
Islombek Isoqjonov: “Navbahor” doim Oliy ligada o‘ynab kelgan va bundan keyin ham o‘ynaydi
Xabaringiz bor, bundan biroz avval Toshkentdagi TTMI o‘yingohida 2017 yilgi Oliy liga musobaqasida ishtirok etish uchun Namangan viloyatining ikki jamoasi o‘zaro maydonga tushdi.
Yakunlangan mavsum Oliy ligada 15-o‘rinda yakunlagan “Navbahor” 1-ligani ikkinchi pog‘onada tugatgan “Norin” jamoasi bilan kuch sinashdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘tgan bahsda raqibidan ko‘ra mahoratliroq hisoblangan “lochinlar” 3:1 hisobda zafar quchishdi va yangi mavsumni yana kuchlilar safida boshlaydigan bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng uchrashuvdagi dastlabki gol muallifi bo‘lgan “Navbahor” futbolchisi Islombek Isoqjonov sports.uz muxbiriga o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Avvalambor “Navbahor”ning barcha muhlislarini bugungi muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun har ikkala jamoaga ham qiyin bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Uchrashuvni deyarli bir kishi kam bo‘lib o‘tkazganimizga qaramay g‘alaba qozonganimizdan hursandman.
Bugungi g‘alabada murabbiylarimizning mehnatlari beqiyos. Qolaversa, jamoadoshlarimga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular bugun maydonda bir oiladek harakat qilishdi.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, “Navbahor” doim Oliy ligada o‘ynab kelgan va bundan keyin ham o‘ynaydi”, - deydi mahoratli futbolchi.
Fikrlar