
Hamyurtimiz Xitoy chempionatida o‘ynayveradi! Yoxud Islom To‘xtaxo‘jaev klubidan ketmaganini ma’lum qildi
Tajribali himoyachi Islom To‘xtaxo‘jaev faoliyatida yangi sahifa ochish maqsadida klubini o‘zgartirganidan xabaringiz bor. Shu kungacha asosan o‘zimizning chempionatda to‘p surib kelgan futbolchi 2019 yilning 30 dekabr kuni Xitoy birinchi divizion vakili “Shenyang Urban” klubi bilan shartnoma imzolaganligi rasman e’lon qilingandi. Natijada To‘xtaxo‘jaevning “Lokomotiv”dagi faoliyati tugab, yangi klubidagi hayoti boshlandi deb o‘ylagandik. Lekin keyingi voqealar rivoji qanday tus olganini endilikda hamma yaxshi biladi.
Ko‘rinmas ajal nomi bilan paydo bo‘lgan “Koronavirus” tufayli sportga va xususan futbolga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Xitoyda paydo bo‘lgan ushbu virus sababli dastlab Xitoy chempionati noma’lum muddatga qoldirildi. Oqibatda futbolchilar majburiy ravishda tanaffusga chiqishdi. Masalan, Odil Ahmedov vaqtinchalik Namanganga kelib ketib yuribdi. Islom To‘xtaxo‘jaev esa qaerda? Oxirgi paytlarda ushbu o‘yinchi haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Ya’ni, “Koronavirus” sababli futbolchimiz Xitoy klubidan ketgani haqida ham gap-so‘zlar quloqqa chalindi. Lekin hech bir manbada To‘xtaxo‘jaevning klubdan rasman ketgani haqida xabar chiqmadi. O‘z navbatida uning yurtimizda yurganidan foydalanib boshqa klublarga o‘tishi mumkinligi borasida ham xabarlar chiqdi. Aytaylik, To‘xtaxo‘jaevga “Navbahor” jiddiy qiziqqani to‘g‘risida eshitdik. Albatta, majburiy ravishda jamoasiz yurgan o‘yinchining atrofida turli mish-mish va gap-so‘zlar tarqashi tabiiy. Balki chindan ham To‘xtaxo‘jaev keyinchalik “Shenyang Urban” bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish haqida o‘ylagandir. Bu borada futbolchining o‘zi bilan bog‘lanib vaziyatga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdik. Ammo Islom bu borada biroz kutib turishimizni, vaziyat o‘zgarsa o‘zi albatta aloqaga chiqishini aytgandi.
Darhaqiqat, To‘xtaxo‘jaev kutilmaganda yuz bergan bunday voqealardan keyin vaziyat qanday tus olishini kutgan va shunga qarab ish ko‘rishni o‘ylagan bo‘lsa ajab emas. Xullas, o‘quvchilarni Islomning keyingi taqdiri qanday kechishi qiziqtirayotgandi. Yurtimizda esa 7 mart kuni transferlar oynasi yopildi. Ko‘pchilik esa ushbu himoyachining hech bo‘lmaganda ushbu sanagacha biror-bir jamoamizda vaqtincha o‘ynab turishini ham ilgari surishayotgandi. Biroq To‘xtaxo‘jaev xususida hech qanday xabar yoki yangilik chiqmadi. Demak, bunday paytda o‘z-o‘zidan uning “Shenyang Urban” bilan tuzilgan shartnomasi o‘z kuchida ekanligini bildiradi, shunday emasmi? Futbolchi vaqt topib biz bilan bog‘langanida unga birinchi bergan savolimiz “Shenyang Urban”dan ketgan yoki ketmaganligiga oydinlik kiritdik. Futbolchi esa qisqacha shunday dedi: “Men hali ham “Shenyang” klubining a’zosiman!”. Shundan so‘ng To‘xtaxo‘jaev bilan yana suhbatni davom ettirib, yana boshqa masalalarga ham oydinlik kiritdik.
- “Lokomotiv” tarkibida bir necha mavsum davomida barqaror o‘ynab, sovrinlar qo‘lga kiritilishiga katta hissa qo‘shdingiz. Ammo ko‘plab etakchilar qatorida siz ham u erdan ketdingiz. “Loko”ning o‘tgan mavsumni sovrinsiz tugatgani ketishingizga asosiy sabab bo‘ldimi?
- Umuman olganda, men o‘zimni chetda sinab ko‘rishni istagandim. Bor gap shu. Bundan boshqa sabab yo‘q.
- “Shenyang Urban” klubiga qachon qo‘shilasiz?
- Nasib qilsa, shu kunlarda mashg‘ulotlar boshlanadi. O‘z navbatida ushbu klub bilan shartnoma imzolashimda menga yuridik tomondan yordam bergan San’at Sharipov hamda xitoylik Aron Rongga ham rahmat aytmoqchiman.
- Ular agentlaringizmi?
- Ha, ikkalasi menga yordam berishdi.
- Shuningdek, sizni yana “Lokomotiv”ga qaytishingiz mumkinligi haqida ham eshitgandik. Bu rostmidi?
