Davron Fayziev: "Yomon o‘ynadik, ammo natijaga erishdik"
“Buxoro” klubi mavsumni yaxshi boshladi va ketma-ket ikkita g‘alabaga erishdi. G‘uzorda “Sho‘rtan” mehmoni bo‘lgan “Buxoro” qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyin “Buxoro” bosh murabbiyi Davron Fayziev taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi turda “Oq-tepa” va bugungi raqibimiz – “Sho‘rtan” rahbariyatiga bizga a’lo darajadagi sifatli stadion hamda sharoitlar yaratib berilgani uchun tashakkur bildiraman. “Oq-tepa” bilan uchrashuvdan keyin ham minnatdorchiligimni bildirmoqchi edim, afsuski, o‘sha kuni matbuot anjumani o‘tkazilmadi.
Bugungi o‘yinga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsam, yomon o‘ynadik, ammo natijaga erishdik. Asror Aliqulov yoshlardan iborat yaxshi, intizomli jamoa shakllantirgan. Murabbiyning imzosi ko‘rinib turibdi. To‘g‘risi, menda hayiqish bor edi, o‘yingacha. Chunki bu yoshlar bolaligidan birga katta bo‘lishgan. Bir so‘z bilan aytganda, ular maydonda bir-birlarini qaramasdan turib ham seza oladilar. Ular o‘z ustilarida ishlashdan to‘xtamasa, kelajakda kuchli futbolchilar bo‘lib etishishiga ishonaman. Bu – futbol, kimdir yutadi, kimdir yutqazadi. To‘g‘ri, bizning safimizda tajribali o‘yinchilar to‘p surishyapti. Oldimizda turgan mas’uliyatni yaxshi his qilib turibmiz. Bugungi g‘alaba bilan buxorolik muxlislarni va rahbarlarni tabriklayman.
Yigitlarga doim bunday o‘yin bilan natijaga erishish qiyin deb ta’kidlab kelaman. Balki ular natijaga osonlikcha erishamiz, deb o‘ylashi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, maydonda shundoq yurib futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Hayotning o‘zi harakatdan iborat. Yashash uchun kurashish kerak, maydonda ham shu, - deydi Fayziev.



Fikrlar