
Dragan Cheran Superligada ketma-ket 6 marta mavsum to‘purariga aylandi
Xabaringiz bor O‘zbekiston Superligasida yana bir mavsum o‘z yakuniga etdi. Unda "Nasaf" chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, OKMK ikkinchi o‘rin egasiga aylandi. "Navbahor" esa 3-pog‘onani egalladi.
Mavsum to‘purarligi "Paxtakor" hujumchisi Dragan Cheranga nasib etdi. U 13 ta gol bilan bu borada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinda "So‘g‘diyona" vakili Lyupche Doriev bo‘ldi (12 ta gol). Shuningdek, Toma Tabatadze va Anvar Xojimirzaev hisobida 10 ta gol mavjud.
Shu tariqa, Cheran O‘zbekiston chempionatining 6 karra to‘purariga aylandi. 2018 yili "Paxtakor" futbolchisi Ismoil Gonsalvesh to‘purar bo‘lgan (12 ta gol). Shundan beri Dragan bu o‘rinni hech kimga bermay kelmoqda.
Serbiyalik legioner ketma-ket olti ya’ni 2019, 2020, 2021, 2022, 2023 va 2024 yilgi mavsumlarning barchasida bu borada etakchilikni qo‘lga olib kelmoqda. Uning eng sermahsul mavsumi 2019 yilga to‘g‘ri keladi (23 ta gol).
Shunday bo‘lsada, 37 yoshli strayker yil yakunida "sherlar" safini tark etish ehtimoli yo‘q emas. U mazkur mavsum Superligada 22 ta o‘yinda maydonga tushdi. So‘nggi turlarda esa uchrashuv qaydnomasidan chiqarib yuborildi. Qiziqarlisi, bu voqea Maksim Shattskixning qaytganidan keyin sodir bo‘ldi.
Fikrlar