
"ENG ZO‘R Uz Football Awards-2022". O‘zbekistonda yilning eng yaxshilari aniqlandi. Barcha natijalar bilan tanishing
Bugun O‘FA hamda O‘zPFL futbolimizda yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimini o‘tkazmoqda.
Ushbu tadbirda yilning eng yaxshi futbolchisi, yilning eng yaxshi futzalchisi, yilning eng yaxshi murabbiyi va shunga o‘xshash boshqa nominatsiyalarda g‘oliblar aniqlanadi. Quyida jarayondan matnli translyatsiya e’tiboringizga havola etiladi.
Davron Fayziev hamda Laylo Rustamov tadbirni boshlovchi sifatida olib boradi. Birinchi bo‘lib sahnaga To‘lagan Isoqov taklif etildi.
Birodar Abduraimov - o‘zbek futboli nuroniysi sovrinini qabul qilib oldi.
Qariyb 35 yildan beri Farg‘ona futbolida suhandonlik qilayotgan Anvar Oxunov - fidoyilik ramzi sovrini g‘olibi deb topildi.
Yilning eng yaxshi hakami sovrinini topshirish uchun Jahon chempionatlari rekordchisi, O‘FA 1-vitse-prezidenti Ravshan Ermatov sahnaga taklif etildi. Vadim Agishev hamda Roziyabonu Yusupova!
Faoliyati mobaynida rasmiy o‘yinlarda birorta qizil kartochka olmagan Odil Ahmedov feyr-pley sovrinini topshirish uchun sahnaga ko‘tarildi. "Xorazm" futbol klubi!
Butun yil davomida eng kam byudjet aynan Xorazm futbol klubida edi. Superliganing ayrim jamoalari Xorazm klubining smetasidan 20 barobar ko‘piga ega. Shunga qaramay, xorazmlik futbolchilar haqiqiy iroda ko‘rsatdi. Yigitlar bir necha oy maosh olmagan holatida ham g‘urur va nomusidan voz kechmadi. Ular o‘z ota-onasi, oilasi va muxlislari uchun oxirigacha jang qildi. O‘ta kam smeta bilan Pro liganing to‘rtinchi jamoasi bo‘lish tahsinga sazovor.
Yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi - O‘zbekiston U19 terma jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov!
Uning shogirdlari Saudiyada o‘tgan U20 Osiyo chempionat saralashida Maldiv, Myanma, Saudiya, Xitoy yoshlarini taslim qildi.
Shu yilning o‘zida vakillarimiz Yaponiyadagi xalqaro turnirda g‘olib chiqdi. E’tiborlisi, yoshlarimiz bu musobaqada urugvaylik tengqurlarini mag‘lub etishdi. Finalda esa mezbon Yaponiya penaltilar seriyasiga ko‘ra taslim etildi. Bir mavsumning o‘zida Saudiya, Xitoy, Yaponiya, Urugvay kabi termalarni mag‘lub etish o‘ta yoqimli holat.
"Yosh yulduz" nominatsiyasi g‘olibini aniqlash uchun Mirjalol Qosimov sahnaga taklif etildi. Abbosbek Fayzullaev!
Fayzullaev uchun joriy mavsum omadli va sermahsul bo‘ldi. U Paxtakor safida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Superliga-2022 mavsumida 21 o‘yinda maydonga tushib 5 gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Navbat futzalga! Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi nominatsiyasini e’lon qilish uchun Bekzod Mamatqulov sahnaga taklif etildi. Bahodir Ahmedov!
Joriy yil Kuvaytda o‘tkazilgan Osiyo kubogining bronza medali sohibi, shunindek, “Jizzax Kenteks” bilan birgalikda mamlakat chempionligi hamda kubogi g‘olibi — Bahodir Ahmedov “Eng yaxshi futzal murabbiyi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futzalchisi - Husniddin Nishonov!
Bizda musiqali tanaffus, sahna markazida Munisa Rizaeva.
