
"Bunyodkor"da vaziyat ancha yomon. Klub ofisidagi barcha xonalar MIB ishtirokida muhrlandi va jamoaning hisob raqami ham “muzlatiladi”
PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jaev "Bunyodkor" klubi va uning sobiq bosh murabbiyi Sergey Lushchan bilan bog‘liq vaziyat borasida ijtimoiy tarmoqdagi o‘zining sahifasida ma’lumot berdi.
- Sergey Lushchan qarzdorligi bo‘yicha avval yozgandim. Murabbiy O‘FA qo‘mitalarini chetlab o‘tib, davlat organlariga murojaat qilgani uchun, "Bunyodkor"ning undan qolib kelayotgan qarzdorlik masalasi O‘FA tomonidan o‘chirilgandi.
Sababi oddiy. Birinchidan, FIFA nizomlariga ko‘ra ishning ko‘rilish ketma-ketligi O‘FA, FIFA, Sport arbitraj va hokazo bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, sud yoki prokuratura kabi organlar nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanmish O‘FAdan yuqori turadi, demak, ularning qarori bo‘yicha ish ko‘riladi.
Aslida Lushchan "Bunyodkor" futbol klubidan 800 million so‘m da’vo qilgan bo‘lsa, ish sudda ko‘rib chiqilganidan so‘ng qarzdorlik 350 million so‘m ekani borasida qaror chiqarilgan. Keyin esa klub oldiga muhlat berilgan. Kecha mana shu muhlat o‘z yakuniga etdi va "Bunyodkor" pulni to‘lay olmadi. Oqibatda Lushchanning advokati guvohligida "Bunyodkor" ofisidagi barcha xonalar MIB ishtirokida muhrlandi, ayni vaqtda klubda faoliyat olib borish imkoniyati mavjud emas. Katta ehtimol bilan jamoaning hisob raqami ham “muzlatiladi”.
Ichki audit tekshiruvi, davlat korxonasi tomonidan berilayotgan mablag‘larning qanday ishlatilayotgani nazorat qilib borilmaganligining oqibati bu. Shuning uchun ham OFK yilda ikki marta audit tekshiruvini talab qiladi.
Lushchan qaysi yillarda jamoada ishlagani, o‘sha vaqtlarda nimalar bo‘lgani masalasidan tekshiruv zarur. Ayni vaqtdagi rahbariyat esa o‘sha ishlar uchun badal to‘layapti, - deya yozadi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar
Afsus