Farg‘ona viloyati hokimining "Neftchi" klubi bilan uchrashuvi tanqidiy ruhda o‘tdi

  • 21.06.2022 11:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov “Neftchi” jamoasi rahbariyati, murabbiylari va futbolchilari bilan uchrashdi.

Tecno

Tanqidiy ruhda o‘tgan muloqotda “Neftchi”ning Superliga o‘yinlarida yaxshi natijalar qayd eta olmayotgani, o‘yin tempi borgan sari tushib ketayotganligi, 20 iyunga qadar o‘tkazilgan Superliga 11-turdan so‘ng 2 ta g‘alaba, 3 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat bilan 9 ochko jamg‘arib 12-o‘rinda borayotganligi qayd etildi.

Aksariyat futbolchilarning jismoniy holati talab darajasida emasligi, asosan himoyaviy o‘yin taktikasi tanlangani bois hujumkorlik yo‘qligi, standart vaziyatlardan unumli foydalanishga e’tibor qaratilmaganligi, o‘yinchilar o‘rtasida g‘alabaga bo‘lgan ishonch, jamoaviy xarakter mavjud emasligi tanqid ostiga olindi.

Bundan tashqari, jamoada tartib-intizom yaxshi emasligi, rahbariyat va futbolchilar o‘rtasida bir-biriga ishonchsizlik ortib borayotgani, bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov mazkur holatlarning oldini olish uchun etarlicha ish olib bormayotgani bo‘yicha tanbeh berildi.

neftchi xokim1

“Neftchi” futbol jamoasiga Superligaga qaytishi bilan bir qator sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, hozirda klubda professional darajada ish tashkil qilinmagan.

Muxlislar va OAV bilan ishlash, marketing masalalari, futbolchilar va muxlislar o‘rtasida qo‘shma tadbirlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, matbuot xizmati talab darajasida emasligi, klubning ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarida etarli faollik yo‘qligiga ham tanqidiy e’tibor qaratildi. Joriy yil jamoa tashkil etilganiga 60 yil to‘lishi, biroq bu haqda na OAV orqali e’lon berilmagan, na bu katta tadbirga tayyorgarlik ishlari boshlanmagan.

Klub raisi Zohid G‘ofurovning tajribasizligi, rahbarlik salohiyatining etarli emasligi ham yuqorida ta’kidlangan muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilmaganiga olib kelgan.

Selektsiya ishlariga e’tiborsizlik natijasida ayni vaqtda “Neftchi” jamoasining 19 yoshli o‘smirlar jamoasi 14-o‘rinda, 21 yoshli o‘smirlar jamoasi esa 11-o‘rinda borishmoqda. Ayollar jamoasi esa 10 ta jamoa ichida 9-o‘rinda bormoqda.

neftchi xokim

Viloyat rahbari ushbu masalalarga birma-bir to‘xtalar ekan, bundan buyon klubga o‘zgacha ruhiyat olib kirish kerakligi, tartib-intizom, hurmat, ahillik bilan ish tashkil qilish kerakligini ta’kidladi.

Shahar hokimi Vosiljon Nazarov klub prezidenti etib tayinlandi. Viloyat hokimi tomonidan unga klub faoliyatini nazoratga olish, marketing, menejment ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, fan-klub bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, klub matbuot xizmati faoliyatini rivojlantirish shuningdek, klub logotipiga chinor bargi ramzini qaytarish kabi topshiriqlar berildi.

Klub murabbiylariga chiroyli o‘yin namoyish etish va g‘alabalar bilan muxlislarni quvontirish uchun eng avvalo asosiy tarkib o‘zagini shakllantirib olish lozimligi uqtirildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
salahidin
21/06/2022 19:06
Бухоро хокими ургансин
solijon bobokulov
21/06/2022 12:58
Аввал марҳамат қилиб Истиқлол стадионини тайёрлаб қўймайдими?