Bunaqasi bo‘lmagan: Husanov “uchdi”!
Frantsiya futbolida jamoalarning eng yaxshi o‘yinchilarini aniqlash muxlislar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish orqali amalga oshirilishi a’nanaga aylangan.
Dekabr oyi yakunlariga ko‘ra, Frantsiyaning nufuzli nashrlari “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash maqsadida navbatdagi so‘rovnomani tashkil etib kelyapti. Ahamiyatlisi shundaki, keyingi paytdagi har qanday tanlov va so‘rovnomalarda Husanovning reytingi yuqoriga qarab "uchmoqda".

Sports.uz portali ushbu jarayon haqida ma’lumot beradi.
LE11HDF.FR sayti:
Saytimiz mavsum davomida siz muxlislarni “Lans”ning har oydagi eng yaxshi o‘yinchisini aniqlashga chaqirib keladi.
Abduqodir Husanov deyarli har hafta yakuniga ko‘ra, hayratlangan muxlislarning maqtovlarini eshitishiga to‘g‘ri kelyapti. Shu bois, bu futbolchi “Lans”da oyning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishi odat tusiga kirib qoldi.
Qishki transferlar oynasi davrida jamoani tark etishi ehtimoli katta bo‘lgan 20 yoshli himoyachi dekabr oyini ham yuqori saviyada o‘tkazdi. “Lans” oy davomida “Monpele”, “Oser” yoki “Pari Sen-Jermen” bo‘ladimi, bu raqiblarga qarshi bellashuvlarda muxlislar Husanovni uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topdi.
Uchrashuvlardagi kurashuvchanlik, tezkorlik, himoya chizig‘ini nazorat qilish, to‘pga ega qilish qobiliyati “Lans” uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda va Abduqodirni saytimiz o‘quvchilari tomonidan dekabr oyining eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilishiga asos bo‘ldi.
So‘rovnoma natijalari bilan tanishing:
Abduqodir Husanov – 78 foiz
Pshemislav Frankovski – 16 foiz
M'Bala Nzola – 3 foiz.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanovning jamoaning muayyan oy davomida eng yaxshi o‘yinchi bo‘lishi yaxshi a’nanaga aylanib bo‘lgan. Muxlislar uning xizmatlarini e’tirof etmoqda.
Mavsumning birinchi qismi olti oy davom etgan bo‘lsa, ularning teng yarmida lanslik ishqibozlar aynan o‘zbek legioneriga eng ko‘p ovoz berib kelgan.
LE11HDF.FR sayti so‘rovnomasining avvalgi oylardagi eng yaxshi futbolchilari ro‘yxati quyidadagicha ko‘rinish oldi:
Avgust : Kevin Danso
Sentyabr : Abduqodir Husanov.
Oktyabr : Abduqodir Husanov.
Noyabr : Adrien Tomasson
Dekabr : Abduqodir Husanov.

Abduqodir Husanov joriy mavsumda Frantsiya chempionati, mamlakat kubogi va Evropa Ligasida jami 16 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta assist ham qayd etdi. 20 yoshli futbolchi Transfermarkt portali tomonidan 12 million evroga baholanmoqda va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi.



Fikrlar