"Dinamo" mening oxirgi klubim" - sobiq jamoasiga qaytgan 38 yoshli futbolchi yana nimalarni aytdi?

  • 22 iyul, 2022, 16:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Samarqandaning “Dinamo” klubi ikkinchi davra uchun tarkibini kuchaytirishda davom etyapti. Ko‘pni ko‘rgan tajribali o‘yinchilar bilan kelishuvlarga erishilyapti. Marat Bikmaev, Shoxruh Maxmudxojiev va Erkin Boydullaev “Dinamo” bilan shartnoma imzoladilar. Ayniqsa, ularning orasida Boydullaevni alohida ko‘rsatish mumkin. Zero, u samarqandlik bo‘lib, bir necha yildan keyin yana sobiq jamoasiga qaytdi. Erkin ushbu qaytishini Sports.uz muxbiriga shunday dedi:

"Samarqandlik muxlislarning meni bunday darajada kutib olishini to‘g‘risi kutmagandim. Ko‘pchilik instagramda yozdi va qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular klubga qaytganimdan xursand bo‘lishganini aytdi. Oldinlari “Nasaf” yoki “Qizilqum” tarkibida “Dinamo”ga qarshi o‘ynaganimda samarqandlik muxlislar tribunadan “qayt o‘zingni yurtingga”, degan gaplarni aytishardi. Yaxshi kutib olishganiga va menga ishonishgani uchun “Dinamo” ishqibozlariga katta rahmat".

erik

Bu futbolchi 38 yoshni qarshilamoqda. Superligada bunday yoshda to‘p surish qanchalik mashaqqatligini aytishga hojat yo‘q. Shuni hisobga olsak, Erkin hozirda elitamizdagi “qariya” futbolchilardan biriga aylangan. Ammo shunga qaramasdan yarim himoyachi hamon yaxshi sport formasida o‘ynay olayotganini ko‘rsatib kelmoqda. Qanday qilib bu yoshgacha bemalol o‘ynash mumkin? Jismoniy tarafdan qiyinchilik sezmayaptimi? Quyida futbolchi o‘z fikrini bildirdi.

"Oktyabr oyida 38 ga kiraman. Lekin qiyinchilik sezganim yo‘q. Taniqli yozuvchi Deyl Kornegini shunday gapi bor: “urinmang, bu tuzoq”, degan. Sportda osoni yo‘q. To‘g‘ri, bu yoshgacha o‘ynashimga birinchi navbatda har tomonlama rejimga qat’iy amal qilayotganimni aytishim mumkin. Og‘ir, yog‘li ovqat, shirinliklardan va gazli suvlardan voz kechaman. Mashg‘ulotlarda maksimal darajada ishlayman. Jamoaga 2-3 kun dam berilsa bir kun xordiq chiqarib, keyin o‘zim mashg‘ulot qilaman, trenajyor zalida ishlayman".

erik3_1

Erkin “Dinamo” bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi. Bundan chiqdi, bu klub uning futbolchilik faoliyatida oxirgi jamoasi bo‘lib qoladimi?

"2010 yili ketganimdan beri “Dinamo” shu yil ilk bor taklif bilan chiqdi (kuladi). Ochig‘i, “Dinamo” mening oxirgi klubim bo‘ladi", - deya javob berdi, futbolchi.

Bunga qadar yarim himoyachi Navoiyning “Qizilqum” jamoasida ham samarali faoliyat olib bordi. Ammo nima uchun u erdan ketgani biroz ajablanarli ham tuyuldi. Shuning uchun undan nega “Qizilqum”ni tark etishinnig sababini bilishga qiziqdik.

“Qizilqum”da hech qanaqa muammo yo‘q edi. U erda o‘zimni juda yaxshi his qilardim. “Dinamo” klubidan taklif bo‘lganidan xursand bo‘ldim. O‘zimni shahrimga qaytgim kelgandi. Agar “Dinamo” oldingi yillari taklif qilganda o‘sha paytlarda qaytgan bo‘lardim. Hamma qarindoshlarim ham Samarqandda".

erik2

Samarqandliklar birinchi davrada natijalari kutilganidek bo‘lmadi. Ko‘plab ochkolar boy berildi. Shuning uchun ham yozgi selektsiyada tarkib kuchaytirilmoqda. Boydullaev jamoasining birinchi davradagi ishtiroki haqida shunday dedi:

“Dinamo”ni doim kuzatib kelganman. Birinchi davrada yomon o‘ynamadi. Faqat omad umuman kelmadi. “Bunyodkor” ustidan g‘alaba qozonib turgan chog‘ida “Dinamo” futbolchisi qizil kartochka oldi. “Metallurg” bilan uchrashuvda esa yutayotgan paytida 91 va 94-daqiqalarda gol o‘tkazib alamli mag‘lubiyatga uchradi. AGMK va “Navbahor”ga qarshi o‘yinlarda ham oxirgi soniyalarda gol o‘tkazib yubordi. Qisqa qilib aytganda, bir qator uchrashuvlarda alamli tarzda yutqazdi. Bu yil oson o‘yinlarning o‘zi yo‘q. Nasib qilsa, Superligada qolish uchun borimizni beramiz. Yaxshi jamoa bor, yosh iqtidorli futbolchilar kuchga to‘lgan".

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!