
"Burgutlar" tarix yozishda davom etmoqda. "Andijon" endi 1-o‘rinda. Bu qanday sodir bo‘ldi?
Superliganing 5-turini boshlab bergan “Lokomotiv” – “Andijon” qarama-qarshiligi kutilganidek juda shiddatli va jangovar ruhda kechdi. Aleksandr Xomyakov jamoasi o‘tgan turda “Nasaf”ga qarshi qanday jang taklif qilgan bo‘lsa, bu safar mehmonda bo‘lishiga qaramay, “Lokomotiv”ga ham shunday jang taklif qildi.
O‘yinni tomosha qilganlar maza qilishdi, aslo zerikib qolishgani yo‘q. Albatta, bellashuvning asosiy voqealari ikkinchi bo‘limda kuzatildi. Biroq tanaffusgacha ham jamoalar ochiq va hujumkor o‘yin namoyish qilishdi. Masalan, bir vaziyatda Farhod Sohibjonov o‘zining ajoyib reydini ishga soldi va jamoadoshi Bektemir Abdumannonovni birga-bir vaziyatga chiqardi. U zarba berish chog‘ida darvozabon bilan to‘qnashib ketdi. Hakam penalti belgiladi. Keyin esa VARni takroran ko‘rgach, qarorini o‘zgartirdi. Sherzod Esanovda ham gol urish imkoniyati bo‘ldi. U qanotdan reyd uyushtirdi va o‘tkir burchak ostida zarba yo‘lladi. “Loko” posboni xavfni bartaraf qildi. Mezbonlarda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin hisob ochilmadi.
Ikkinchi bo‘limning 55-daqiqasida tinib-tinchimas Abdumannonov jarima zarbasi ishladi va standartdan to‘pni ajoyib tarzda jarima maydoni ichiga uzatdi. Bu erda hoziru-nozir bo‘lgan himoyachi Islom Mamatkazin boshi bilan darvozaga to‘pni joylab qo‘ydi. Shu tariqa, u o‘zining uchinchi golini urdi va “Andijon”ning to‘purariga aylanib oldi. Goldan ruhlangan “Burgutlar”ning hujumlari shiddatli tus oldi. Ammo “Loko” ham o‘z uyida engilgisi kelmasdi va ularning ham hujumlari xavfli ko‘rinish oldi. Shunga qaramay, 70-daqiqada “Burgutlar” ikkinchi golni urdilar. Mezbonlarning hujumini bartaraf etgan darvozabon Igor Litovka tezlik bilan to‘pni oldingi chiziqdagi hujumchi Shaxrom Samievga uzatdi. Tojikistonlik hujumchi esa himoyachi bilan to‘p uchun kurashda oxirigacha harakat qildi va to‘pni darvoza to‘riga yo‘llab hisobni yana oshirdi. Bu vaziyatda golga darvozabon Litovkaning assistentlik qilgani e’tiborga molik.
0:2 dan keyin tashabbus “Andijon”ga o‘tdi. Natijada birin-ketin Suhrob Sultonov darvozasi oldida golli imkoniyatlar yaratilishda davom etdi. Bektemir Abdumannonov qanotdan xavfli reyd uyushtirib, posbon bilan yakkama-yakka chiqdiyu, biroq zarbasini Sultonov arang qaytarib qoldi. Yana bir vaziyatda Shaxrom Samiev dublga erishishi mumkin edi. Ammo uning zarbasini Sultonov katta qiyinchilik bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Uchrashuv oxirlarida maydon egalari tomonidan shiddatli hujumlar uyushtirildi. 85-daqiqada “Andijon”ning sobiq futbolchisi Sardor Abdunabiev hisobni qisqartirgach, o‘yin shiddati yanada “yondi”. Lekin “Andijon” darvozaboni Igor Litovka bir nechta vaziyatda qahramonlik ko‘rsatib, jamoasini gollardan saqlab qoldi.
Shunday qilib, “Andijon” jamoasi qiyin o‘tgan bellashuvda juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritib, turnir jadvalida peshqadamga aylanib oldi. Futbolchilar odatga ko‘ra g‘alaba zavqini ashaddiy muxlislari bilan birgalikda nishonladi. Jamoa “Lokomotiv” maydonida ilk bor 2007 yili g‘alaba qozongan bo‘lib, o‘shanda 0:1 hisobi qayd etilgandi. Oradan 17 yil o‘tgach, “Andijon” ikkinchi bor “Loko” maydonida uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, “Burgutlar” Xomyakov boshchiligida tarix yozishda davom etmoqda.
“Lokomotiv” – “Andijon” – 1:2 (0:0).
4 aprel. Toshkent. “Lokomotiv” stadioni. 837 tomoshabin.
Hakamlar: Abdurashid Xudoyberganov, Xusniddin Shodmonov, Shavkat Rahmatov
Zaxira hakami: Turg‘un Jumaboev
VAR: Ahrol Risqullaev
AVAR: Nikita Afinogenov
Nazoratchi: Bobur Haydarov
Komissar: Jahongir Rahmatullaev
“Lokomotiv”: Suhrol Sultonov, Abdulazizxon Abdurashidov, Ivan Rogach, Anzur Ismoilov (Izzatilla Abdullaev, 75), Dilshod Komilov, Abdulloh Yo‘ldoshev, Sanjar Tursunov, Damyan Krayishnik, Muhammadanas Hasanov, Jasur Hakimov (Sardor Abdunabiev, 66), Ivan Bulatovich (Sobit Sindarov, 85).
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Sardor Azimov, Levan Arveladze, Sherzod Esanov (Farhod Bekmuratov, 79), Muhammadkarim Toirov, Bektemir Abdumannonov (Armin Boshnyak, 90+5), Farhod Sohibjonov (Demir Imeri, 79), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiev, 61).
Gollar: Islom Mamatkazin, 55 – 0:1. Shaxrom Samiev, 70 – 0:2. Sardor Abdunabiev, 85 – 1:2.
Ogohlantirishlar: Ivan Rogach, 54 – Luka Zgurskiy, 32. Islom Mamatkazin, 38. Sardor Azimov, 90+2.
Fikrlar