Hamma uchun qahramon. Nima uchun La Ligada Santi Kasorlani hurmat qilishadi?!

  • 7 dekabr, 2019, 12:30
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2016-yil 19-oktabrda “Arsenal” o‘z maydonida Bolgariyaning “Ludogorets” jamoasini 6-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Mesut O‘zil xet-trik va bitta assistentlikni o‘z hisobiga yozgan bo‘lsa, Sanches, Uolkot va Oksleyd-Chemberlen bittadan gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘zilning gol urishiga Peres ikki marta qarashgan bo‘lsa, bir marta Santi Kasorlaning to‘p uzatishidan so‘ng germaniyalik futbolchi raqib darvozasini ishg‘ol qildi.

Hammasi yaxshidek edi. Muxlislar judayam xursand. Ammo har doim quvonch va qayg‘u yonma-yon yuradi. O‘sha kuni Londonda ham shunday bo‘ldi. 57-daqiqada Santi Kasorla o‘rniga Muhammad el-Nenni maydonga tushdi. O‘sha paytda hech kim tasavvur qilmagandi, bu o‘yin ispaniyalik yarim himoyachisi uchun “Arsenal” libosidagi so‘nggisi ekanligini. Jarohat tufayli 618 kunni o‘tkazib yubordi. Bu vaqt oralig‘ida “Kanonirlar” 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazishdi. 2018-yil yozida shartnomasi tugaganligi sababli Santi Londonni tark etdi.

Avvaliga shifokorlar oddiy muolajalar bilan futbolchini davolashga urinib ko‘rishdi. Lekin foydasi bo‘lmaganligi sabab 2016-yil dekabr oyida uni operatsiya stoliga yotqizishdi. Shundan so‘ng yana 8 marta operatsiya stoliga yotishga majbur bo‘ldi.

Arsen Venger esa bu uning futbol olamida ko‘rgan eng yomon jarohati ekanligini aytib o‘tgandi. Londonliklar shifokori uni tuzalishiga ancha vaqt ketishini, u hozir shunchaki uy atrofini va bog‘larni sayr qilishi mumkinligi haqida xabar qildi. Santining futbolchilik faoliyati davom etadi deb hech kim o‘ylamagan edi. Faqatgina uning o‘zi bunga ishonardi. U kelajakka optimistik ruhda qaragan va kasallikni engib o‘tib, yana futbol bilan shug‘ullanishi haqida gapirardi. U futbolga qaytishni orzu qilardi. Mayli “Arsenal” darajasida bo‘lmasa ham, pastroq darajadagi klub safida maydonga tushishni istardi.

“Kanonirlar” bilan shartnomasi yakuniga etgach klubsiz qoldi. Ispaniya qaytdi va futbolga qaytish orzusi bilan yashadi. “Alaves” bilan kelishuvga erishdi va jamoa yoshlari bilan shug‘ullanishni boshladi.

Keyin “Vilyarreal” futbolchiga yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu jamoa Santi uchun qadrdon hisoblanadi. 2018-yil yozida mavsumoldi tayyorgarligining bir qismini “Sariq submarinalar” safida o‘tkazdi. “Erkules” bilan o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida Kasorla zahiradan maydonga tushayotganda butun stadion uni o‘rnidan turgan holda kutib oldi. 6-avgustda esa “ Vilyarreal” futbolchi bilan 2 yillik shartnoma imzolaganini e’lon qildi.

Juda uzoq muddatlik jarohatdan so‘ng futbolchi yana maydonga qaytdi. Yana o‘sha qadrdon Ispaniyasida futbol o‘ynayapti.

“Har safar shanba kelganda, men maydonga tushishimni o‘ylasam, bu tush emas, haqiqat ekanligiga o‘zimni ishontirishga urinaman! Men maydonda o‘tkazadigan har bir daqiqamni qadrlayman.Ba’zi futbolchilar norozi bo‘lishadi, zahiradan o‘yinni kuzatganlarida, aynan ular bilan birga zahiradan o‘yinni kuzatishga bo‘lsa-da men shifoxonada kasallik bilan kurashdim.” – degan edi Kasorla.

Hozirda “ Vilyarreal ” evorkuboklar zonasi uchun kurashayotgan jamoa hisoblanadi. Kasorla jamoa safida porlayapti. 4 ta gol va 4 ta assistentlik. 34 yoshli futbolchi uchun, bir necha yil jarohat bilan kurashgan futbolchi uchun ajoyib natija.

Kasorlaning tajribasi unga Ispaniyadagi yarim himoyachilar ichida etakchilardan bo‘lishini ta’minlab beradi. La Ligada u 10 ta samarali to‘p uzatishni amalga oshirdi. Undan faqatgina “Sevilya” futbolchisi Xesus Navas ko‘proq to‘p uzatgan.

Kasorla mavsum so‘ngiga qadar jamoaning evrkuboklar zonasida qolishiga yordam bera oladi. Balki jamoa kuchli 4 talikka kirib, kelasi mavsum Chempionlar Ligasida qanashar. Santining jamoasida “Granada” “Sevilya”, “Real Sosedad”, “Atletik” kabi jamoalar bilan kurashda bemalol yutib chiqishga imkoniyat bor. Yuqoridagi 3 talik esa har doimgidek band. Santi Kasorla ham intervyularida jamoasi muvaffaqiyati uchun qo‘lidan kelgancha yordam bermoqchi ekanligini aytib o‘tdi.

Santining maydonga qaytishi, oxirgi yillardagi Ispaniya tarixidagi eng hurmatga sazovor voqeaga aylandi. U “Arsenal”ga o‘tmasdan avvalroq ham, jarohatlar girdobida qolishidan avval ham mashhur edi. Ammo shuncha paytlik jarohatdan so‘ng ham maydonga qaytib, yuqori natijalar qayd etayotgani uni Ispaniya afsonalari qatoriga qo‘shilishiga yordam berdi. Kasorla tushayotgan har bir o‘yinda muxlislar uni olqishlashmoqda. Hatto, u raqib maydoni bo‘lsa-da. O‘tgan oyda “Kamp Nou”da “Barselona”ga qarshi bahsda maydonga tushganida ham, butun stadion uni olqishladi. Jamoasi 2-1 ga yutqazgan bo‘lsa-da, u “ Vilyarreal ”dagi yagona golga mualliflik qildi. O‘sha gol juda chiroyli urilgandi.

Dekabr o‘rtalarida Kasorla 35 yoshni qarshi oladi. Ha, uning faoliyatidagi yorqin yillar ortda qolyapti. Balki, shu mavsum, yoki kelasi mavsum u uchun eng oxirgisi bo‘lar. Lekin shuncha paytlik kasallikni engib o‘tib, maydonga tushish orzusi bilan yashagan va maydonga qaytgach ham o‘zini yuqori o‘yinini namoyish etgan Kasorla hurmatga sazovor. Uning faoliyati hali ancha yodga olinadi. Hozir uning o‘yinidan zavq olishni imkoni bor ekan, maydonda o‘tkazayotgan har bir daqiqasini kuzatish kerak. Zero, bunday jasoratli futbolchilar, futbol uchun jonini-da berishga tayyorlar har doim qadrda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!