
Fayzullaevga qiziqish bor, faqat...
Rossiya Premer-ligasida Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan TsSKA jamoasi yangi mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashishga hozirlik ko‘rmoqda.
Klub rahbariyati ana shu maqsadda jamoaga serbiyalik mutaxassis Marko Nikolichni bosh murabbiy qilib olib keldi. TsSKA bosh direktori Roman Babaev klub kelasi mavsum boshlangunga qadar yangi o‘yinchilar transfer qilinishini bildirdi.
- Nomlarni aytishga hojat yo‘q, lekin kuni kecha, qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish va nomzodlar haqida gaplashdik. Transferlar bo‘yicha vaziyat ancha murakkab. Rossiya transfer bozori ancha qiyin, xorijliklarni taklif qilish ham oson emas. Tarkibni kuchaytirish kerakligini yaxshi tushunamiz.
Avvalgi transferlar davrida Abbosbek Fayzullaev, Timur Musaev, Danil Krugovoyni olib kelgandik. Bu gal ham yangi o‘yinchilarni olib kelish yo‘lini topishga harakat qilamiz, - dedi Roman Babaev.
TsSKA bosh direktori ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol – Abbosbek Fayzullaevning Evropaga ketishi va unga bo‘layotgan chorlovlar masalasiga ham oydinlik kiritdi.
- Haqiqatan ham, Abbosbek Fayzullaevga qiziqishlar bor, lekin ular hammasi informatsion xarakterga ega. Hozircha, aniq takliflar yo‘q.
Yaqin o‘rtada Fayzullaevning ketishini tasdiqlaydigan holat ko‘zga tashlanmayapti. Abbosning o‘zi hammasi o‘z vaqtida bo‘lishini yaxshi tushunadi, - dedi Roman Babaev.
Ta’kidlash lozimki, Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hujumkor futbolchi Toshkent shahri klubida 2021-2023 yillar davomida barcha turnirlarda 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘nta gol va uchta assist muallifi bo‘lgan.
TsSKA iste’dodli o‘yinchini o‘tgan yili avgustda o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu transfer “Paxtakor”ga 500 ming evro keltirdi.
20 yoshli Fayzullaev lenioner sifatidagi debyut mavsumida o‘z salohiyatini namoyish qila oldi. Abbos Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida jami 32 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi hamda jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatishni uddaladi.
Rossiyada mavsumning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan legionerimizning transfer summasi bir necha baravar oshib, ayni paytda 6 million evroni tashkil qilmoqda.
Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisiga aylangan Fayzullaevga Italiyaning “Parma”, Germaniyaning “Bavariya” va Ispaniyaning “Vilyarreal” klublaridan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Abbosbek Fayzullaev yakunlangan mavsumda xalqaro miqyosida ham muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatdi. U 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan terma jamoamizning ilk bor yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishiga yordam berdi. O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safida 14 ta uchrashuvda uchta to‘p kiritdi va uchta assist qayd etdi.
O‘tgan yoz O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qabul qilingan Fayzullaev Srechko Katanets qo‘l ostida hozircha 17 ta bahsda maydonga tushib, o‘z hisobiga to‘rtta gol hamda bitta golli pas yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar