinchi davrada ham "irischilar" postiga yo‘l topa olgandi.
Taxminiy tarkib: Alisson, Aleksandr-Arnold, Kabak, Xenderson, Robertson, Tyago, Veynaldum, Jons, Mane, Firmino, Salah.
Yurgen Klopp: "Ortda qolgan kunlarda men "Liverpul" oilasining sevgisi va qo‘llab-quvvatlashini his etdim. Shu jumladan, futbolchilar ham. Ular muxlislarimiz biz bilan ekanligini yaxshi biladi. Bo‘sh tribunalar qarshisida harakat qilishga ancha o‘rgangan bo‘lsak-da, bu juda g‘alati bo‘ladi. Ayniqsa, bunday derbida. Bugun tomoshabinlar "Enfild" ichida bizni oldinga boshlamasada, men bu gaplarni eshitgan har bir inson biz bilan elkama-elka ekanligini his qilishini istayman. Biz buni hech qachon oddiy narsa deb qabul qilmaymiz".
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar