Islom Ahmedov klubini qanday qilib ikki marta chempionlikka etakladi? Uni nega iste’foga chiqarishdi? Keyingi rejasi qanday? Chempion murabbiy bilan suhbat

  • 14 dekabr, 2024, 15:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Ma’lumki, Qirg‘iziston chempionatida “Abdish Ata” klubini ketma-ket ikki yil mamlakat chempioniga aylantira olgan o‘zbek murabbiyi Islom Ahmedov kuni kecha jamoadan iste’foga chiqdi.

Tecno

Hamyurtimiz yakuniga etgan mavsumda Qirg‘iziston professional futbol ligasining va Qirg‘iziston futbolining eng yaxshi murabbiyi deb e’tirof etildi. Shunga qaramay, Ahmedov “Abdish Ata” bilan xayrlashdi. Sports.uz jurnalisti esa Islom Ismoilovichdan intervyu oldi.

- Islom Ismoilovich, yakuniga etgan mavsum bo‘yicha siz Qirg‘iziston professional futbol ligasining va Qirg‘iziston futbolining 2024 yildagi eng yaxshi murabbiyi bo‘lganingiz bilan tabriklayman. Bu siz uchun kutilgan jarayonmidi?

- Rahmat! Rostini aytsam, men ishlayotganimda bu haqida o‘ylamagandim. Hech bir murabbiy bu haqida o‘ylamaydi. Albatta, bu yoqimli. Ammo bu tan olish klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, birinchi navbatda jamoa va futbolchilarni o‘zlarining mehnati natijasidir. Busiz biz ichki chempionatda va xalqaro maydonda erishgan natijamiz imkonsiz bo‘lar edi.

- "Abdish Ata" klubini ikki yil boshqardingiz va ikkala yilda ham chempion qilishga muvaffaq bo‘ldingiz. Oldingizga chempionlik vazifasi qo‘yilganmidi?

- “Abdish Ata” klubida har doim faqat mamlakat chempioni bo‘lish vazifasi qo‘yiladi.

- Garchi klubni ketma-ket ikki yil chempion qilgan bo‘lsangizda u erdan ketdingiz. Buning sababi nima? Ochig‘i, iste’foingizga tushunmadim.

- 2023 yilgi mavsumda klubning shartlari mamlakatdagi eng yaxshilaridan biri edi. 2024 yilgi mavsumda premer-liga ishtirokchilarining barcha klublari bir xil bo‘ldi. Stadionlar, o‘quv-mashg‘ulot bazalari qurildi. Moliyaviy imkoniyatlar ancha yaxshilandi. Men har doim o‘sha paytda bo‘lgan sharoitlarda ishlayman. Rahbariyatga har doim jamoaga, murabbiylar shtabiga, menga yordam berishga va qo‘llab-quvvatlashga harakat qilganliklari uchun rahmat. Klub bilan mehnat shartnomam tugadi. Ular qilgan ishlar uchun menga minnatdorchilik bildirishdi. Jamoa rahbariyati shartnomani uzaytirish yoki uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ular uzaytirmaslikka qaror qilishdi. Ko‘rinishidan, 2025 yilgi mavsum uchun boshqa rejalari bor.

- Jamoani qanday qilib ketma-ket ikki yil chempionlikka etaklay oldingiz?

- Jamoa yaxshi futbolchilar bilan to‘ldirilgan edi. Men xohlagan o‘yin uchun jamoa mukammal o‘ynashi kerak edi. Futbolchilarga o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish va barcha rasmiy uchrashuvlarda, mamlakat chempionatida, OFK Kubogi o‘yinlarida ulkan fidoyilik, g‘oyalarim va yondashuvlarimni tushunishgani hamda qabul qilishgani uchun alohida minnatdorchilik bildiraman. Klub rahbariyatiga hamda bizning murabbiylar shtabimizga ishonch, qo‘llab-quvvatlash uchun rahmat. Bularning barchasi muvaffaqiyatga olib keldi.

- Qirg‘iziston chempionatida eng yaxshi moliyaviy baquvvat klub "Abdish Ata"mi?

- “Abdish Ata” klubi 2023 yilgi mavsumda 10 ta jamoadan 4-5 tasi moliyaviy imkoniyatga ega edi. 2024 yilgi mavsumda esa barcha klublarning moliyaviy imkoniyatlari tenglashdi. Albatta, moliyaviy imkoniyatlarga ega va biznikidan yaxshiroq bo‘lgan jamoalar mavjud. Yana bir savol: bu imkoniyatlarni kim va qanday boshqaradi? Bizning klubimiz buni yaxshiroq bajardi.

- Oldingizda aniq takliflar bormi? Keyingi rejangiz qanday?

- “Abdish Ata” futbol klubi rahbariyatining rasmiy qarori chiqqanidan so‘ng menga juda qiziqarli taklif keldi. Professional futbol klubini uzoq muddatli asosda tashkil etishga yangi yondashuv. 10 yil davomida men futbol akademiyalari rahbari bo‘lib ishladim. Butun Osiyo bo‘ylab FIFA va OFK yo‘nalishlarida murabbiylarni o‘qitdim. 2023 va 2024 yilgi ikki mavsumda murabbiy sifatida faoliyat olib bordim. Butun ish tajribamni hisobga olgan holda menga ushbu loyihada ishtirok etish taklif qilindi. Shartnoma imzolanmaguncha bu qaysi klub ekanligini ayta olmayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davlatbek Alibekov
14/12/2024 20:28
Ислом ака яхши тренир агар Нефтчига келса яхши бу'лади