FIFA Jahon chempionatida hakamlar ishi tanqid qilinganligi munosabati bilan bayonot berdi
FIFA huzuridagi hakamlar qo‘mitasi raisi Pyerluidji Kollina jahon chempionati o‘yinlaridagi hakamlikka hech kim, hatto tashkilot prezidenti Janni Infantino ham ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidladi.
Misr futbol assotsiatsiyasi jahon chempionati 1/8 final bosqichida Argentinga qarshi o‘yinda (2:3) ishlagan fransuz hakami Fransua Leteksye faoliyatidan norozilik bildirgan edi.
Kollinaga ko‘ra, asossiz ayblovlar futbolda o‘rin topmasligi kerak, hakamlar esa qarorlarni halol va mustaqil qabul qiladi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) hakamlar qo‘mitasi raisi Pyerluidji Kollina jahon chempionatidagi hakamlikka tashqi bosim yo‘qligini, bu jarayonga FIFA prezidenti Janni Infantino ham aralashmasligini ma’lum qildi.
Bundan avvalroq Misr futbol assotsiatsiyasi (EFA) rasmiy bayonot e’lon qilib, jahon chempionati 1/8 finalida Argentinga qarshi bahsda ishlagan fransuz referi Fransua Leteksye faoliyatidan qattiq norozilik bildirgan, shuningdek, videohaqam (VAR) tizimi bilan bog‘liq ayrim qarorlarni ham tanqid qilgan edi.
“Albatta, qabul qilingan qarorlarni konstruktiv muhokama qilish futbolning bir qismi bo‘lib qoladi. Lekin asossiz ayblovlarga bizning sportimizda joy yo‘q. Jahon chempionati o‘yinlarida ishlayotgan hakamlarning halolligi shubha ostiga qo‘yilmasligi kerak. Bunday holatlar hakamlar va ularning oilalariga nisbatan tahdidlarga olib kelishi mumkin. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Shuningdek, hech kim, hatto FIFA prezidenti Janni Infantino ham FIFA hakamlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb da’vo qilmasligi lozim. Hakamlar qarorlarni vijdonan qabul qiladi va futbolchilar hamda murabbiylar kabi doim qo‘lidan kelganicha eng yaxshisini qilishga intiladi”, – deya Kollina so‘zlaridan FIFA sayti iqtibos keltiradi.

Fikrlar