
Gandbol: ayollarimiz JChga tayyorgarlikni Rossiyada olib borishmoqda
Xabaringiz bor, joriy yil 1-19 dekabr kunlari Ispaniyada gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqada 24 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Mundialga har jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yurtimiz ayollar gandbol terma jamoasi mashg‘ulotlarga zo‘r bermoqda.
Shu maqsadda, Zinaida Penkova boshchiligidagi terma jamoamiz a’zolari joriy yilning 18 oktyabridan Rossiya Federatsiyasining Tolyatti shahridagi “Olimp” sport majmuasida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘iniga kirishdi. Sportchilarimizning ushbu o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini yuqori saviyada tashkil etishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Mashg‘ulotlar jarayonida asosiy e’tibor milliy terma jamoa a’zolarining jismoniy holatini oshirishga qaratilgan. Shu bois ayollarimiz ko‘proq basseynda va trenajyor zalida ishlab, o‘zlarining jismoniy holatini yaxshilashga e’tibor berishmoqda. Qolaversa, nazariy mashg‘ulotlar ham olib borilayapti.
Shu bilan birga sportchilarimiz shu kunga qadar Tolyatti va unga yondosh shaharlarning “Lada”, “Olimp”, “Samara”, Oliy sport mahorati Olimpiya maktabi, gandbolga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internat kabi 10dan ortiq jamoalarga qarshi nazorat-sinov uchrashuvlarida maydonga tushishdi.
Mazkur yig‘in 11 noyabrga qadar davom etadi.
Fikrlar