
"Bunyodkor"ga qarshi o‘yindagi super kambekdan so‘ng "Nasaf" ustozi nimalar dedi? "Ajdarlar" bu yil chempion bo‘ladimi?
Superliganing 10-turida “Nasaf” Toshkentda “Bunyodkor” mehmoni bo‘ldi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan “ajdarlar” ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
-Bugungi o‘yin ajoyib muhitda o‘tganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Biz g‘alabadan ham ko‘proq, juda ko‘p muxlislarimiz bizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelganidan quvondik. Bugungi g‘alabani ularga bag‘ishlaymiz.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, biz uchrashuvni xato bilan boshladik. Aniqrog‘i, o‘yindan tashqari holatni yuzaga keltirishda xatolikka yo‘l qo‘ydik va o‘sha vaziyatda gol o‘tkazdik. Ammo biz bundan asabiylashmadik va jamoa bunga tayyor edi. Shuning uchun biz oxirigacha, g‘alaba uchun harakat qildik. Birinchi va ikkinchi goldan so‘ng o‘yin nazorati bizning tarafimizga o‘tdik. Bugun raqibdan har taraflama ustunlik qildik deb o‘ylayman.
Biz oldimizga har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Chempionlik masalasi esa mavsum oxirida aniq bo‘ladi. O‘zingiz ko‘rib turibsizki, bu mavsum 2-3 ta emas, 6-7 ta jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda.
Fikrlar