Ayollar Oliy ligasining eng yaxshi murabbiyini MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov aniqlab beradi. Vladislav Xan!
O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi ayol futbolchisini terma jamoamiz bosh murabbiyi Midori Xonda aniqlab beradi. Maftuna Shoyimova!
"So‘g‘diyona-W" klubi etakchisi Diyora Habibullaeva ayollar Oliy ligasi to‘purari sovrinini qabul qilib oldi.
Pro ligasining eng yaxshi murabbiyi sovrini g‘olibi - Viktor Kumikov! Tajribali mutaxassis "Andijon" bosh murabbiyi sifatida Pro liga chempioni bo‘ldi va jamoasini elitaga qaytardi.
Endi navbat Pro liganing 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasiga. Ro‘zimboy Ahmedov!
“Buxoro” klubi a’zosi, joriy mavsumda 23 ta gol bilan Pro Liga to‘purariga aylangan Ro‘zimboy Ahmedov “Pro Liga futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Ketma-ket 4-yil "Paxtakor" futbolchisi Dragan Cheran Superliga to‘purari sovrinini qo‘lga kiritmoqda.
Ro‘ziqul Berdiev - O‘zbekiston Superligasining eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
Liga 8 oy davomida oyning eng yaxshilarini o‘ziga xos uslubda aniqlab keldi. Ovoz berish jarayonida Superliganing 14 ta bosh murabbiyi, 14 ta klub sardorlari, futbol muxlislari va sport nashrlari ishtirok etadi. Yakunda esa ular yil davomida ochko jamg‘arib boradi. Paxtakor ustozi Maksim Shatskix faqatgina mavsum o‘rtasida jamoani qabul qilgani uchun, yakunda bu uning umumiy ochkolariga ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Superligasining eng yaxshi futbolchisi - Dragan Cheran!
SPORTS.uz sayti direktori Azamat Umarov U21 chempionatini o‘yinlari va ayollar futbolidagi markaziy uchrashuvlarni jonli efirdagi translyatsiyaga olib chiqqani uchun maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Xayrulla Hamidovga ham Superliga va Pro liga bellashuvlarini sharhlab borgani uchun esdalik sovrini topshirildi.
Islom Toshpo‘latovning goli Superligamizning 2022 yildagi eng chiroyli goli deb topildi.
Ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshilari aniqlanmoqda. O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi ayollar murabbiyi - Sherali Boboqulov ("So‘g‘diyona-W"). Sherali Boboqulov tariximizda ilk bor ayollar o‘rtasidagi xalqaro turnirda o‘zbek jamoasini chempion qildi.
O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi ayol futbolchisi sovrinini topshiradi. Mahliyo Sarikova!
Bizda 2 ta nominatsiya qoldi. Ulardan biri O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi murabbiyi. Sovrin egasi - Timur Kapadze! Yosh mutaxassis O‘zbekiston U23 jamoasi bilan Osiyo kubogida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi, "Olimpik" boshqaruvida Superliganing 6-o‘rnini band etdi.
Mana endi eng muhim palla! O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi sovrinini topshirish uchun sahnaga O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov taklif etildi. Jamshid Iskanderov!
Endi navbat Superliga ramziy jamoasiga!
Darvozabon: O‘tkir Yusupov "Navbahor"
Himoyachilar: Dilshod Saitov "Nasaf", Husniddin Aliqulov "Nasaf", Rustam Ashurmatov "Navbahor", Farrux Sayfiev "Paxtakor".
Yarim himoyachilar: Abdurauf Bo‘riev "Olimpik", Sardor Sobirxo‘jaev "Paxtakor", Jamshid Iskanderov "Navbahor".
Hujumchilar: Xurshid G‘iyosov AGMK, Otabek Jo‘raqo‘ziev "Olimpik", Dragan Cheran "Paxtakor".
Ramziy jamoa bosh murabbiyi - Maksim Shatskix "Paxtakor".
Shu bilan marosim yakunlandi. E’tiboringiz uchun rahmat!
Fikrlar