
Himoyalanishni “yorvorgan” Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Angliya Premer-ligasining 27-turida “Manchester Siti” Londonga safar qilib, “Tottenxem” maydonidan uch ochko olib qaytdi.
Xosep Gvardiola shogirdlariga uch ochko keltirgan yagona golni jarohatdan qaytgan Erling Xoland urdi.
“Tottenxem”ning qaqshatqich hujumlarini qaytarishda esa, himoyani mustahkam ushlagan Abduqodir Husanov alohida jonbozlik ko‘rsatdi.
Nufuzli manba – cityxtra.co.uk portali ekspertlari “Manchester Siti” o‘yinchilarining harakatlarini baholashda Erling Xoland va Abduqodir Husanovga eng yuqori ball bergani aynan mana shu ikki futbolchi bellashuv qahramonlaridan bo‘lganidan dalolat beradi.
Ederson – 8,5:
Uchrashuvning asosiy qahramoni sifatida braziliyalik darvozabonni ko‘rsatish mumkin. Bu bahs Edersonning joriy mavsumdagi eng zo‘r o‘yinlaridan bo‘ldi.
Mateus Nunes – 6:
“Manchester Siti”ning 27-raqamli o‘yinchisi birinchi bo‘limda juda yaxshi natijalarni qayd etdi. Biroq o‘yinning ikkinchi yarmida himoyada muammolarga duch keldi.
Abduqodir Husanov – 8:
Yanvarda tarkibga qo‘shilgan o‘zbekistonlik himoyachi juda tez va qisqa muddatda “Manchester Siti”ning eng muhim o‘yinchilaridan biriga aylanib bormoqda. Yuqori darajada himoyalanayotgan o‘zbek futbolchisining “Chelsi”ga qarshi debyut o‘yinini umuman unutib yuborsak ham bo‘ladi. Husanov himoyadagi ishlarni tartibga soldi va o‘z hisobiga yana bir zo‘r uchrashuvni yozdirib qo‘ydi.
Ruben Dias – 7:
“Shaharliklar” sardori juda kam xato qildi. Uning Abduqodir Husanov bilan hamkorlikdagi o‘yini “Manchester Siti” muxlislariga manzur keldi. Ular bu ikki o‘yinchining kelajakda ham himoyani mustahkam ushlashidan umidvor.
Yoshko Gvardiol – 6:
Xorvatiyalik futbolchi umuman olganda himoyaning chap qanotida ancha ishonchli o‘ynadi. Biroq bahs davomida shoshib qolgan vaziyatlar ham bo‘ldi.
Niko Gonsales – 6:
Transfer oynasi yopilishi arafasida kelgan bu yangi futbolchi ham “Manchester Siti” tarkibiga o‘rnashib oldi. Niko to‘pni nazorat qilishga yordam berdi.
Mateo Kovachich – 7:
Tajribali yarim himoyachi butun uchrashuv davomida maydon markazida tartib o‘rnatdi va uni nazorat ostida ushladi. Paslari va to‘pni ushlab turish mahorati ko‘zga tashlandi.
Umar Marmush – 5:
Uchinchi yangi o‘yinchi ham uchrashuvga ta’sir o‘tkazish uchun jon jahdi bilan harakat qildi. Ammo raqib himoyachilari unga imkoniyat bermadi. Natijada Marmush Fil Fodenga o‘rnini bo‘shatib berdi.
Jeremi Doku – 7,5:
Dribling ustasi bo‘lgan Doku birinchi bo‘limda mezbonlar himoyachisi Pedro Porroni ancha qiynab qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda ham o‘z qanotida faol o‘ynadi.
Savino – 5:
Bu gal o‘yini kutilgan darajada bo‘lmadi. U hisobdagi farqni oshirish uchun juda zo‘r imkoniyatga ega bo‘lgandi. Lekin undan foydalana olmadi.
Erling Xoland – 8:
Norvegiyalik to‘purar maydonga qaytganini gol bilan nishonladi. Hujum chizig‘ida o‘tkir harakatlari va jismoniy quvvati bilan ajralib turdi.
Fil Foden – 6:
Angliya terma jamoasi o‘yinchisi 74-daqiqada maydonga tushib, maydon markazida ustunlikni ushlab turishga harakat qildi.
Bernardu Silva – 5:
Portugaliyalik yulduz bu gal o‘yinga ta’sir o‘tkaza olmadi. Shu bilan birga o‘yin ko‘rinishi buzgani ham yo‘q.
Fikrlar