
"Hali futbol o‘ynagim kelayotgani uchun u erlarga borgim kelmadi" yoxud Bobur Yo‘ldoshevni 95 foizga ishontirishdi
Kecha saytimiz orqali xabar berganimizdek, is’edodli himoyachi Bobur Yo‘ldoshev AGMKdagi uch yillik faoliyatidan keyin klubni tark etishga qaror qildi. Yangi mavsumni esa “Qizilqum”da o‘tkazadigan bo‘ldi. Futbolchi Sports.uz muxbiri bilan suhbatda avvalo AGMKni tark etishi sababi haqida gapirdi.
- AGMK klubida uch yil faoliyat ko‘rsatdim. Shunchaki, muhitni o‘zgartirishni istadim. Boshqa klubga o‘tishga qaror qildim. Olmaliqdagi uch yil juda yaxshi xotiramda qoldi. AGMKda birinchi yil yig‘ilganimizda o‘rtamiyona jamoa edik va o‘shanda 8-o‘rinni oldik. Bir yildan keyin mavsumni 3-pog‘onada tugatdik. O‘tgan yili ham o‘sha natijani takrorladik. Shuning uchun u erdagi faoliyatimni yomon o‘tdi, demagan bo‘lardim. U erda ozmi-ko‘pmi, do‘stlar orttirdim. Yangi murabbiylar bilan ishladim. Albatta, bu keyingi faoliyatimda foyda bo‘ladi. AGMKda juda yaxshi taassurotlar qoldi. Hammasi uchun AGMKga rahmat!
- Yangi mavsumdagi rejangiz qanday?
- Hozircha og‘zaki kelishuvga erishdik. Nasib qilsa, mavsumni Navoiyda, “Qizilqum” tarkibida boshlayman.
- Aslida Hamid Aktamovning ushbu taklifiga qanday qarayapsiz?
- Menga bildirilgan ushbu chaqiruvga albatta ijobiy qarayman. Klub tomonidan o‘tgan yili, aniqrog‘i yangi yildan avval taklif bilan chiqishgandi. Bu taklif ustida o‘ylab ko‘rdim. Mirjalol aka Qosimovni oldiga borib bu xususida gaplashdim. Meni to‘g‘ri tushundi va omad tiladi. “Qizilqum”da notanish bo‘lmagan futbolchilar yig‘ilyapti. “Lokomotiv”ga o‘tayotgan o‘yinchilar ham bor va ular bilan birga o‘ynaganmiz. O‘ylaymanki, bu yil “Qizilqum”da yaxshi jamoa shakllanadi. Klub o‘z oldiga faqat yuqori maqsadlarni qo‘yyapti. Shunisi menga qiziq tuyuldi.
- Yangi mavsumda boshqacha qiyofadagi “Qizilqum”ni ko‘radigandekmiz. Ular sizni o‘z maqsadiga qanchalik ishontira oldi?
- 95 foizga ishontirdi, desam bo‘ladi. Chunki klubdagi o‘yinchilarni bilaman. Yangi futbolchilar ham jamoa bilan kelishuvga erishishgan. Biz maqsad yo‘lida harakat qilamiz, qolgani Xudodan. Bunday jamoalar ko‘payishidan faqat o‘zbek futboli yutadi. Ayniqsa, chempionlik uchun kurashadigan klublar ortsa raqobat ham yanada yaxshi bo‘ladi. Raqobat oshsa, chempionatdagi intriga ham kuchayadi, qiziqish ham tobora ortadi
- Siz uchun takliflar ko‘pmidi?
- Bor edi, yo‘q demayman. Menga har yili chetdan variantlar paydo bo‘lardi. Lekin ketishni o‘zimga ep ko‘rmadim. O‘sha mamlakatlarning chempionatlari biznikiga qaraganda saviyasi pastroq. Undan ko‘ra o‘zimizda qolib faoliyatimni davom ettirganim yaxshi edi.
- Aynan qaysi mamlakatlardan qiziqishlar bo‘ldi?
- Har yilgidek Qatar birinchi ligasidan, Hindiston, Bangladesh, Malayziya kabi chempionatlardan takliflar bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, nomi bilan aytib turibdi...hali bunday joylarda o‘ynashga ulguraman.
- Demak, ularning moliyaviy imkoniyati sizni o‘ziga jalb qilmadi-a?
- Albatta, hamma ko‘proq moliyaviy tarafiga qiziqadi. To‘g‘ri, ularning taklifi bizdan ko‘ra moliyaviy tomondan yaxshiroq. Ochig‘ini aytaman, hali futbol o‘ynagim kelayotgani uchun u erlarga borgim kelmadi. O‘sha chempiontlarga borsangiz xohlaysizmi-yo‘qmi, faoliyatingizga ham biroz ta’sir qilishi mumkin.
- Undan ko‘ra, “Qizilqum” sizni har jabhada qoniqtirdi...
- Ha, har tomonlama. Aytyapman-ku, yaxshi futbolchilar yig‘ilyapti. Yaxshi murabbiy ham olib kelamiz deyishyapti. Albatta qoniqtiradi. Futbolchiga shakllangan va yutib turadigan jamoa bo‘lsa bo‘ldi. Shunday o‘yinchi qolgan hamma narsadan zavq olaveradi.
- Shartnoma qachon imzolanadi?
- Tez orada klubga qo‘shilaman. Yaqin kunlarda aniq bo‘lib qoladi.
Fikrlar