
Dzyudo. Diyora Keldiyorovada yana oltin! Sita Qadamboeva bronza medalini qo‘lga kiritdi
Bokuda bo‘layotgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirining dastlabki kunida O‘zbekiston terma jamoasi bitta oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Jumladan, ayollar o‘rtasida Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz hal qiluvchi bahsda mo‘g‘ulistonlik Sosorbaram Lxagvasuren ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Ushbu muvaffaqiyat samarqandlik dzyudochimiz uchun Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida 500 reyting ochkosini taqdim qiladi.
Shuningdek, Sita Qadamboeva (-52 kg) bronza medali uchun bahsda polshalik Aleksandra Kaleta ustidan g‘alaba qozondi. Bu Qadamboeva uchun faoliyatida “Katta dubulg‘a” turnirlaridagi ilk medal bo‘ldi.
Afsuski, Kemran Nurillaev (-60 kg) uchunchi o‘rin uchun bahsda imkoniyatni boy berib, musobaqani kuchli beshlikda yakunladi.
Fikrlar