
Denis Korostichenko: "Bu erga mag‘lubiyat uchun kelmagandik"
“Lokomotiv” klubi O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi doirasidagi so‘nggi turda Samarqandda “Dinamo”ga 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyin “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- "Dinamo"ni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin qiziq o‘tdi. Yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. "Dinamo" o‘z vaziyatlaridan foydalandi. Biz esa afsuski, yo‘q. Umuman olganda, bugungi o‘yin jarayoni, vaziyatlari bilan yomon o‘tgani yo‘q. Ikkinchi bo‘limda holatdan chiqib ketishga, gollar urishga harakat qildik. Burchakdan gol o‘tkazib yubordik. Bu esa bizni muzlatib qo‘ydi, desa ham bo‘ladi. Keyin esa hech bo‘lmasa bir gol urishga muvaffaq bo‘ldik.
- Marat Bikmaevning o‘yinda bo‘lmaganligi sababini bilamiz. Oleg Zoteevchi?
- "Yunired"ga qarshi o‘yindan keyin unda jarohat aniqlandi. U davolandi, uch kun davomida davolanish ishlarini olib bordi. Jamoa bilan mashg‘ulot olib bormadi. Shu sababli murabbiylar shtabi bilan birgalikda uning bu o‘yinda qatnashmasligini ma’qul topdik. Oldinda bizni "Navbahor-Farm"ga qarshi jiddiy o‘yin kutib turibdi. Shuningdek, bu o‘yin ham biz uchun muhim edi. Bu erga mag‘lubiyat uchun kelmagandik. Barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishga, mag‘lub bo‘lmaslikka harakat qilayotgandik. Olegning jarohati borligi sababli bugun uni o‘ynatmadik. Shuningdek, Jaloliddin Jumaboevda ham shunday holat.
- "Lokomotiv" ham, "Dinamo" ham anchagina charchab qolgani ko‘rindi. Bu issiq bilan bog‘liqmi?
- Balki. Jazirama ham "o‘z so‘zini aytgan" bo‘lishi mumkin. "Dinamo" ham, "Lokomotiv" ham barcha o‘yinlarda maksimal kuch bilan g‘alaba uchun o‘ynamoqda. Chempionatda ham faqatgina g‘alabani, maksimal darajada ochkolar jamg‘arishni istayapmiz. Shu orqali charchoq alomatlari ham ko‘rina boshlagan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, bugun ikkala jamoa ham ruhan "bo‘ldi, guruhdan chiqib bo‘ldik-ku", degan fikr o‘tgan bo‘lishi ham mumkin.
- Samarqandlik muxlislar bugun ham "Lokomotiv"ga, ham "Dinamo"ga muxlislik qilishdi. Ular ham kelasi mavsumda aynan ushbu jamoalar Superligada o‘ynashini istashmoqda.
- Bu yoqimli holat. Nasib qilsin.
- 1/8 finalga chiqish uchun shunday printsipial yo‘l tanlanmadimi?
- To‘g‘risini aytsam, hech qanday printsipiallik bo‘lishini istamayman. Bu erga g‘alaba qozonish uchun kelgandik. Mag‘lub bo‘lishni xohlamaganmiz.
- Umuman olganda Kubokda maqsad bormi?
- Ha, Kubokda maksimal bosqichga borishni istaymiz. Balki, finalga chiqarmiz. Biz "Lokomotiv"miz. Doimo yuqorida bo‘lishni xohlaymiz. Balki hozir Pro-ligada bo‘lishimiz mumkin. Ammo Superliganing istalgan jamoasi bilan o‘ynashga tayyormiz.
“Lokomotiv” matbuot xizmati.
Fikrlar