"Hech kimni xafa qilgim kelmayapti-yu..." - Oybek Usmonxo‘jaev Shatskix jamoasiga qanday futbolchilarni etkazib beryapti?

  • 8 yanvar, 2023, 23:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol auditoriyasidagi yoshi ulug‘ muxlislar Oybek Usmonxo‘jaevni yaxshi eslab qolishgan. To‘purar hujumchi sifatida o‘z ishqibozlariga ega edi. Hozirgi kunda murabbiylik ishiga sho‘ng‘ib ketgan Usmonxo‘jaev ikki yildan beri “Paxtakor” U-21 jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelmoqda va chempionatda ketma-ket ikki mavsum 3-o‘rinni egallab kelishmoqda.

Tecno

Ayni paytda ushbu murabbiy o‘z jamoasi bilan yangi mavsumga tayyorgarligini davom ettirmoqda va “Paxtakor”ning asosiy tarkibi uchun iqtidorli yoshlarni etishtirishga harakat qilyapti. “Paxtakor” U-21 jamoasining “Andijon”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng Oybek Usmonxo‘jaev bilan suhbatda bo‘ldik.

- Ushbu o‘rtoqlik uchrashuvi “Andijon” uchun ham, “Paxtakor” U-21 uchun ham zarur edi. Bosh murabbiy sifatida o‘yindan qanday xulosa chiqardingiz?

- Qanday xulosa chiqarishim mumkin? Avvalo, aytishim kerakki, “Andijon” klubi Superligaga chiqdi va ularga omad tilayman. Bu uchrashuv orqali shogirdlarimizni keyinchalik nima qila olishlari mumkinligini ko‘rib oldik. Ayniqsa, katta futbolchilar orasida o‘zimizning yigitlarni imkoniyatlarini chamalab oldik. Bizga shunisi kerak edi. Qaysi bola bizda o‘ynay oladi, qaysi bola asosiy tarkibga o‘tadi? Hammasini ko‘rib chiqamiz.

oybek2

- “Andijon” ko‘rsatgan o‘yin borasida nima degan bo‘lardingiz?

- Ko‘rinib turibdiki, ularda katta “nagruzka” bo‘lgan. “Andijon”ni o‘z rejasi bor. Tarkibdagi futbolchilari tajribali. O‘ynaydigan yigitlar. Bizga dars berishdi.

- Superligadagi imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Biror nima deya olmayman. Yaxshi murabbiy bor va jamoani yaxshi tayyorlay oladi. Qaerda ishlagan bo‘lsa ham yaxshi taassurot qoldirgan. Menimcha, “Andijon” chempionatda raqiblariga muammolar tug‘dira oladi.

oybek1

- Uchrashuvni “Paxtakor” bosh murabbiyi Maksim Shatskix stadionda kuzatib bordi. Uning tribunada ekani shogirdlaringizga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

- Yosh bolalar bosh murabbiy kelganida har doim harakat qiladi. Bu turgan gap. Shatskix asosiy jamoada qanday ish qilayotgan bo‘lsa, biz ham o‘rinbosarlar bilan shunga o‘xshab ish ko‘ramiz. Qo‘l ostimizdagi futbolchilarni tezroq o‘sishini istaymiz.

oybek

- Muxlislar sizni o‘z vaqtida qanday futbolchi bo‘lganingizni yaxshi bilishadi. Hozirda murabbiy rolidasiz. Futbolchilikdagi statusingizni murabbiylikda ham saqlab qolish qanchalik qiyin kechyapti, deb o‘ylaysiz?

- Albatta qiyin bo‘ladi. Lekin harakat qilamiz. Har qanday askarni ham general bo‘lgisi keladi-ku (kuladi). Ha, murabbiylik ishi qiyin. Futbol o‘ynagan paytlarimizda bunday narsalarni o‘ylamasdik. Ammo harakatdan to‘xtamaymiz.

- Murabbiylikdagi asosiy maqsadingiz qanday?

- Birinchi maqsadimiz, shu tarkibdagi o‘yinchilarni tezroq asosiy tarkibga munosib sifatida etkazib berish. Qolganini keyin o‘ylaymiz.

oybek4

- Zo‘r hujumchi bo‘lgansiz. Shunday ekan, hozirgi vaqtda avvalgidek to‘purar hujumchilar etishmayapti, qabilidagi fikrlarni ko‘p eshitamiz. Bunday qarashlarga qo‘shilasizmi?

- Hech kimni xafa qilgim kelmayapti-yu, rosti, yaxshi hujumchilar etishmayapti. To‘g‘ri, hujumchilar bor. Balki ularga o‘z vaqtida to‘pni etkazib beradiganlar kamroqdir yoki himoyachilar kuchliroqdir. Futbol o‘syapti. Hozir taktika bo‘yicha hamma tayyorlanishni bilyapti. Raqibda qanday hujumchilar borligiga qarab himoyachilar ham tayyorlanyapti.

oybek3

- Shatskix ham ajoyib hujumchi bo‘lgan. Uni murabbiylik ishini kuzatyapsiz. Undan o‘zingiz uchun murabbiylikda qanday yangiliklarni olyapsiz?

- Ko‘proq evropacha uslubni qo‘llayapti. O‘zi ham yaxshi klublarda o‘ynagan. Ko‘p narsani biladi. Tabiiyki, undan ancha-muncha bilimlarni olyapmiz. Endi natijani ko‘ramiz. Qaysidir futbolchilarimiz Shatskix jamoasiga tushadigan bo‘lsa, demak, biz to‘g‘ri ishlayotgan bo‘lamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
08/01/2023 23:36
Ойбек ака менинг кумирим булган щунаканги яхши курардим уйинларини углимни исмини Ойбек куяман деб юрардим. Ойбек ака ман учун Хар тарафлама яхши инсон