Dohadan gapiramiz! AGMK bosh direktori tarixiy o‘yin va uning atrofidagi voqealar xususida

  • 8 aprel, 2021, 01:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

AGMKning Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqish uchun pley-off bahsidagi o‘yini barchamiz uchun muhim ahamiyat kasb etayotgandi. Sababi, oxirgi yillarda klublarimizning xalqaro maydondagi reytingi tushib ketayotgani bizni xavotirga solib qo‘ygandi. Bu yil OChLda to‘g‘ridan-to‘g‘ri birgina “Paxtakor” ishtirok etishi ma’lum edi. AGMK esa bunday imkoniyatga faqat pley-offdagi o‘yin orqali ega bo‘lishi mumkinligi oldindan ma’lum edi va buning uchun Qatarda “Al-Garafa”ni mag‘lub etish shart edi.

Mazkur o‘yinni ko‘rgach, bo‘larkan-u, deganlar ko‘p bo‘ldi. AGMK o‘zi uchun tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, asosiy vaqtda hisob ochilmasdan, ekstra-taymlarning ham eng oxirida g‘alaba golining urilishi juda boshqacha bo‘ladi. Buning zavqi va gashti o‘zgacha. Xullas, Mirjalol Qosimov jamoasi bilan chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqdi. Shu bilan birga AGMKning ushbu g‘alabasi tufayli “Nasaf” OFK Kubogi guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

muxtor

O‘yindan keyin AGMKni muhim g‘alaba bilan tabriklash maqsadida klub rasmiylari bilan aloqaga chiqdik. Klub bosh direktori Muxtor Qurbonov o‘yin to‘g‘risidagi taassurotlarini quyidagicha ifodaladi.  

- Taassurotlar qanaqa? Bu erga kelishimizni o‘zi qiyinchiliklar bilan bo‘ldi. Pandemiya sababli, Doha aeroportidan mehmonxonaga etib borishimizga to‘rt soatdan ortiq vaqt ketdi. Kelgan kunimiz ob-havo yaxshi edi, keyin isishni boshladi. O‘yin kuni havo isib ketdi. Futbolchilar ham maydonda ko‘nikishi qiyinroq kechdi. Muhimi, g‘alaba qozondik, tarixiy voqea bo‘ldi, AGMK jamoasi uchun. Umid qilamanki, Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishga harakat qilamiz.

Darhaqiqat, 120-daqiqada Yovan Jokich tomonidan kiritilgan gol nafaqat AGMK, balki o‘zbek muxlislarini ham quvontirib yubordi. Bunday paytda his-hayajonlar yuqori cho‘qqiga chiqadi. Bu golning qadri shunchalik balandki, hali anchagacha shirin xotira bilan eslab yuramiz. Chunki AGMK ushbu gol tufayli OChLning guruh bosqichiga yo‘l oldi va bunda butun jamoaning mehnati katta. Muxtor Qurbonov gol urilgan vaziyatni eslar ekan, shunday dedi:

- Ekstra-taymlar ham juda og‘ir o‘tdi. Eng oxirgi daqiqada urilgan hal qiluvchi gol tufayli kimlardadir ko‘z yoshlari bo‘ldi, hamma katta xursandchilik edi. Ushbu g‘alaba bilan O‘zbekiston xalqini tabriklayman.

jokich_1

Agar Jokich gol urmaganida g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlanishi muqarrar edi. Bunga AGMK qanchalik tayyor edi? Bu vaziyatda reja qanday bo‘lgani xususida bosh direktor gapirib berdi.

- Albatta, rejamizda hamma narsa bor edi. O‘zimiz o‘yinning asosiy vaqtida g‘alaba qozonishni ko‘proq xohlagandik. Yana qaytaraman, ob-havoning issiqligi tufayli biroz qiyinchiliklar bo‘ldi. Agar o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, yigitlarimiz yaxshi to‘p surdi. AGMKning g‘alabasidan keyin “Nasaf”ning OFK Kubogida ishtirok etishi o‘zbek futboliga qo‘shimcha rag‘batlantirish, deb o‘ylayman. Endi “Paxtakor”, AGMK va “Nasaf”dan xalqaro maydonlarda ijobiy natijalar kutib qolamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
08/04/2021 08:50
birinchi urunga Nasafni kattalariga rahmat ayt. Vaqtiga letzinzaga dakument topsherganiga. sela hozir yuq uyinlariz bilan Uzbekistonga yurgan bulardizla. Nasaf butun Uzbek fudbolini kutarib yurubti. Nasafday kamandala kupaysin.