
Bundesligada porlagan yulduzlar 2-qism
Germaniya Bundesligasi ham dunyoga juda ko‘p futbolchilarni tarbiyalab bergan. Ular haqida so‘zlashamiz.
Birinchi qism mana bu erda
Mark-Andre ter Shtegen (“Borussiya Menxengladbax”)
Ter Shtegen mengxengladbaxning “Borussiya”si tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011-yil aprel oyida murabbiy Lyusen Favr unga “Borussiya” darvozasini ishonib topshirgan va Mark bu ishonchni oqlagan. Shundan keyin u jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi va keyingi mavsumda Kicker jurnali so‘rovnomasiga ko‘ra eng yaxshi darvozabonga aylangan. 2014-yilda Viktor Valdesning “Barselona”dan ketishi sababli, nemis darvozaboni Kamp Nou tomon otlandi. Ter Shtegenga Ispaniya kubogi va Chempionlar ligasidagina o‘ynash nasib etdi. Chunki Klaudio Bravo La Liga bahslarida muntazam maydonga tushardi. Keyinchalik esa Bravo bilan raqobatda engib chiqib, jamoaning asosiy darvozaboniga aylandi. Kataloniyaliklar bilan 4 marta Ispaniya chempionligini, 1 marta chempionlar ligasini, 1 marta UEFA superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Terma jamoada esa ozgina ishlari yurishmayapti. Yoaxim Lyov uchun Manuel Noer asosiy darvozabon bo‘lib qolmoqda.
Son Xyon Min (“Gamburg”, “Bayer”)
“Tottenhem”ning asosiy etakchilaridan biri Son Bundesliganing ikkita jamoasida o‘ynashga ulgurgan. “Gamburg” akademiyasida futbol sirlarini o‘rgangan. 201-2011 yilgi mavsumdan oldingi tayyorgarlik o‘yinlarida Son o‘zini ko‘rsata oladi va jamoa bilan professional shartnoma imzolaydi. “Gamburg” safida 73 ta o‘yinda 20 ta gol muallifiga aylanadi. Muxlislar uni “Borussiya”ga qarshi o‘yindagi faolligi bilan eslab qolishdi. O‘sha o‘yinda “Borussiya”liklarni 4-1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan va koreyalik futbolchi dublga erishgan edi. Keyinchalik esa futbolchi Germaniyaning boshqa bir jamoasi “Baer”ga o‘tib ketdi. U erda ham jamoaning asosiy lideriga aylanib oldi.
Kevin De Bruyne (“Verder”, “Volfsburg”)
Hozirgi kundagi eng yaxshi pleymeykerlardan biri o‘lib turgan De Bruyneni ko‘pchilik “Volfsburg”dagi o‘yinlaridan tanigan. Ammo belgiyalik futbolchi “Verder” safida ham o‘ynashga ulgurgan. O‘zining ilk o‘yinidayoq gol urishga erishgandi. “Musiqachilar” safida De Bruyne 34 ta o‘yin o‘tkazgan va 10 marta gol va xuddi shuncha golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. O‘zining eng yorqin o‘yinlarini u “Volfsburg” futbolkasida namoyish etgan. 2014-2015 yilgi mavsumda gol+pass tizimi bo‘yicha 31 ochko (10 ta gol va 21ta assistant) to‘pladi. Bir qancha vaqtdan so‘ng yana yorqin o‘yinlarini “Man Siti” tarkibida Pep qo‘l ostida ko‘rsatyapti.
Mario Manjukich (“Volfsburg”, “Bavariya”)
O‘z yurtidagi “Marsoni”, “Zagreb” va “Dinamo” kabi klublarda o‘ynagan xorvatiyalik futbolchi Germaniyaga qarab yo‘l oldi. “Volfsburg” Marioni o‘z safia qo‘shib oldi. Lekin Mario uchun “bo‘rilar” Germaniyadagi birinchi klub emasdi. Uning birinchi jamoasi ko‘pchilikka notanish bo‘lgan “Ditsingen” jamoasi bo‘lgan. Juda yoshligida bu klub safida o‘ynagan Manjukich keyinchalik “Marsoni”ga ko‘chib o‘tgan. Folksvagen Arenada Mario Bundesliga to‘purariga aylangan edi. Uning yorqin o‘yinlari “Bavariya” e’tiborini tortdi va Marioni o‘z safiga qo‘shib oldi. U myunxenliklar safida ancha sovrin yutdi. 2013-yilgi Chempionlar ligasi finalidagi g‘alaba golini ham Mario urgan edi. Keyinchalik esa Pep bilan munosabatlari sovuqlashgach, jamoadan ketishga qaror qildi. Turinning “Yuvenus” jamoasi uni o‘z safiga qo‘shib oldi.
Mesut O‘zil (“Shalke”, “Verder”)
Mesut “Shalke 04” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Keyinchalik esa “Verder”da porlab chiqdi. 2008-2009 yilgi mavsumda “Musiqachilar” bilan birga Evropa ligasi finaligacha bordi. Afsuski, “Shaxtyor” bremenliklarni engib chempion bo‘lgandi o‘shanda. Lekin o‘sha mavsum sovrinsiz bo‘lmadi, “Baer”ni 1-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib Germaniya kubogi sohibiga aylangan edi. O‘zil jamoaning etakchisiga aylanganidan so‘ng, madridliklar e’tiboriga tushadi va “Real” safiga borib qo‘shiladi. Madridda o‘tkazilgan 3 mavsum davomida Krishtianu Ronaldu bilan bir-birini tushungan holda maydonda harakat qilib ko‘plab xavfli vaziyatlarni hosil qilishdi, gollar urishdi. O‘z pozitsiyasida eng kuchlilardan biriga aylandi. Keyin esa Londonga, “Arsenal” tarkibiga borib qo‘shildi va hozirda ham maydonda o‘zining ajoyib o‘yinlari bilan muxlislarni xursand qilyapti.
Fikrlar