
Husanov ortida dunyoning eng zo‘r darvozaboni turagan bo‘ldi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da o‘ynayotgani bois sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga ushbu jamoaga oid xabarlarni havola qilishni davom ettiradi.
“Manchester Siti” yangi mavsum oldidan yangi tarkib shakllantirmoqda. Jamoaga Abduqodir Husanovning olib kelish bilan boshlangan bu jarayon hali yana davom etadi. Deyarli barcha pozitsiyalarga yangi ijrochilar olib kelindi.
Endi darvozabonlar tarkibida ham o‘zgarishlar bo‘lyapti. “Byornli”dan klub tarbiyalanuvchisi Jeyms Trafford qaytarildi. Germaniyalik darvozabon Shtefan Ortega transferga qo‘yilgan. Asosiy golkiper Ederson transferi bo‘yicha “Galatsaroy” bilan muzokaralar davom ettirilmoqda.
Xosep Gvardiola esa, darvozani qo‘riqlashga jahonning eng kuchli darvozabonlaridan Janluiji Donnarummani olib kelmoqchi. Italiyalik posbon PSJni tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan.
Nufuzli manba – L'Équipe nashrining ma’lum qilishicha, 26 yoshli darvozabon “Manchester Siti” mutasaddilari bilan transfer borasida kelishuvga erishgan va bosh murabbiy Xosep Gvardiola bilan jamoadagi o‘rni haqida suhbatlashib olgan.
“Shaharliklar” Donnarumma transferiga 40 million evrodan ortiqroq mablag‘ yo‘naltirmoqchi. Klub Edersonni “Galasaroy”ga transfer qilishi bilan italiyalik posbonni Manchesterga olib kelishga kirishadi.
Janluiji Donnarumma “Manchester Siti” o‘yinchilari orasida Abduqodir Husanovni ayniqsa yaxshi taniydi. Legionerimiz Frantsiyadagi faoliyati davomida PSJ darvozasini qo‘riqlagan mashhur golkiperga qarshi o‘ynagan.
Yangi mavsumda Xosep Gvardiola himoya markazida Abduqodir Husanovga ko‘proq imkoniyat berishi kutilmoqda. “Palermo”ga qarshi o‘tkazilgan mavsumoldidagi yagona o‘rtoqlik o‘yinida ispaniyalik murabbiy himoya markazida Jon Stounz va Abduqodir Husanov tandemini ilk daqiqalardan o‘ynatdi. Ulkan tajriba va yoshlik shijoatini birlashtirgan bu tandemning o‘yini ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Ederson bo‘yicha yangi taklif beriladi
Turkiyaning eng qudratli klubi “Galatasaroy” asosiy darvozabon roliga Edersonni olib kelmoqchi. Turk klubi 31 yoshli golkiper bilan hamkorlik borasida kelishuvga erishgan.
Endi istanbulliklar “Manchester Siti” rahbariyatini braziliyalik futbolchini qo‘yib yuborishga ko‘ndirishi kerak.
“Galatasaroy” manchesterliklarga 7-8 million evro badal puli va qo‘shimcha bonuslar taklif qildi. Jurnalist Alfredo Pedullaning ta’kidlashicha, bu summa “shaharliklar”ni qoniqtirgani yo‘q.
Manbaga ko‘ra, turklar tez orada Ederson transferi bo‘yicha yaxshilangan yangi taklif tayyorlab, “Manchester Siti”ga jo‘natishi kutilyapti.
Ederson 2017 yildan beri “Siti” darvozasini qo‘riqlab keladi. O‘tgan yozda ham bu darvozabon Saudiya Arabistonidan kelgan takliflarni ko‘rib chiqqan edi. O‘shanda klub uni qo‘yib yubormagan. Bu gal vaziyat o‘zgardi.
“Siti”ni tark etgan yulduz qanday qilib yangi raqam tanlaganini aytib berdi
Angliya Premer-ligasining navbatdagi mavsumida “Manchester Siti”ning qimmatbaho o‘yinchisi Jek Grilish ijara asosida “Everton” sharafini himoya qiladi.
Angliyalik hujumkor futbolchi yangi jamoasida 18-raqam ostida o‘ynaydi. Grilish nega aynan shu raqamni olganini quyidagicha izohladi.
- Bu raqamni olishimga o‘ziga yarasha sabablar bor. Boshqa variantlar ham bor edi, lekin men eng ko‘p yoqtirgan ikki angliyalik futbolchi – Ueyn Runi va Pol Gaskoyn bu jamoada 18-raqamda o‘ynagan ekan. Buni bilishim bilan shu raqamni tanladim. Jamoaga o‘tishimdan oldin Runi bilan maslahatlashdi. 18-raqamni tanlaganimdan u ham mamnun bo‘lsa kerak, - dedi Jek Grilish.
29 yoshli Jek Grilish “Aston Villa” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. “Manchester Siti” uni 2021 yilning yozida rekord summa – 117,5 million evroga o‘z safiga qo‘shib olgan.
Grilishning manchesterliklar bilan shartnomasi 2026 yilning 30 iyuniga qadar davom etadi. Agar tomonlar yangi bitim imzolamasa, angliyalik yulduz kelasi yoz erkin agent maqomida o‘zi istagan klubga qo‘shilishi mumkin.
Fikrlar