
"Chempionatingizda oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi, o‘zbekistonlik futbolchilar bilan muzokaralarga kirishganmiz" - "Istiqlol" bosh murabbiyi bilan suhbat
Xabaringiz bo‘lsa, Tojikiston chempioni “Istiqlol” klubi Toshkentda bir qator nazorat uchrashuvlarini o‘tkazyapti. Shu yo‘l orqali ular Osiyo Chempionlar ligasidagi bo‘lajak o‘yinga tayyorlanyapti.
Bu klubni Saudiya Arabistonida o‘tgan guruh bosqichi o‘yinlarida nimalar qilganini hammamiz ko‘rdik. Shu bois “Istiqlol”ning Superligamiz jamoalariga qarshi o‘tkazayotgan uchrashuvlari muxlislarni befarq qoldirmayapti. Shuning uchun jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.
- Vitaliy Grigorevich, “Istiqlol” klubining Toshkentda o‘tkazayotgan yig‘inidan ko‘zlangan asosiy maqsadi nima?
- “Istiqlol” yig‘inni Xo‘jandda o‘tkazadi. Toshkentga esa o‘yin kuni etib keladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoaga jalb etilishi ko‘zda tutilgan yosh futbolchilarning o‘yin malakasini ko‘zdan kechirishdan iboratdir.
- Toshkentdagi yig‘in jamoangizga qandaydir ustunlik beradimi?
- Toshkentda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yin o‘tkazdik. O‘sha bahs menga juda ma’qul keldi. Boz ustiga uchrashuv xususida shogirdlarim bilan hammasini tahlil qilib chiqishga ulgurdim.
- “Metallurg” va “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvlarda jamoangizning o‘yinida qanday kamchiliklarni ko‘rdingiz?
- Biz bosim ostida qolyapmiz. Shu boisdan o‘yinimizga bardamlik etishmayapti. Buning boisi shundaki, o‘yinlarni ikki-uch kun oralig‘ida o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Shu boisdan ham jamoada charchoq alomatlari ko‘zga tashlanyapti. O‘zimizning kamchiliklarimiz haqida esa gapirishni istamagan bo‘lardim.
- “Istiqlol” bir qator yangi o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazyapti. Tarkibda Kucherenko ham bor ekan. Mabodo, u “Nasaf” menejeri Sergey Kucherenkoning o‘g‘li emasmi?
- Yo‘q, Kucherenko siz aytgan insonning o‘g‘li emas. U Ukrainaning “Ingulets” klubidan kelgan va uning ampluasi markaziy himoyachidir.
- “Istiqlol” tarkibida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi mumkinmi?
- Ha, o‘zgarishlar yuz berishi tayin. Chunki tarkibdagi ko‘plab futbolchilarda jarohatlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan. Biz imkon qadar tarkibga malakali ijrochilarni jalb etish payida bo‘lyapmiz.
- Eshitishimcha, boshqaruvingizdagi jamoaga o‘zbek futbolchilarini ham taklif qilayotgan ekansiz...
- Hozircha aniq ism-shariflarini ayta olmasam-da, markaziy yarim himoya va hujumda o‘ynaydigan futbolchilarni ko‘zdan kechiryapmiz hamda ular bilan muzokaralar davom etyapti.
- Savolni boshqacharoq qo‘yaman: o‘zingizga qolsa, O‘zbekiston chempionatida to‘p surayotgan qaysi futbolchini “Istiqlol”da ko‘rishni istagan bo‘lardingiz?
- O‘zimiz ko‘zlagan, lekin hozirda ism-shariflarini oshkor etishni istamayotgan futbolchilar bilan muzokaralar olib borayotganimizni aytmog‘im darkor. Agar ular bilan shartnoma imzolaydigan bo‘lsak, hamma bundan xabar topadi.
- “Istiqlol” OChLning navbatdagi bosqich doirasidagi uchrashuvlarga hozirlik ko‘ryapti. Klubning mazkur turnirdagi asosiy maqsadi nimalardan iborat?
