
Husanov transferidan keyin “Siti” asosiy himoyachisidan voz kechdi!
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mamlakat kubogi doirasida “Solford Siti” ustidan 8:0 hisobida g‘alaba qozonilganidan keyin tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
Ispaniyalik mutaxassis etakchi himoyachi va jamoa sardori Kayl Uokerni ushbu uchrashuvda maydonga tushirmaganini uning klubni tark etishga qaror qilgani bilan izohladi.
- Kayl bir necha kun davomida faoliyatini xorijda davom ettirish bo‘yicha variantlarni o‘rganib chiqish uchun imkon berishni szradi. Futbolchi sport direktori Chiki Begiristaynga aynan mana shu masalada murojaat qilgan.
Shu bois men o‘tgan uchrashuvda bor fikru xayoli jamoada bo‘lgan o‘yinchilar xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rdim, - dedi Xosep Gvardiola.
34 yoshli Kayl Uoker “Sheffild Yunayted” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Angliya Premer-ligasida “Tottenxem”, KPR va “Aston Villa” kabi klublarda ham to‘p tepgan.
“Manchester Siti” 2017 yilning yozida uni “Tottenxem”dan 52,7 million evroga tranfer qilib, o‘z safiga qo‘shib oldi. Uoker jamoaning so‘nggi yillardagi ulkan muvaffaqiyatlarida juda katta rol o‘ynadi. U “shaharliklar”ning himoya chizig‘ini muvafaqqiyatli boshqarib kelgan.
Katta tajribaga ega futbolchi himoya o‘ng qanoti va markazida ishonchli o‘ynay oladi. Uoker joriy mavsumda barcha turnirlarda 18 marotaba maydonga tushdi. Biroq yoshi o‘tib qolayotgani bois asosiy tarkibda doimiy tarzda to‘liq o‘ynashga qiynalyapti.
Kayl Uoker umumiy hisobda klublar miqyosida 631 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqiblar darvozasini 12 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 52 ta golli pas uzatgan.
Uning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Agar himoyachi o‘ziga yangi jamoa topadigan bo‘lsa, xaridor “shaharliklar” g‘aznasiga ma’lum miqdorda badal puli o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
Transfermarkt portali o‘z davrida 50 million evroga baholangan Kayl Uokerni hozirgi transfer summasi 10 million evro ekanini qayd qilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Manchester Siti" O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchun "Lans"ga Kayl Uoker eng qimmat baholangan summa 50 million evro to‘lagani aytilmoqda.
Kayl Uoker 2011 yildan beri Angliya terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Mamlakat bosh jamoasi safida 93 marotaba maydonga tushib, bitta gol urishga ham erishgan.
Fikrlar