
“Chelsi” Markaziy Osiyodan rekord transferni amalga oshiradi
Qozog‘istonning “Qayrat” klubi tarbiyalanuvchisi Dastan Satpaev Londonning “Chelsi” klubiga ko‘chib o‘tadi. Bu haqda Fabritsio Romano xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, “aristokratlar” 16 yoshli hujumchi uchun qozoq klubiga 4 million evro va qo‘shimcha bonuslar to‘lashi ko‘zda tutilgan.
Bu summa Qozog‘iston futbol ligasi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Tomonlar transfer bo‘yicha yakuniy qarorga kelganiga qaramay, Dastan Satpaev 18 yoshga to‘lguniga qadar o‘z yurtida to‘p tepib turadi. Keyin “Chelsi” safiga borib qo‘shiladi.
London klubi iste’dodli o‘yinchiga besh yillik shartnoma bergan. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlik yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.
Rossiyalik jurnalist va insayder Ivan Karpov avvalroq, “Chelsi” Satpaevning transferi uchun 4,3 sillion evro to‘lashi, bu summadan 2,4 millioni belgilangan mablag‘, qolgani futbolchining o‘yiniga qarab beriladigan bonus ekanini yozgan edi.
Shu tariqa, Dastan Satpaev qozoq futboli uchun rekord transfer sohibiga aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda “Manchester Siti” Markaziy Osiyo futbolining yana bir vakili – O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchun jami 50 million evro xarajat qildi.
Fikrlar