
Fayzullaev TsSKAga “yangi Messi”ni kashf qilib ketdi
Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga o‘tganidan keyin yorqin o‘yinlari bilan rossiyalik muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozona oldi.
Rossiya Premer-ligasi ekspertlarining aksariyati ta’kidlaganidek, 21 yoshli o‘zbek legioneri “armiyachilar”ning oxirgi ikki mavsumida hujum chizig‘i etakchisiga aylandi. TsSKAning deyarli barcha hujumlari Abbosbek ishtirokida tashkil qilindi. Ayniqsa, Fayzullaevning RPLdagi debyut mavsumida bu yaqqol ko‘zga tashlandi.
O‘tgan mavsum yangi bosh murabbiy Marko Nikolich Fayzullaevning maydondagi pozitsiyasini o‘zgartirib, uni maydon markaziga ko‘chirdi va hujum tashkil qilish barobarida himoyaga ko‘proq yordam berish vazifasini yukladi. Abbos serbiyalik murabbiy qo‘llagan “romb” uslubida eng ko‘p ziyon ko‘rgan o‘yinchi bo‘ldi. Nikolich o‘zbek futbolchisi yangi pozitsiyaga ko‘nikishi bilan yana gollar va assistlar sonini ko‘paytirishini ta’kidlagandi.
Yozda Nikolich TsSKAni tark etdi. Hozir “armiyachilar”ni shveytsariyalik Fabio Chelestini boshqarmoqda. Bu mutaxassisga Abbos bilan yaqindan tanishib olish va uning yangi qirralarini ochish nasib qilmadi. Fayzullaev TsSKAni tark etib, Evropani zabt etishga otlandi.
Moskva klubining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydo Abbosbek Fayzullaev Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tganini va tomonlar transferning moliyaviy kafolatlari bo‘yicha ishlarni yakunlanayotganini rasman ma’lum qildi.
TsSKA endi Abbosbek Fayzullaevsiz o‘ynashni o‘rganmoqda. Rossiya Premer-ligasining ikkinchi turida “armiyachilar” o‘z maydonida “Axmat” klubini qabul qilib, 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.
Uchrashuvda hisobni mehmon jamoa legioneri Brayan Mansilya ochgan bo‘lsa, Danil Krugovoy birinchi bo‘limga to‘xtalish uchun qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkita to‘p kiritib, mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirib yubordi.
O‘yin qahramoni bo‘lgan Danil Krugovoy bellashuvdan keyin Abbosbek Fayzullaevning unga aytgan gaplarini muxlislar e’tiboriga havola etdi.
- Abbos ketishidan oldin menga “Endi sen “yangi Messi” bo‘lasan, deb aytgandi. Balki bu ro‘yobga chiqqan bashoratdir, - dedi Danil Krugovoy.
Nufuzli manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, “Bashakshehir” Abbosbek Fayzullaev uchun TsSKAga 7,5 million evro miqdorida badal puli to‘laydi. Shuningdek, futbolchining natijalariga qarab, 2,5 million evro bonus ham ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Superliga klubi 21 yoshli hujumkor o‘yinchining o‘ziga 3+1 ko‘rinishida shaxsiy shartnoma taklif qildi. Ayrim manbalar Fayzullaev ushbu bitimga ko‘ra, yiliga bir million evro miqdorida maosh olishini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, TsSKAda ikki yil davomida 72 ta uchrashuvda maydonga tushgan Abbosbek Fayzullaev sakkizta gol va 22 ta assist muallifi bo‘ldi. O‘zbek futbolchisi “armiyachilar” bilan birga Rossiya chempionati bronza medali sovrindori, mamlakat kubogi va superkubogi sohibi bo‘ldi.
Fikrlar