- Bizning minimum vazifamiz 1\8 finalga chiqish. Maksimum vazifa esa orzudagi sovrinni qo‘lga kiritishdir.
- Siz uchun O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiy kim?
- Bu savolingizga dabdurustdan javob qaytarish qiyin. Ammo menga “Paxtakor”da ishlagan Shota Arveladzening ish uslubi yoqqanligini aytishim mumkin.
- O‘zbekiston chempionatida ishlash sizga yoqqan bo‘larmidi?
- O‘zbekistonda futbol uchun juda yaxshi shart-sharoitlar yaratilgan. Shu boisdan ham klublaringizga qarshi uchrashuvlarda ishtirok etish orqali muhim tayyorgarlik bosqichini o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Umuman aytganda, chempionatingiz juda qiziqarli. Unda shunchaki oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Har bir bellashuv tomoshabop ruhda o‘tadi.
- “Istiqlol”ning O‘zbekistondagi muxlislari soni sezilarli darajada oshgani sizni xursand qiladimi? Ayniqsa, jamoa Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlari orqali bizning muxlislarda yaxshi taassurot qoldirgandi...
- Ha, bu meni xursand qiladi. Jamoamizning o‘zbekistonlik muxlislari haqida iliq fikrlarni aytishim va ulardan minnatdor bo‘lishim kerak. Boz ustiga O‘zbekistonda bizni xuddi qadrdonlardek kutib olishadi.
- Sizni Tojikiston terma jamoasini boshqarish uchun taklif qilganlari haqidagi gap-so‘zlar rostmi?
- Bu savolingizga shunday javob berishni istagan bo‘lardim: mening “Istiqlol” bilan tuzgan shartnomam bor va uni oxiriga etkazishni istayman. Shunday ekan,..
- Usmon Toshevning Tojikiston terma jamoasida olib borgan ishini qanday baholaysiz?
- O‘z hamkasblarimning ishini muhokama qilishga odatlanmaganman. Yaxshisi, bu haqda Usmon Toshevning o‘zidan so‘raganingiz ma’qulroq.
- “Istiqolol” endi “Lokomotiv” bilan o‘ynaydi. Bu raqibni ilgari OChL pley-offida yutgansizlar. Yana bir g‘olib chiqish yoqimli bo‘lsa kerak-a?
- O‘tgan vaqt davomida “Lokomotiv” ancha o‘zgardi. Qolaversa, klubni endi portugaliyalik boshqaryapti. Ha, shuning barobarida “Istiqlol” tarkibidagi futbolchilar asosan yoshlarni tashkil etmoqda. Shu sababdan ham bu klub bilan yana raqobatlashish biz uchun juda qiziqarli bo‘ladi.
- Darvoqe, Samvel Babayan “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinni stadionda kuzatdi. Nima deb o‘ylaysiz, u shu orqali “Istiqlol”dagi biror futbolchini ko‘z ostiga olib qo‘ymadimikin?
- Ha, men uni tribunada ko‘rdim. Lekin uning nima sababdan o‘yinni bevosita tribunadan turib kuzatgani men uchun mavhum.
- Agar “Istiqlol” O‘zbekiston chempionatida ishtirok etgan taqdirda qaysi o‘rinlar uchun kurash olib borgan bo‘lardi?
- “Istiqlol” o‘z oldiga hamma vaqt yuqori vazifalarni qo‘yadi. O‘ylaymanki, bu javobim bilan savolingizga javob berdim.
- “Istiqlol” hozirgacha AGMK, “Lokomotiv” kabi etakchilarga qarshi o‘ynagan. O‘z jamoangizni “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda ham sinab ko‘rishni istagan bo‘larmidingiz?
- O‘yin borasida “Paxtakor” bilan kelishuv o‘tkazmaganmiz. Agar mana shunday imkoniyat yuzaga keladigan bo‘lsa, “Paxtakor”ga qarshi bajonidil maydonga tushgan bo‘lardik.
Fikrlar