- Yo‘q, chunki men Xitoy klubi bilan shartnoma tuzib bo‘lgandim. Sport formamni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun AGMK va “Lokomotiv” jamoalarining mashg‘ulotlarida shug‘ullanib turdim. Buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
- Yangi klubingiz oldiga qo‘yilgan maqsad qanday?
- Biz Xitoy Superligasiga chiqish uchun kurashamiz. Bu jamoamizning asosiy maqsadiga aylangan.
- Umuman olganda, “Koronavirus” tufayli Xitoydagi legioner futbolchilarda xadiksirash bor edi. Bu borada esa sizdagi vaziyat qanday edi?
- Shu sababli ham men ikki oy davomida u erga bormadim. Endi esa vaziyat asta-sekin barqarorlashib bormoqda. Shuning uchun jamoamizning mashg‘ulotlari ham boshlanyapti.
- Bunday paytda tushkunlikka tushib qolmadingizmi? Boisi sizni shartnomani bekor qilganingiz haqida ham eshitgandik...
- Yo‘q, hammasi yaxshilikka deyishadi-ku...
- Oila-a’zolaringiz sizning Xitoyga yo‘l olishingizga va u erdagi vaziyat bo‘yicha qanday munosabatda bo‘lishdi?
- Albatta, ular ham xavotirda bo‘lishdi. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Lekin sizni Xitoyga ketganingizdan xabar topganimizda avvaliga Samvel Babayan boshchiligidagi jamoaga qo‘shilsa kerak deb o‘ylagandik. Chindan ham sizga taklif bilan chiqqanmidi?
- Taklif yo‘q edi. Lekin ko‘pchilik meni Babayan jamoasiga o‘tadi deb o‘ylashgan ekan.
- Umuman, Xitoy klubiga o‘tgach, sobiq murabbiyingiz bilan u erdagi chempionat haqida muloqot qilish imkoniyati bo‘ldimi?
- U erga o‘tishimdan oldin ham maslahatlashgandim. Hozir ham u bilan doim aloqada bo‘lib turibmiz.
- Islom, yangi jamoangizdagi futbolchilar bilan tanishish imkoni bo‘ldimi? U erdagi muhit qanday ekan?
- Yo‘q, hali tanishishga ulgurmadim. Ko‘pchilik futbolchilar o‘zgargan. Tarkibga yangi yigitlar qo‘shilishgan. Masalan, Kongo, janubiy koreyalik o‘yinchilar kelishgan. Ikki oy oldingiga qaraganda ko‘p futbolchilar almashgan.
- Qiziq, aynan Xitoy chempionatiga ketishingizga asosiy sabab nima yoki kim turtki bo‘ldi?
- Hammasi oddiy. Yuqorida aytib o‘tganimdek, men o‘zimni chetda sinab ko‘rmoqchi edim, shu xolos. Shuningdek, yangi jamoamning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari ham yoqdi. Shuning uchun bu jamoada to‘p surishga rozi bo‘lganman.
- Sizningcha, “Lokomotiv” o‘tgan mavsumda nima sababdan sovrinsiz qoldi deb o‘ylaysiz?
- Shunchaki, o‘tgan yili “Paxtakor” jamoasi har tomonlama kuchlilik qildi.
- Yangi mavsumda sobiq jamoangizning imkoniyatini qanday baholaysiz? Tarkibdan ko‘plab etakchilar ketishdi, ustiga-ustak klub Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichiga chiqa olmadi, pley-offning ilk raundidayoq Tojikiston klubiga yutqazib hammani ajablantirdi...
- Ha, o‘sha mag‘lubiyat meni ham ajablantirib qo‘ydi. Chunki “Lokomotiv”ning Tojikiston jamoasiga mag‘lub bo‘lishini hech kim kutmagandi. Bir tomondan qaraganimizda “Lokomotiv”ni ko‘plab o‘yinchilar tark etishdi. Yangi shakllantirilayotgan jamoaning esa ilk rasmiy uchrashuvda g‘alaba qozonishi ham qiyinroq edi. Lekin mavsum davomida klub o‘z o‘yinini maromiga keltirib oladi deb umid qilaman.
- Shuningdek, olimpiya terma jamoamizning Olimpiada musobaqasiga chiqa olmaganiga qanday munosabat bildirasiz?
- Nimaga chiqa olmagan bo‘lishimiz mumkin? Albatta, kuchimiz etmaganligidan! Futbolchilarga esa e’tiroz yo‘q, ular borlarini berib o‘ynashdi.
- “Lokomotiv” va uning muxlislariga qanday gapingiz bor?
- “Lokomotiv”ni o‘z uyim desam ham bo‘ladi. O‘z uyimni qanday sog‘insam, “Loko”ni ham xuddi shunday sog‘inaman. O‘tgan umrimning 8 yilini ushbu jamoada o‘tkazdim. Hamma-hammaga: stadion xodimlaridan tortib jamoa rahbarlarigacha rahmat deb qolaman. Bu klub har doimgidek yana chempionlik uchun kurashadi deb duo qilamiz va butun oilamiz bilan muxlislik qilamiz.
Fikrlar